Vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartibni qonun hujjatlarida belgilash ko‘zda tutilgan.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025 yil 5 martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.
Xususan, 2025 yil may oyida vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishi to‘g‘risida qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozim.
Loyihada vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartib nazarda tutiladi. Buning uchun mas’ul ijrochilar etib Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida) belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlamentning rolini tubdan oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga har yili budjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish tavsiya etilgan.
Kun.uz
- Qo'shildi: 05.05.2025
- Ko'rishlar: 66
- Chop etish