Bu savolga Toshkent davlat yuridik universiteti jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsenti Ma’rufjon Qurbonov javob beradi:
– Bugungi kunda ijtimoiy munosabatlarning aksariyat qismi virtual muhitga ko‘chgan. Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar virtual makonda sodir etiladigan xatti-harakatlar, xususan, boshqa shaxslarni haqorat qilish, tuhmat qilish, ularga nisbatan qadr-qimmat kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish uchun javobgarlik mavjudligini his qilmayotgani uchrab turibdi.
Buning sabablaridan biri sifatida internet tarmog‘i yoki turli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari boshqa nom, nikneym yoki taxallusdan foydalanayotganini keltirish mumkin. Ular yashirin amalga oshirilayotgan huquqbuzarliklar javobsiz qolishiga ishonadi.
Aslida ham shundaymi? Yo‘q, albatta!
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shuningdek, mazkur turdagi qilmishni sodir etib, buning uchun javobgarlikka tortilgan shaxs bir yil ichida mazkur qonunga xilof harakatni yana qayta sodir etsa, bu shaxsga nisbatan endi jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.
Jumladan, Jinoyat kodeksining 244-6-moddasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik ham belgilangan. Unga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, aybdorga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
N.Abduraimova, Yo.Meliboyev (video), O‘zA
- Qo'shildi: 09.10.2024
- Ko'rishlar: 1039
- Chop etish