G'ALABA BOG'I YODGORLIK MAJMUASI FALSAFASI HAQIDA MUHTASHAM BITIK

(A.X.Saidov. G'alaba bog'i falsafasi. – T.: “Tasvir nashriyot uyi”, 2021.–348 b.)

 

“Buyuk G'alabaning 75 yilligi sharafiga bunyod etilgan bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo'lib, ham me'moriy jihatdan, ham tarixiy-ma'naviy jihatdan eng noyob va mahobatli obida bo'lib qad rostladi”.

Shavkat MIRZIYOEV,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

XX asr o'rtalarida tavallud topgan bizlarga tengdosh avlod Ikkinchi jahon urushi jarohatlarini juda yaxshi biladi. Chunki o'tgan yuz yillikning 50-yillarida urush asoratlari har xonadonda va har qadamda sezilib turardi. Xalqimizning turmushi ham haminqadar bo'lib, urush rosa bezdirib qo'ygan edi. Xalq orasida urushga qarshi nafrat juda kuchli edi. Rahmatli otam yetim qolgach, Buxoro vohasiga cho'liq bo'lib ketgan ekan. Onam tengilar kolxozning qo'yini sog'ib kun kechirishgan va boshoq terishgan. Rahmatli onam urush yillarida kunjara yeganlarini ta'kidlar, ba'zan xastalanganda kunjara hidi kelyapti deb aytardi.

Tog'am Muhmaniyozov Jumaqul urushga ketgach, ko'p o'tmay qora xat kelgan, uyda unga aza ochishgan. Keyin tog'am nogiron holda urushdan qaytib kelgan. Nogiron bo'lsa-da, xo'jalikda bir umr mirob bo'lib ishladi, nogironligi nafaqasi va pensiyasini olmadi. O'n nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. “Xotira kitobi”da tog'am bedarak ketgan deb qayd etilgan. U kishi urushdan aslo gapirmasdi, televizorda urush haqidagi kinolarni ham umuman ko'rmasdi.

50–60-yillarda biz o'spirinlar qishlog'imizdagi sabiq urush qatnashchilari taassurotlarini yaylov va paxtazorlardagi davralarda ko'p eshitardik. Qariyalar har doim “Iloyo, urush bo'lmasin, tinchlik bo'lsin!” deb duo qilishardi. Xonadonlarda urushga ketganlarning rizqi – bir marta tishlangan qattiq nonlar 70-yillargacha osig'liq turganini bilaman.

Fashizm ustidan qozonilgan g'alabaning 20 yilligi o'quvchilik, 30 yilligini esa qishloq maktabida o'qituvchilik davrida nishonlaganman. U vaqtlarda qishloqlarda urush qatnashchilari ko'pchilik edi. Hozirgi vaqtda esa aksariyati bu yorug' olamni tark etishgan. (Joylari jannatda bo'lsin!)

Ilmiy tadqiqot ishim tufayli 1985 yil 9 mayda sobiq Ittifoqning Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida bo'lganimda, g'alabaning 40 yilligi tantanalari nishonlanganini ko'rib va qatnashib hayratda  qolganman.

Sobiq Ittifoq tanazzulga uchray boshlagach, aniqrog'i XX asr 80-yillari oxirlari – 90-yillari boshlari Ikkinchi jahon urushi g'alabasini nishonlashga, urush qatnashchilariga e'tibor bir muncha susaydi. Hattoki, urush davri tarixi adabiyotlari va qadriyatlariga bepisandlik bilan qarala boshlandi. Ba'zan “O'zbekistonda urush bo'lmagan-ku! Urushga nima aloqamiz bor” deguvchilar ham uchrab turardi.

O'zbekiston mustaqilligi tufayli Ikkinchi jahon urushidagi g'alabani nishonlashga katta e'tibor berila boshlandi. Ayniqsa, keyingi yangi davrda ushbu masala davlat siyosati darajasiga ko'tarildi, bu sohada ko'plab unitilayozgan qadriyatlar yana tiklandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev qarorida ta'kidlaganidek: “El-yurtimizning urush yillarida ko'rsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, g'urur va iftixor manbai bo'lib, vaqt o'tgan sayin bu o'lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora oshib bormoqda”.

