Fuqarolarni muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli tashabbus

Har bir yumushning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Ayniqsa xorijda ishlab, daromad topishning past-balandliklarini chetda yurgan hamyurtlarimiz yaxshi biladi.

Kasbiy malakasi yuqori, xorijiy tilni mukammal bilib yaxshi daromad topayotganlar ko‘p. Lekin ba’zi sabablarga ko‘ra chetda qiyinchilikka duch bo‘lganlar ham bor.

Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni munosabati bilan e’lon qilingan “Vatanga qaytarish” nomli xayriya aksiyasida ana shunday yurtdoshlarimizga ko‘maklashish niyati mujassam.

Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda huquq tartibot idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ushbu aksiya 30 avgustgacha davom etadi.

Aksiya doirasida chet ellarda og‘ir sharoitda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini Vatanga qaytarish va ularni jamiyatga samarali moslashtirish maqsad qilingan.

Aksiya doirasida chet mamlakatlar deportatsiya markazlarida bo‘lib turgan ayollar va bolalar xorijiy davlatlarning mas’ul idoralaridan olingan ro‘yxatlar asosida vatanga olib kelinadi.

Konsullik muassasalari yoki Migratsiya agentligi vakolatxonalari xulosasi asosida chet elda og‘ir moliyaviy ahvolda qolgan fuqarolarni qaytarish tashkiliy ravishda amalga oshiriladi.

Yurtga kelgan fuqarolarni samarali reintegratsiya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi. Ular davlat tomonidan taqdim etilayotgan maqsadli subsidiyalar, imtiyozli kreditlar, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish dasturlari orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Bu ishlarni samarali tashki etish uchun Migratsiya agentligining tegishli telegram botlari va qisqa telefon raqamlari tunu kun ishlab turibdi.

Fuqarolarni qaytarish bilan bog‘liq transport xarajatlari esa Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Ushbu xayriya gumanitar aksiyasi – xorijda og‘ir sharoitda qolgan fuqarolarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan insonparvar tashabbusdir. Bu har bir fuqaro, ayniqsa, ayollar va bolalar, qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, davlat himoyasida ekanligining amaldagi isbotidir.

Bu ishlar mamlakatimizda keyingi yillarda migratsiyani tartibga solish va mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlardan biri bo‘ldi.

I.AVVALBOEV,

O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech