Mamlakatimizda xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning dasturiy ishlanmalari, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda oliygohlarda 1 million 489 ming nafardan ziyod talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, shundan xotin-qizlar 782 mingni (52,5 foiz) tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan 18 foizga oshgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan barcha oliy va kasbiy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratilishining yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bunda qizlar uchun ta’lim kreditlari foizsiz belgilanganini alohida ta’kidlash lozim. Davlat oliygohlarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning kontrakti uchun so‘nggi uch yilda Davlat byudjetidan 285,8 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berildi. 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan 2 ming 385 nafar xotin-qiz to‘liq davlat granti asosida o‘qishni boshladi.
Magistratura bosqichida o‘qishini davom ettirayotgan jami talabalar 37 ming 839 nafardan iborat bo‘lsa, ularning 23 ming 628 nafari (62,44 foiz) xotin-qizlardir. 2023/2024 o‘quv yilida 5 ming 991 nafar talaba xotin-qizga 60,3 milliard so‘m mablag‘ Davlat byudjeti hisobidan to‘lab berildi.
Har yili ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan 2 ming nafar xotin-qiz davlat granti asosida oliygohlarga o‘qishga qabul qilinmoqda. Shu tariqa bugunga qadar qariyb 7 ming nafarga yaqin xotin-qiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, olima ayollar rahbarligida umumiy qiymati 82,6 milliard so‘mlik jami 101 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, xotin-qizlar tomonidan umumiy qiymati 25,5 milliard so‘m bo‘lgan 68 ta startap loyiha moliyalashtirilib, natijada 348 ta yangi ish joyi yaratildi.
Iqtidorli xotin-qizlarning xorijda chet tillari kurslarida o‘qishlarini ta’minlash, ularning yuqori nufuzli idoralarda ilmiy amaliyot o‘tashlariga ko‘maklashish maqsadida o‘tgan 2024 yilda 105 nafar yosh olimaning ilmiy amaliyotlari moliyalashtirildi. Ular Buyuk Britaniya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya, Belarus Respublikasi, Italiya, Ispaniya, AQSH, Xitoy va yana boshqa mamlakatlarga ilmiy amaliyotda bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 06.03.2025
- Ko'rishlar: 202
- Chop etish