Munosabat
Muhimi, bunday hisobraqamlar nafaqat banklar, balki notariuslar tomonidan ham ochilishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 sentyabr kuni qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida uy-joylar qurilishida aldov, tushunmovchiliklarga barham berish uchun uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli “eskrou” tizimi joriy qilinishi qayd etildi.
Xo‘sh, eskrou nima o‘zi? Bu tizim uy-joy quruvchilari bilan qurilishi tugallanmagan uylarni sotib oluvchilar o‘rtasida hozir uchrayotgan qanday muammolar va nizolarga yechim bo‘la oladi? Shu haqda kengroq to‘xtalamiz.
Olimlar bilan bo‘lgan suhbatlarda eskrou tizimini milliy qonunchiligimizga joriy qilish haqidagi fikrlarni eshitganman. Tizim haqidagi nazariy ma’lumotlar bilan tanishib, bu institut amaldagi akkreditiv shartnomasiga konstruktiv jihatdan o‘xsharkan, degan fikrga borganman.
Endilikda mamlakatimiz ham uy-joy sotib olishda eskrou tizimi joriy qilinadi.
Eskrou – inglizcha “escrow” so‘zidan olingan bo‘lib, pul yoki mol-mulkni saqlash, degan ma’noni anglatadi. Buning mohiyati ishning buyurtmachisi, xizmatning buyurtmachisi yoki tovar oluvchisi tomonidan to‘langan pullar, ikkinchi tomondan o‘z majburiyati lozim darajada bajarilmagunga qadar to‘langan mablag‘lar muzlatilgan holda uchinchi shaxs tomonidan saqlanishini nazarda tutuvchi huquqiy mexanizm hisoblanadi.
Bunda, ishni bajaruvchi, xizmat ijrochisi, tovarni topshiruvchida ishni bajargan, xizmatni ko‘rsatganidan yoxud tovarni topshirganidan keyin uning haqini ololmaslik xavfi kamayadi. O‘z navbatida, ikkinchi tomonda pulini to‘laganidan so‘ng ish, xizmat va ashyodan quruq qolish xavfini kamaytiradi
Anglo-sakson huquq oilasi va romano-german huquq oilasida “Escrow” (inglizcha) va “Treuhand” (nemis) mexanizmlari keng tarqalgan. Germaniyada eskrou hisobraqam ochish va uni yuritish bo‘yicha xizmatlarni nafaqat banklar ko‘rsatishi, balki notariuslar, soliq agentlari, auditorlar hamda advokatlar ham amalga oshirishi mumkin.
Misol uchun, notarius tomonidan ochilgan eskrou hisobvarag‘iga ko‘ra (Notar-Anderkonto) notarius oldi-sotdi shartnomasining bajarilishini nazorat qilib boradi hamda shartnoma shartlari bajarilgandan keyin pulni sotuvchiga berishi mumkin bo‘ladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: biz hali qonunga eskrou hisobvarag‘i shartnomasiga oid normalarni kiritmasdan turib bunday shartnomani tuza olamizmi? Albatta. Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti professori Q. Mehmonov yaqinda e’lon qilgan maqolalarida ham ta’kidlab, Fuqarolik kodeksining 354-moddasida taraflar qonunchilik nazarda tutilmagan shartnomani ham tuzishi mumkin, degan fikrni ilgari surgan.
Demak, bunday huquqiy mexanizmdan foydalanishning imkoni mavjud. Fuqarolik qonunchiligida qonun bilan taqiqlanmagan munosabatga kirishishga, jumladan, shartnomalar tuzishga hech qanday cheklov yo‘q.
Rossiya Federatsiyasi Fuqarolik kodeksining 860-7-moddasi eskrou hisobraqam shartnomasi haqida bo‘lib, eskrou hisobvaraq shartnomasi bo‘yicha bank (eskrou agent), agar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lsa, hisobvaraq egasidan (depozit qo‘yuvchidan) olingan mablag‘larni boshqa shaxs (benefitsiar)ga o‘tkazish maqsadida hisobga olish va xatlash uchun maxsus eskrou hisobvarag‘ini ochadi. Eskrou hisobvarag‘ida saqlanayotgan pul mablag‘lariga nisbatan huquqlar benefitsiarda hisobvaraqdagi pullarni olish huquqi paydo bo‘lgunga qadar depozit qo‘yuvchiga tegishli bo‘ladi, undan so‘ng benefitsiarga tegishli bo‘ladi.
Mazkur mexanizmning mamlakatimizda fuqarolik shartnomalarini tuzish va ularni ijro qilishda faol qo‘llanilishi fuqarolarimizning mulkiy huquqlari buzilishi, pul to‘lab, keyin mol-mulksiz qolishi va boshqa yuz berishi mumkin bo‘lgan noinsof xatti-harakatlarning oldini olishga yo‘l ochadi. Qolaversa, bu sudlar tomonidan ko‘rilayotgan nizolar sonining kamayishiga ham xizmat qiladi.
Gulruh MAMARAIMOVA,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur
tumanlararo sudining sudyasi.
O‘zA
- Qo'shildi: 25.09.2024
- Ko'rishlar: 1008
- Chop etish