Yurtimizda o‘tkazilayotgan Butunjahon yoshlar festivali doirasida Samarqandda Islom hamkorlik tashkiloti yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Tashkilotga a’zo davlatlar vakillari ishtirok etayotgan forum Qur’on tilovati bilan boshlandi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov, Toshkent xalqaro Islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘ofurov va Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Tariq Ali Baxit forum ishiga omad tiladi.
– Dunyoning 92 davlatidan 700 dan ortiq yosh qatnashayotgan festivalning ahamiyati juda katta, – deydi Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Tariq Ali Baxit. – O‘zbekiston Prezidenti tomonidan yoshlar siyosati bo‘yicha xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Avvalo tinchlikni saqlash, inson salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, iqtisod, siyosat va boshqa sohalar rivojlanishida yoshlarning o‘rni beqiyos. Bugungi tadbir ham shu yo‘nalishlarda tajriba almashish, bu borada butun dunyo yoshlari faolligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Forumda yoshlar ta’lim-tarbiyasida islom dinining ahamiyati, undagi umuminsoniy g‘oyalar, shu bilan birga dinni noto‘g‘ri talqin etish holatlari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir ishtirokchilari xalqaro turizm markazi hududida ko‘chat o‘tqazib, “Islom dunyosi yoshlari bog‘i” yaratishga qaror qildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 28.06.2024
- Ko'rishlar: 1408
- Chop etish