2020 yilda g'alabaning 75 yilligi, 2021 yilda esa 76 yilligi keng ko'lamda va yangicha ruhda nishonlandi. O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida Toshkent shahrida 2020 yil 9 mayda ochilgan  G'alaba bog'i mamlakatimizdagina emas, balki chet ellarda ham katta qiziqish uyg'otdi.

2021 yil may oyi boshlarida – Xotira va qadrlash kuni hamda Buyuk G'alabaning 76 yilligi arafasida taniqli davlat va jamoat arbobi Akmal Saidovning “G'alaba bog'i falsafasi” nomli salmoqli publitsistik kitobi nashrdan chiqdi.

Mazkur kitob “Urush, noming o'chsin jahonda” (Muqaddima o'rnida), olti fasl – “Tarixiy adolatsizlikdan – tarixiy haqiqat sari”, “G'alaba bog'i – betakror majmua”, “Shon-sharaf” muzeyi – adolat tantanasi timsoli”, “O'zbekiston – bag'rikeng diyor”, “G'alaba bog'i yodgorlik majmuasining ahamiyati”, “Urush madaniyatsizligidan – tinchlik madaniyati sari” deb nomlangan fasllar hamda “G'alaba bog'i – xalqona siyosatning amaldagi natijasi” nomli Xotima qismidan iborat.

Ilova tarzida keyingi yillarda qabul qilingan rasmiy hujjatlar hamda Ikkinchi jahon urushi davrida “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga, uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordenlariga hamda general harbiy
unvoniga sazovor bo'lgan o'zbekistonliklar ro'yxati berilgan.

Ushbu kitobda insoniyat tarixining eng mudhish bir davri – Ikkinchi jahon urushi keltirib chiqargan mislsiz dahshatlarni yengib, urushda erishilgan Buyuk G'alabaga ulkan hissa qo'shgan ko'p millatli O'zbekiston xalqining jasorati va matonati haqida hikoya qilinadi. O'sha ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirish yo'lida Prezidentimiz tashabbusi bilan ro'yobga chiqarilgan ezgu amallar bayon qilinadi.

Kitobda qayd etilganidek, O'zbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushida Buyuk G'alabani ta'minlashga ulkan hissa qo'shgan bo'lib, bu tengi yo'q jasoratning ulug'vorligini ko'rsatib beruvchi yaxlit majmua shu vaqtga qadar yurtimizda mavjud emas edi. Shu ma'noda, Yurtboshimiz ilk bor 2019 yil 9 may kuni poytaxtimiz markazida ulkan bog' barpo etib, xalqimiz qahramonligini abadiylashtirish g'oyasini olg'a surdi.

Ko'p o'tmay, 2019 yil 23 oktyabrda davlatimiz rahbarining qaroriga ko'ra G'alaba bog'i kontseptsiyasi tasdiqlandi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 14,7 gektar yer ajratilib, ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Bu ulkan tarixiy majmua pandemiya sababli joriy etilgan karantin sharoitida bunyod etildi. 2020 yil 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligini nishonlash doirasida G'alaba bog'ining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston xalqining g'alabaga qo'shgan hissasini o'rganish bo'yicha ham muhim natijalarga erishildi. Prezidentimizning tavsiyalari asosida qisqa fursatda keng qamrovli ilmiy tadqiqot ishlari va jiddiy tahliliy izlanishlar amalga oshirildi.

Muhtasham G'alaba bog'i tarkibida “Matonat madhiyasi”, “Mangu jasorat” va “Ko'z yoshi” monumentlari, “Shon-sharaf” davlat muzeyi barpo etildi. Kitob muallifi to'g'ri ta'kidlaganidek, G'alaba bog'i – qadr-qimmat, xotira, tarbiya, jasorat va matonat ruhida tarbiyalash bog'i ekanligi asarda teran yoritilgan.

Yangi O'zbekistonning muhtasham bunyodkorlik inshootlari ichra gavhari hisoblanuvchi G'alaba bog'i, ta'bir joiz bo'lsa, jasorat va matonat, xotira va qadr, muhabbat va sadoqat e'zozlanadigan vatanning mo''jaz timsolidir.

Noyob yodgorlik majmuasi – G'alaba bog'ining umumiy ko'rinishi, me'moriy tuzilishi milliy an'analarimizga aynan mos bo'lib, me'moriy yodgorliklar yaratish bo'yicha qator yetakchi davlatlar tajribasini o'zida mujassam etganligi bilan alohida ajralib turadi.

