Fuqarolarning teng huquqliligi kafolatlanadi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan muhim qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Dastlab bir guruh deputatlar tomonidan tashabbus qilingan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi. Mazkur Konsepsiya loyihasini qonun bilan tasdiqlash nazarda tutilgan.

Majlisda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini kafolatlashda mustahkam zamin bo‘ldi.

2017-yildan keyin fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini amalga oshirish, konfessiyalararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha ishlar yangicha mazmun kasb etdi. Davlat tarixiy, diniy, madaniy ahamiyatga ega binolarni obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Ziyorat turizmini sifatli tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston uchun haj kvotasi 3 barobar oshirildi, umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Natijada Saudiya Arabistoniga qariyb 800 ming musulmonlar haj va umra ziyoratini amalga oshirish uchun borishdi.

Diniy ta’lim tizimi rivojlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 ta oliy islom ta’lim muassasasi, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi, shuningdek, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2018 yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Ilmiy-amaliy yondashuv asosida islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlar merosini o‘rganish, diniy taassublar bilan bog‘liq xavflarning mafkuraviy asoslarini tadqiq etish maqsadida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat ko‘rsata boshladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklashga qaratilgan g‘oya va qarashlar tarqalishi holatlari uchramoqda.

Ayni paytda tashabbus qilingan hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.

Konsepsiyada belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalarining qarori bilan parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Konsepsiyaning qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, dunyoviylikni turlicha talqin qilinishini hamda buzilishining oldini olishga, mamlakat aholisining, ayniqsa yoshlarning salohiyatini yuksaltirishga, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining totuvligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Konsepsiya loyihasi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi hamda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish borasida tegishli qaror qabul qilindi.

Hujjat Qonunchilik palatasi rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Suvdan foydalanishga doir munosabatlarning huquqiy asoslari takomillatirilmoqda

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi suv va suvdan foydalanish sohasida yagona huquqiy hujjat yaratish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda bir qator muhim normalar o‘z aksini topmoqda. Bu normalar suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining mas’uliyati oshirishga, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibi soddalashtirilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, loyihada suv resurslarini boshqarish, ulardan foydalanish va muhofaza qilishga doir kompleks hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, suv tejovchi texnologiyalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish, suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari ham nazarda tutilmoqda.

Majlisda deputatlar kodeks loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida mas’ul organlarning vakolatlari, vazifa va funksiyalarini aniq belgilash, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlarini soddalashtirish, suvni iste’molchilar orasida taqsimlashning yangi mexanizmlari joriy etishga alohida ahamiyat qaratgani qayd etildi.

Qayd etilganidek, Qonunchilik palatasining joriy yil 24-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida kodeks loyihadagi ayrim normalar, ya’ni suv olish tartibini buzganlik uchun jarima sanksiyalari bilan bog‘liq masalalar deputatlarning e’tirozli savollariga sabab bo‘lib, xalq vakillari tomonidan bir qator takliflar berilgan edi.

O‘tgan davrda mas’ul qo‘mita tomonidan ushbu takliflar chuqur tahlil qilindi va ular asosida loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilib, maromiga yetkazildi. Xususan, oldingi tahrirda suvdan foydalanuvchilar suv olish shartnomalari tuzilmagan holda olgan har ming kub metr suv uchun – bazaviy hisoblash miqdori 30 foiz etib belgilangan norma, 5 foiz miqdorida deb o‘zgartirildi.

Deputatlarning fikricha, kodeks loyihasining qabul qilinishi suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, texnologik modernizatsiya qilishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Majlisda kodeks loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Insonparvarlik tamoyillariga asoslangan muhim hujjat

Deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2024 yil 18 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqdi.

Ushbu qonun loyihasi bilan ratifikatsiya qilish nazarda tutilgan Xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida imzolangan mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi shartnoma insonparvarlik tamoyillariga asoslangan muhim hujjat hisoblanadi.

Uning asosiy maqsadi — mahkumlarning jazoni o‘z fuqarosi bo‘lgan davlatda o‘tashlari ya’ni mahkumlar o‘z vatanida, oilasi yaqinida jazoni o‘tash imkoniyati yaratishga qaratilgan. Shartnomada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni hukmni ijro etish uchun o‘z davlatiga topshirish asoslari, shartlari hamda tartiblari aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu bilan birga, hujjatda mahkumni topshirish bilan bog‘liq harajatlar, nizolarni hal qilish, ikki tomonlama aloqa tillari, shartnomaga o‘zgartirish kiritish hamda kuchga kirishi kabi muhim masalalar o‘rin olmoqda. Shartnomaga ko‘ra, tomonlarning markaziy organlari — O‘zbekiston va Qirg‘iziston Bosh prokuraturalari etib belgilangan.

Mazkur shartnoma mahkumlarning huquqlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasini yaxshilash, ularning oilalari bilan aloqalarini saqlash imkoniyatini yaratish, shu bilan birga, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim xalqaro-huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qiladi.

E’tiborlisi, shartnomaning har bir normasida mahkum va uning oila a’zolari manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilgan bo‘lib, bu inson qadr-qimmatini hurmat qilish va xalqaro insonparvarlik tamoyillariga to‘liq mos keladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech