Eng dolzarb ekologik masalalardan biri chiqindi muammosidir. Insonlarning yashash ehtiyoji natijasida hosil bo‘luvchi organik va noorganik chiqindilar, shuningdek ularning hududida va obodonlashtirish obyektlaridagi tabiiy jarayonlar natijasida hosil bo‘luvchi chiqindilar (oziq-ovqat va o‘simlik chiqindilari, to‘qimachilik mahsulotlari, qadoqlanadigan materiallar, shisha, rezina, qog‘oz, plastmassa, yog‘och chiqindilar, o‘zining foydalanish xususiyatlarini yo‘qotgan uy-ro‘zg‘or buyumlari) maishiy chiqindilar deb ataladi.
Soha vakillari chiqindilarning quyosh nuri ta’sirida chirib, oqibatda undan biogazlar ajralib chiqishi, issiq kunlari ular o‘z-o‘zidan yonib, atrofga zaharli hid va tutun tarqatishi xususida bir necha bor ogohlantirgan. Ayniqsa, kundalik ehtiyojimizda deyarli har kuni ishlatiladigan polietilen paketlarning zarari o‘ylaganimizdan ham ko‘proq. Ko‘p hollarda do‘konlardan olingan paket mahsulot soladigan idishdan chiqindi qopchagacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi.
Nima uchun plastik paketlar xavfli? Chunki ular 100-yildan 400-yilgacha buziladi. Ularni yoqib bo‘lmaydi, sababi ulardan zaharli moddalar ajralib chiqadi, havo orqali tarqalib, suvni bulg‘aydi. Har yili plastik paketlar sababli yuz minglab baliqlar, parrandalar va sut emizuvchilar qiriladi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan chiqindi sohasini yanada takomillashtirish, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish maqsadida qator ishlar amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Xususan, O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni saralash tizimini bosqichma-bosqich tashkil etish loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 2024-yil 1-iyulga qadar tegishli hududlarda xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni toifalarga ajratgan holda to‘plash uchun fuqarolar qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar uchun — shaffof, rangsiz, qayta ishlanmaydigan qattiq maishiy chiqindilar uchun — qora rang, oziq-ovqat chiqindilari uchun — jigarrang maxsus chiqindi paketlari bilan bepul ta’minlanadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi tadbirkorlardan maxsus chiqindi paketlarini xarid qilish bo‘yicha tijorat takliflarini qabul qiladi.
Xarid qilinadigan paketlar uchun qanday talablar qo‘yiladi?
Qayd etilishicha, eng avvalo paketlar mikroorganizmlar ishtirokida bioparchalanish xususiyatiga ega bo‘lishi yoki tarkibida kraxmal bo‘lgan organik chiruvchi mahsulotlardan ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak. Paketlardan chiqindilarni saralab yig‘ishda foydalaniladi. Paketlarning har biri ixcham shaklda yig‘ilgan, taxlangan, bir-biriga ketma-ket ulangan, o‘ralgan rulon holatida ishlab chiqarilgan bo‘lishi, rangi shaffof, rangsiz, qora hamda jigarrang bo‘lishi lozim.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugun har bir supermarketdagi kassalar atrofida matoli xaltalarni sotuvda uchratish mumkin. Haqiqiy tabiat jonkuyarlari bu kabi xaltalarning foydali tomonlarini anglab yetadi. To‘g‘ri, yelim paketlar bilan matoli xaltalarning narxida farq bor.
Ammo polietilen paketlar uchun to‘lanayotgan, arzimas tuyulgan pullar yig‘ila-yig‘ila juda katta miqdordagi mablag‘ga aylanib, yelim xalta ishlab chiqaruvchilar va uni pullayotgan do‘kondorlarning cho‘ntagini qappaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, har kuni uyga yelim xalta kirib keladi, matodan tikilgan xaltani esa bir necha oy davomida ishlatish mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,O‘zA
- Qo'shildi: 11.03.2024
- Ko'rishlar: 2424
- Chop etish