Sudlarga kelib tushgan har bir ishning sudyalar tomonidan o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. Jinoyat ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyotida bu qanday ta’minlanmoqda?
Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov shu savolga javob berdi:
– Ma’lumki, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unda qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rishga oid me’yorlar belgilandi. Shuningdek, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha vakolatlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazishga hamda yuqori sudlar tomonidan sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi instansiya sudlariga yuborish amaliyotini tugatishga doir protsessual normalar Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritildi.
Qonun ijrosini samarali ta’minlash maqsadida Oliy sud plenumining “Jinoyat ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qonun talabiga ko‘ra, ishda taraf bo‘lmagan shaxslar ham sud hukmining o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat keltirishi mumkin.
Shu sababli, plenum qarorida hukm ustidan (hukmning faqat o‘ziga daxldor qismi yuzasidan) shikoyat berish huquqiga egaligi belgilandi.
O‘zining haqiqiy holatiga ko‘ra, sud himoyasiga muhtoj bo‘lgan shaxslar – garov beruvchi, mulki xatlangan shaxs va boshqalar shular jumlasiga kiradi.
Mazkur qoida talabidan kelib chiqib, birinchi instansiya sudi shikoyatni qabul qilish paytida apellyatsiya, kassatsiya shikoyati bergan shaxsning bunday huquqqa ega ekanini tekshirishi shart.
Sudning ayblov hukmini yoxud ajrimini kassatsiya tartibida qayta ko‘rishga, shuningdek, sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini kassatsiya tartibida qayta ko‘rishga faqat ular qonuniy kuchga kirganidan keyin bir yil ichida yo‘l qo‘yiladi.
Ma’lumki, qonunda birinchi instansiya sudining hukmi bekor qilinishi va o‘zgartirilishi uchun umumiy asoslar belgilangan. Jumladan, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari, agar chiqarilgan hukm qonunning barcha talablariga amal qilingan holda va qonun asosida chiqarilgan bo‘lsa, qonuniy, deb e’tirof etilib, uni o‘zgarishsiz qoldiradi.
Hukm o‘zgarishsiz qoldirilganda apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tegishli asos mavjud bo‘lganda, hukmning ijrosini kechiktirishga, amnistiya aktini qo‘llashga haqli.
Shuningdek, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan quyi instansiya sudi hukmi, ajrimining tavsif yoki qaror qismiga o‘zgartirish kiritilganda ham, basharti bu ayblov hajmi, qilmishning kvalifikatsiyasi, tayinlangan jazo turi va miqdori o‘zgarishiga olib kelmasa, sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Yuqorida nomi qayd etilgan qonun hamda plenum qarorida nazarda tutilgan shu kabi muhim jihatlar va boshqa masalalar amaliyotda inson huquqlarini to‘laqonli ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 05.06.2024
- Ko'rishlar: 1513
- Chop etish