Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Jumladan, joriy yilning 13-14 may kunlari Samarqand shahrida «Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv» mavzusida tashkil etilgan Osiyo xotin-qizlari forumi ham ayni maqsadlarning davomi bo‘ldi.
Forum doirasida mintaqa xotin-qizlarining fan, ta’lim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikni kisqartirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Avvalo e’tibor qaratadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida ham xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlari alohida o‘rin egallaydi. Xususan, Konstitutsiyaning 42 va 58-moddalarida ayollarning mehnat huquqlari buzilishini oldini olish, ular uchun munosib turmush va ish sharoitlarini yaratish hamda xotin-qizlarga jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar ta’minlanishi nazarda tutilgan.
Yana bir jihat, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. 2023 yilning o‘zida gender tenglikni ta’minlash hamda ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirishga oid 13 ta normativ-huquqiy hujjat – 3 ta qonun, 4 ta Prezident farmoni va qarori, 6 ta Hukumat qarori qabul qilingan.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida esa xotin-qizlar faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilangan. Unga ko‘ra gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish orqali boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini 30 foizga oshirish ko‘zlangan.
Darhaqiqat, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda tadbirkor ayollar soni ham ikki baravar ortdi, 205 mingdan ziyod xotin-qiz o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarni zamonaviy bilimlarga o‘rgatib, qiziqishlari asosida imkoniyatlar yaratish ishlari ham jadallashdi. Xususan, AKT sohasida ham qizlarning soni ortmoqda. Buni «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida ta’lim olgan yoshlarning 47 foizi, ya’ni qariyb yarmini qizlar tashkil etganidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Bu imkoniyatlar o‘z navbatida xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlashni ta’minlaydi. Bu ularning to‘liq ta’lim olishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga qiziqishini orttirib malakali mutaxassislar bo‘lib shakllanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
Shu yil 4 mart kuni Jahon banki e’lon qilgan «Ayollar, biznes va qonun 2024» indeksida 5 ta eng ilg‘or o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar qatorida O‘zbekiston ham qayd etildi. «Ayollar, biznes va qonun» deb nomlangan ushbu yillik hisobotda dunyoning 190 ta davlatidagi holat 10 ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholab boriladi. Yangi indeksda mamlakatimizda mehnat munosabatlari va oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash sohasida amalga oshirilgan islohotlar muvaffaqiyatli deb topilgan.
Islohotlar mamlakatning ikkita asosiy ko‘rsatkichi – «mehnatga haq to‘lash» va «nikoh» doirasida davlatning reytingdagi mavqeini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu mamlakat reytingining 11,9 punktga ko‘tarilishiga olib keldi va O‘zbekiston «Ayollar, biznes va huquq» indeksida 100 balldan 82,5 ballni egalladi. O‘zbekiston Singapur, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan bir xil ball to‘plab, Markaziy Osiyoda eng yaxshi natijaga erishdi.
Yana bir jihat – O‘zbekistonda ayollarga erkaklar bilan teng qiymatdagi mehnat uchun teng haq to‘lashni kafolatlovchi qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, ayrim sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinishi ham inson qadri tamoyilining yana bir ifodasi bo‘ldi.
2023 yil aprel oyida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga oiladagi zo‘ravonlikka, xususan, oilaviy munosabatlardagi jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi. Shuningdek, ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu kabi maqsadli ishlarning ko‘lami kengayib bormoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: gender tengligi jamiyat taraqqiyotida qanday jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi? Darhaqiqat, bu mamlakat hayotining barcha sohalarida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Birinchidan, gender tengligi mamlakatning iqtisodiy o‘sish va taraqqiy etishiga yordam beradi. Xotin-qizlarga mehnat va tadbirkorlik sohasida teng imkoniyatlarni ta’minlash milliy iqtisodiyotning rivojlanishiga olib keladi. Shuningdek, xotin-qizlarning iqtisodiyotdagi faolligini oshirish kambag‘allikni qisqartirishning samarali yechimlaridan biri hisoblanadi.
Ikkinchidan, erkaklar va ayollarning sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatini ta’minlash millatning umumiy salomatligini yaxshilashga va turli kasalliklar oqibatida yuzaga keluvchi o‘lim holatlarining kamayishiga imkon beradi.
Uchinchidan, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarning yaratilishi zo‘ravonlikning kamayishiga ham olib keladi. Bundan nafaqat xotin-qizlar, balki bolalar uchun ham xavfsiz muhit yaratiladi.
Inobat Hakimova,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA
- Qo'shildi: 28.05.2024
- Ko'rishlar: 1528
- Chop etish