Fikrni erkin ifoda etishning xalqaro andozalari

Xalqaro huquq bilan ichki huquq, ya’ni milliy qonunchilik o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlik masalasi har qanday mustaqil davlat uchun dolzarb hisoblanadi. Chunki ushbu muhim omil davlat mustaqilligi prinsipiga amal qilish va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish jarayonlariga bevosita bog‘liqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi “Muqaddima”sida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligi tan olinishiga urg‘u berilgan. Ya’ni, ushbu konstitutsiyaviy norma inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilish faqatgina davlatning ichki ishi emasligini anglatadi.

Bunday yondashuv so‘z erkinligi, fikrni ifoda etish erkinligi va saylov huquqiga ham bevosita daxldordir. Saylov jarayonlarida so‘z erkinligini ta’minlashga doir xalqaro huquq normalari va huquqiy andozalarga amal qilishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni hamda ahamiyati quyidagi inson huquqlari:

birinchidan, insonning o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqi;

ikkinchidan, siyosiy jarayonda, ya’ni saylovda ishtirok etish huquqi to‘la ta’minlanishi bilan belgilanadi.

Saylovlar davrida fikrni ifoda etish erkinligi:

birinchidan, ommaviy axborot vositalarining saylov jarayonlarini erkin yoritish huquqini;

ikkinchidan, barcha nomzodlar va partiyalarning o‘z murojaatlarini saylovchilar e’tiboriga yetkazish huquqini;

uchinchidan, saylovchilarning nomzodlar va partiyalar, shuningdek saylov jarayoni haqida axborot olish huquqini ta’minlash uchun zarur.

Shu bilan birga, hozirgi vaqtda dunyoda fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, erkin demokratik adolatli saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasiga doir yigirmadan ziyod xalqaro normativ-huquqiy hujjat mavjud.

Saylov huquqi sohasiga taalluqli xalqaro prinsiplar va andozalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining qator xalqaro universal hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan. Bu o‘rinda, xususan:

  • Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasi;
  • Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 25-moddasi;
  • Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning 5-moddasi;
  • Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 6-moddasi haqida so‘z bormoqda.

So‘z va fikr erkinligi hamma fuqarolarga tegishli. Saylovchilarning bu boradagi erkinliklari ta’minlanishi, shubhasiz, ularning to‘la va aniq axborotga ega bo‘lish huquqi nechog‘lik ijobat etilishida namoyon bo‘ladi. Siyosiy partiyalar va nomzodlarning bunday erkinliklari esa o‘z qarashlarini erkin, hech qanday soxtalashtirishlarsiz bayon eta olish, shuningdek bu fikrlar saylovchilarga tushunarli bo‘ladigan darajada yetarli vaqtga ega bo‘lish layoqatiga bog‘liq.

Ommaviy axborot vositalari erkinligi, o‘z navbatida, hokimiyat vakillarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni va boshqa bahslashayotgan kuchlarni hech qanday moneliksiz savolga tutish, har qanday senzura, qo‘rqitish yoki siyosiy tazyiq o‘tkazishdan xoli ravishda tanqid qila olish huquqining ro‘yobga chiqishini anglatadi.

Ana shu erkinlik ijobati sifatida namoyon bo‘ladigan jurnalist so‘zi ko‘pincha jamoatchilik fikrini tubdan o‘zgartirishga qodirdir. Bunday mas’uliyat ommaviy axborot vositalarining saylov jarayonlarini yoritish bilan bog‘liq faoliyati amaldagi qonunchilikka to‘la mos kelishini, hamkasblarimiz esa imkon qadar xolislik, siyosiy va huquqiy savodxonlik talablariga javob berishini taqozo etadi.

Shu ma’noda, saylovlar ommaviy axborot vositalari uchun hamisha jiddiy sinov bo‘lib kelgan. Saylov huquqi va erkinligining ta’minlanishi, saylovning ochiqligi, oshkoraligi ko‘p jihatdan matbuot, boshqa ommaviy axborot vositalari saylov jarayonlarini nechog‘lik erkin va demokratik tarzda yoritishiga bog‘liq. Zero, so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi demokratiyaning o‘ziga xos belgisi hisoblanadi.

So‘z va fikr erkinligi – demokratiya belgisi. Demokratiya va saylov tushunchalari esa doimo yonma-yondir.

Saylov – demokratiya degani, o‘z galida, demokratiya – bu saylov deganidir.

Aynan saylov paytida siyosiy partiyalar o‘zlarining asosiy va ustuvor fikr-qarashlarini, hayotni qanday yaxshilash, islohotlarni qanday amalga oshirish, O‘zbekiston deb atalmish mustaqil davlatning ertangi hayotini qanday barpo etish borasidagi g‘oyalarini ilgari suradi.

 

G‘.Mirzoning “So‘z erkinligi va saylov huquqi –

xalqaro andozalar o‘lchamida” maqolasidan;

 “Demokratlashtirish va inson huquqlari”  jurnali,

2021 yil 3-son.

 

Powered by GSpeech