Qaror va sharh
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizimni yaratish maqsadi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida alohida qayd etilgan. E’tiborlisi, bu bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevralda «Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash mexanizmlari soddalashtirilmoqda.
Hujjatda belgilangan aksariyat vazifalar ijrosi, rejalar yaqin istiqbolga mo‘ljallangani bilan ahamiyatli. Jumladan, 2024-yil 1-mayga qadar davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlari 18 tadan 30 taga kengaytiriladi. Ajratilayotgan mablag‘ esa bir yarim barobarga oshirilib, 100 milliard so‘mga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib o‘rtacha uch baravargacha, ayrim vositalarning turlarini esa o‘n baravargacha oshirish belgilandi.
– Protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga ehtiyoji borlar haqida ma’lumotlar mavjud, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Mirzobek Niyozov. – O‘tgan 2023-yil davomida shu toifadagi 47 ming nafar fuqaroning ehtiyojlari ta’minlangan. Ko‘plab shaxslarning ma’lum vaqt davomida kutish jarayoni davom etgan. Bu qaror bilan nogironligi belgilangan paytning o‘zidan o‘sha shaxsga protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarini qayd etish, uni bir-ikki kunda uyigacha yetib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Oldin muhtoj shaxslarning tanlash imkoniyati kamroq, zamonaviy turdagi vositalarni olish imkoniyati cheklangan edi. Zarur vositalarning turlari kengaytirilayotgani mana shunday masalalarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega.
Bugun aholini turli qog‘ozbozliklar bilan ovora qilmaslikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Gap imkoniyati cheklanganlar haqida borganda ularga yanada qulayliklar yaratish barchasidan muhimligini ta’kidlash o‘rinli.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-maydan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida belgilanadi. Nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimida rasmiylashtiriladi.
Hujjatda protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarini yetkazib beruvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Xorijiy ishlab chiqaruvchilarning bunday vositalarini, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi jarayonlar uchun undiriladigan ba’zi yig‘imlar miqdori 50 foizga kamaytiriladi. 2027-yil 1-yanvarga qadar protez moslamalari va ularning butlovchi, ehtiyot qismlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Bu qaror mamlakatimizda insonlar hayoti, turmush tarzini o‘zgartirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi dadil qadamlardan biri bo‘ldi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 19.03.2024
- Ko'rishlar: 2170
- Chop etish