14 iyul` kuni Toshkentda BMT Fuqarosizlikni kamaytirish to'g'risidagi konventsiyasining o'zbekcha nashri taqdimoti bo'lib o'tdi. Mazkur Konventsiyaning 60 yilligiga bag'ishlangan taqdimot Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi va BMT Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Fuqarosizlikni kamaytirish to'g'risidagi konventsiya — Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1961 yilda qabul qilingan ko'p tomonlama shartnomasidir. Unga ko'ra mustaqil davlatlar fuqarosizlik ko'lamini qisqartirish to'g'risida kelishuvga erishadi.

Shuningdek, BMTning Apatrid (fuqaroligi yo'q shaxs) maqomi to'g'risidagi konventsiyasi hamda Qochoqlar maqomi to'g'risidagi konventsiya va uning Protokoli matnlari o'zbek tilida chop etildi.

Bunday juda muhim xalqaro hujjatlarning o'zbek tiliga tarjima qilinishi O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish yo'lidagi ahamiyatli qadamlaridan hisoblanadi.

«O'z qadrdon go'shalarini tashlab ketishga majbur bo'lgan insonlarni himoya qilish — bu bashariyatning barcha madaniyatlariga xos bo'lgan an'ana hamda insoniyat birdamligi va xalqaro huquqning uzviy qismidir. O'zbekistonda ham urush yoki ta'qiblar oqibatida quvg'inga duchor bo'lgan shaxslarni himoya ostiga olishdek ezgu an'ana azaldan mavjud bo'lib, keyingi yillarda mamlakat o'z hududidagi fuqarosizlik muammosini hal qilish yo'lida e'tiborga sazovor qadamlar  qo'ydi», - dedi BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer.

Shuningdek, H.Freyzer BMT O'zbekistonning Qochoqlar maqomi to'g'risidagi konventsiyaga va uning Protokoliga qo'shilishini, avvalgidek, qo'llab-quvvatlashda davom etishini ta'kidladi.

BMT Fuqarosizlikni kamaytirish to'g'risidagi konventsiyasining o'zbek tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishi BMT Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha vakolatxonasi tomonidan ham qo'llab-quvvatlandi. Vakolatxona rahbari Xans Fridrix Shodderning fikricha, bu borada erishilgan natija xizmat mavqeidagi huquqshunoslar, olimlar va qarorlar qabul qilish vakolatiga ega shaxslarni eng maqbul xalqaro amaliyot bilan yanada keng va yaqindan tanishtirish imkonini beradi.

«Ushbu tarjimalar boshpana so'rovchilar, qochoqlar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni himoya qilish uchun o'ta samarador milliy qonunchilikni, amaliyot va tegishli institutlarni rivojlantirish borasida qo'l kelishiga ishonamiz», - dedi X.F.Shodder.

Fuqarosizlik muammosiga ijobiy yechim topishda o'zaro hamkorlikning o'rni juda muhim, xususan, BMT Qochoqlar ishlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining qo'llab-quvvatlashi fuqarosizlikka to'la barham berishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu haqda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o'z chiqishida alohida to'xtaldi.

«Xalqaro hujjatlar nashrlarining o'zbek tiliga tarjima qilinishi kishilarga fuqarosizlik masalasi bo'yicha xalqaro huquqning umumiy printsiplari bilan tanishish va Konventsiya talablari qay tarzda bajarilayotgani, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar qanday huquq va erkinliklar hamda majburiyatlarga ega ekanini bilib olish imkonini beradi», - dedi  Inson huquqlari bo'yicha markaz rahbari.

Bundan tashqari, A.Saidov ta'kidlaganidek, ushbu sohaga taalluqli bilimlarga, ayniqsa, mansabdor shaxslarning to'liq ega bo'lishi nihoyatda zarur. Chunki ular fuqaroligi bo'lmagan insonlarga nisbatan hurmat va bag'rikenglik bilan munosabatda bo'lishni hamda bu insonlarni o'zlari yashab turgan davlat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shishga qodir shaxslar sifatida qabul qilishni rag'batlantirishda yetakchi rol` o'ynaydilar.

Shuni ham qayd etish kerakki, fuqarosizlik sohasida ikkita Konventsiya qabul qilingan bo'lib, ushbu xalqaro hujjatlar qochoqlarning ularni qabul qiladigan mamlakatdagi maqomi, huquq va majburiyatlari belgilab qo'yilgan mo''tabar universal shartnomalar hisoblanadi. Har ikki Konventsiya fuqarosizlikning sabab va oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur bo'lgan va boshqa hech qaysi hujjatlarda aks etmagan universal standartlar va huquqiy asoslarni o'zida qamragani bilan g'oyatda ahamiyatlidir.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech