Ijtimoiy himoyaga doir qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ijtimoiy himoyaga doir qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Mazkur farmonga muvofiq, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha beriladigan imtiyozlar o‘rniga 2024 yil 1 aprelga qadar to‘langan kompensatsiya puli fuqarolar ixtiyorida qoldiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga quyidagi  o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:

xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar va nogironligi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlardan tovarlarni (xizmatlarni) xarid qilish tizimini takomillashtirish;

ijtimoiy himoya sohasini raqamlashtirish imkoniyatini beruvchi axborot tizimlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun uy-joylar xarid qilish;

yangi tug‘ilgan bolalarni otasi yoki onasining doimiy yashash joyiga davlat boji undirmasdan doimiy ro‘yxatga qo‘yish;

Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tarkibiga kiritilgan vazirlik, idora, hokimliklar va jamoat tashkilotlari uchun tegishli namuna bo‘yicha ishlab chiqilgan kelgusi yil davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini tuzishni takomillashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi muassasalarning xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash;

2022-2025 yillarda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari va "Muruvvat" internat uylarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

Mazkur farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

O‘zA

Powered by GSpeech