Mazkur bog' tarixiy-badiiy yodgorlik inshooti sifatida o'z ko'lami, falsafiy yondashuvi va me'moriy yechimiga ko'ra jahonda yagona va betakror hisoblanadi. Kitobda yozilganidek, uning muallifi 20 dan ziyod mamlakatda shu mavzudagi maskalarni shaxsan ko'rgan, boshqalari bilan Internet orqali tanishgan bo'lsa-da, bunday muhtasham majmuani umuman uchratmagan.

Yangi O'zbekistonning G'alaba bog'i Rossiya, Belarus`, Ukraina, Pol`sha, Avstriya, AQSH, Isroil kabi yirik davlatlardagi ulkan memorial majmualarga aslo o'xshamaydi. Demak, bu obida jahonda yagona, betakror, g'oyatda noyob.

Ushbu kitob fasllarida majmuadagi har bir yodgorlikning o'ziga xos falsafiy-tarixiy va badiiy-memoriy yechimlari teran bayon etilgan. Kitob Yurtboshimiz tashabbusi va g'oyalari asosida bunyod etilgan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi bo'ylab virtual, ya'ni g'oyibona sayr etish imkonini beradi.

Mutolaa jarayonida muhtasham bog'ning yaratilish tarixi, mazmun- mohiyati va ahamiyati haqidagi muhim fikr-mulohazalar bilan tanishish mumkin. Asardan haqqoniy tarixiy dalillar, ishonchli raqamlar va qiziqarli fotolavhalar o'rin olganligi diqqatga sazovordir.

Ma'lumki, yaqin vaqtlargacha O'zbekistonning Ikkinchi jahon urushi tarixi bir yoqlama yoritilgan bo'lib, raqamlar ham anchagina mavhum edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushi tarixini xolisona o'rganish bo'yicha olimlar, mutaxasisslar jalb etilib, mamlakatimiz va xorij arxivlari manbalari asosida tarixiy haqiqat tiklandi.

Kitobda urush natijalari bo'yicha 2019 yil 9 maygacha bo'lgan eski ma'lumotlar bilan 2020 yil 9 maygacha aniqlangan yangi, haqiqiy ma'lumotlar o'zaro qiyoslangan. Ushbu dalillar  jadval shaklida berilib, chuqur tahlil etilgan. Shu ma'noda, endilikda 2020 yil 9 may holatiga aniqlangan yangi dalil va raqamlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Kitob fasllarida G'alaba bog'i falsafasi mazmun-mohiyati asnosida O'zbekistonning Ikkinchi jahon urushi davridagi oldin kam o'rganilgan tarixiy lavhalarining yoritilishi ham diqqatga sazovor. Jumladan, O'zbekiston xotin-qizlarining frontdagi jasorati, qoraqalpog'istonliklarning buyuk G'alabaga qo'shgan hissasi, O'zbekiston askarlarining Yevropadagi xaloskorligi, o'zbekistonliklarning Yevropada “Qarshilik harakati”dagi ishtiroki, turkistonlik harbiy asirlar qismati, Ikkinchi jahon urushi arafasi va urush davrida xalq xo'jaligining barcha sohalari harbiy yo'nalishda faoliyat olib borgani, diniy e'tiqodlar erkinligi, urushda ko'zlaridan ayrilgan adib Vali G'ofurov va uning “Vafodor” romani, umuman, adiblar, kino arboblari, ijodkorlar, san'atkorlarning urush davridagi faoliyati aniq dalillar asosida qiziqarli yoritilgan.

Bu tarixiy lavhalar mazkur kitob mundarijasining naqadar keng ekanidan dalolat beradi. Shu nuqtai nazardan, ushbu kitobni “O'zbekistonning Ikkinchi jahon urushi davri kichik entsiklopediyasi” deb atasak ham to'g'ri bo'ladi. Chunki, O'zbekistonda Ikki jahon urushi davri bo'yicha salmoqli entsiklopediya yaratish vaqti allaqachon kelgan.

Kitobda qashqadaryoliklarning Ikkinchi jahon urushi G'alabasiga qo'shgan hissasi haqida ham muhim ma'lumotlar o'rin olgan. Masalan, Qashqadaryo vohasidan urushga ketgan Sovet Ittifoqi Qahramonlari (9 nafar kishi), uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeni sohiblariga (3 nafar kishi) oid ma'lumotlar keltirilgan.

