2024 yil 2 oktyabrda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun kuchga kirdi.
– Mazkur qonun yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi va “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqildi, – dedi Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobul Tursunov. – Qonunga asosan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari (vazirlik va idoralar) nomlanishi ma’muriy islohotlar doirasida o‘zgartirilganligi bois, ushbu sohada vakolatli davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi belgilandi.
Sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida qonun bilan bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ish beruvchi tomonidan elektron tarzda yuborish shartlari belgilandi. Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish mezonlari, mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar berish shartlari qonunda mustahkamlandi.
Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish mezonlari aniq belgilab berildi. Ushbu me’yor O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan o‘zaro muvofiqlashtirildi. Bu, o‘z navbatida, kelgusida ishchilarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Aholi bandligini rag‘batlantirish va tadbirkorlikka jalb etish maqsadida qonunda taqdim etiladigan subsidiyalarning moliyaviy manbalari belgilanib, ssuda ajratilishini rad etish asoslari kiritildi.
Ish qidirayotgan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirildi. Endilikda ish qidirayotgan shaxslarning ish staji, ma’lumoti (mavjud bo‘lgan taqdirda), ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlar mahalliy mehnat organi tomonidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan, “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinadi.
Shuningdek, ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatning aslini yoki uning ko‘chirma nusxasini, ish joyidan oxirgi o‘n ikki oy uchun ish haqi (mehnat daromadi, pul ta’minoti) to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etish talabi bekor qilindi. Bu orqali ortiqcha ovoragarchilikka chek qo‘yilmoqda.
Ishga joylashtirishga doir yo‘llanmalar va ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnomalar asosida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish tartibi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqlashtirildi.
Qonun asosida mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda, moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar belgilandi. Unga ko‘ra, agar mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ish qidirish davrida o‘rtacha oylik ish haqining ishdan bo‘shatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq ko‘pi bilan ikki oyga saqlanib qolishi xodimlar uchun kafolatlandi.
Qonunda ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum bo‘lgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritildi. Ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish va to‘xtatib turish tartiblari takomillashtirildi.
Shu bilan birga, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar bilan bunday ishlarda ishtirok etish uchun mehnat shartnomasi muddatini o‘n bir oygacha bo‘lgan muddatga tuzish asoslari, ishsiz shaxslarga stipendiya to‘lash shartlari belgilandi. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari takomillashtirildi.
Qonun ishga joylashtirish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshiradi. Ishga joylashtirish bo‘yicha murojaat qilayotgan fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yiladi. Bu aholining davlat organlariga nisbatan ishonchi mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 07.10.2024
- Ko'rishlar: 932
- Chop etish