Munosabat
Joriy yilgi saylovda nomzod ko‘rsatish jarayonida inklyuzivlikka alohida e’tibor qaratilgani muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Zero, nogironligi bor fuqarolar ham hech kimdan kam bo‘lmagan holda barcha huquqlaridan foydalanishi, vakillik organlariga saylanishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, shu toifadagi yurtdoshlarimizning huquq va manfaatlari yanada kengroq himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Shundan kelib chiqib, saylovda parlament quyi palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nogironligi bor fuqarolardan nomzodlar ko‘rsatildi hamda vakillik organlariga saylandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlar ekan, ushbu masalaga alohida to‘xtalib, quyi palataga saylangan Jasur Jumayevni tabrikladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakillari davlat rahbarining nutqida ilgari surilgan takliflar hamda vazifalar yuzasidan o‘z munosabatini bayon qilmoqda.
Jasur Jumayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi:
– Yangi shakllangan Qonunchilik palatasi tarkibi jamiyatimizdagi siyosiy jarayonlar yangi bosqichga o‘tganini yaqqol namoyon etdi. Saylov natijalariga ko‘ra, parlament tarkibi deyarli 60 foizga yangilandi. Bu, avvalo, xalqimiz tomonidan islohotlarga bo‘lgan ishonch va parlamentning zamonaviy talablarga muvofiq yangilanishiga bo‘lgan ehtiyoj natijasidir.
Prezidentimiz nutqida biz uchun juda muhim bo‘lgan yo‘nalishlar belgilab berilgani bilan birga, har bir deputatga katta mas’uliyat yuklaydigan vazifalar haqida ham aytib o‘tildi. Yangi saylangan deputatlar tarkibida turli soha vakillari bor. Albatta, bunda siyosiy partiyalar ko‘rsatgan nomzodlar bilan birga, xalqimiz ham munosib nomzodlarni tanladi.
Ilm-fan sohasiga qaratilayotgan katta e’tibor va ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirish borasidagi davlat siyosatining samarasi yangi tarkibda o‘z aksini ko‘rsatdi. Saylangan deputatlarning har uchinchisi ilmiy darajali ekanini ham ijobiy baholash mumkin. Bu, o‘z navbatida, davlat siyosatini ilmiy asosda shakllantirishga hamda qonunlarning ilmiy jihatdan to‘g‘ri va samarali bo‘lishini ta’minlashga yordam beradi.
E’tiborli jihati shundaki, mamlakatimizda olib borilayotgan gender siyosatining ijobiy ta’siri parlamentda ham o‘z aksini ko‘rsatdi. Shuningdek, inklyuzivlashish borasidagi davlat siyosatining ham ijobiy ta’siri sezilmasdan qolmadi. Yangi tarkibda nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylangani bu fikrimning isbotidir.
Yangi shakllangan Qonunchilik palatasi mamlakatdagi barcha qatlamlar manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga, xalqimiz farovonligi va mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.
- Qo'shildi: 20.11.2024
- Ko'rishlar: 651
- Chop etish