Mazkur kitobning “General Sobir Rahimov xotirasining tiklanishi – tarixiy haqiqat tantanasi” faslida taniqli elshunos olim akademik Karim Shoniyozov haqida so'z borgan. Binobarin, Karim aka kaminaning ustozi bo'lib, Muborak tumani Qarluq qishlog'ida 1924 yilda tug'ilgan va 2000 yilda vafot etgan. U kishi urush davrida 21 yoshida razvedkachilar komandiri sifatida faoliyat olib borgan va 21 ta orden-medallarga sazovor bo'lgan.

Kitobda tilga olingan yana bir qashqadaryolik jangchi Ashur Xudoyqulov Qamashi tumanidagi Balandchayla qishlog'idandir. U kishi taniqli adiba Sharofat Ashurovaning otasi bo'ladi. Bu kabi xalqchil xotiralar va hayotiy voqealar, albatta, kitobxonni befarq qoldirmaydi.

Ushbu salmoqli kitob ko'p ming nusxada chop etlib, har bir mahalla, kutubxona va ta'lim muassasalari, hatto korxona va tashkilotlarga yetkazilishi, shuningdek kitob do'konlariga chiqarilishi ayni muddaodir. Shuningdek, hozircha o'zbek, ingliz va rus tillarida nashrdan chiqqan mazkur kitobni MDH xalqlarining boshqa tillariga hamda nemis, frantsuz, ital`yan tillarga ham tarjima qilinsa maqsadga muvofiq bo'lardi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, kitobda Prezidentimizning tashabbusi va g'oyalari asosida tashkil etilgan G'alaba bog'ining falsafasi, sodda qilib aytganda, mazmun-mohiyati va ahamiyati tarixiy hujjatlar asosida teran tahlil etilgan. Kitob nihoyatda o'qishli, aniq dalillarga boy, ravon usulda yozilgan bo'lib, har qanday kitobxon uni hayajonsiz o'qiy olmaydi.

Muallif arxiv hujjatlari va statistik ma'lumotlarni sinchiklab o'rganib, mavzuga oid turli tarixiy, badiiy, falsafiy va boshqa manbalar bilan qiyoslash asosida mazkur salmoqli bitikni yaratishga erishgan. Kitobni tayyorlashda foydalanilgan turfa xil manbalar – she'r va hikmatlar fotolavha va kartinalar ham  kitobxonni hayratga solishi tayin.

Bularning barchasi bejiz emas. Zero, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan muhtasham G'alaba bog'i barpo etilishi zamirida O'zbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida ko'rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassamdir. Bunday ulug'vor ezgu maqsadni ro'yobga chiqarish uchun aynan Prezidentimiz G'alaba bog'ining tashabbuskori, muallifi va bosh bunyodkori bo'lib maydongan chiqqani alohida tahsinlarga sazavor.

Qomusiy kitob muallifi ta'kidlaganidek: “G'alaba bog'i – Vatanga muhabbat va sadoqat, jasorat va matonat ramzidir. Ushbu bog' o'z hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning o'lmas jasorati va yorqin xotirasi oldida O'zbekiston Prezidenti va o'zbek xalqiga xos yuksak hurmat-ehtiromning amaliy natijasi bo'lib qoladi”.

Xulosa qilib aytganda, Yurtboshimiz rahnamoligida bunyod etilgan afsonaviy “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasiga akademik A.Saidovning G'alaba bog'i haqidagi muhtasham solnomasi uzukka ko'z qo'ygandek yarashiqlidir. Shunday ekan, izlanuvchan  va zakiy olim Akmal Saidovning ko'p yillik zahmatli mehnati tufayli Ikkinchi jahon urushi davridagi O'zbekiston tarixi bo'yicha yuksak saviyali yangi asar nashr etilganini alohida e'tirof etish lozim. Fursatdan foydalanib, muallifni – shu ulkan yutug'i bilan, keng jamoatchiligimizni esa madaniy hayotimizda yorqin voqea bo'lgan tarixiy-ma'rifiy  yetuk asar bilan qutlaymiz.

Ochil Bo'riev,

Qarshi Davlat universiteti professori

Powered by GSpeech