Poytaxtimizda «O‘zbekistonda ayollar huquqlariga oid islom ta’limoti me’yorlarini o‘rganishning nazariy-tadbiqiy jihatlari» mavzusida o‘quv seminari boshlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi, Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy ko‘magida Al-Azhar universiteti (Misr) bilan hamkorlikda tashkil etgan ayollar huquqlarini Islom dini nuqtayi nazaridan rivojlantirishga oid seminar-trening dolzarbligi bilan ahamiyatlidir.
Dastur O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
UNFPAning O‘zbekistondagi doimiy vakili va Tojikistondagi vakolatxona direktori, doktor Nigina Abaszada seminar avvalida diniy qarashlarni gender tengligi tashabbuslariga integratsiya qilish muhimligini ta’kidladi.
– Islom dinida ayollar huquqlarini targ‘ib qilish, ayollar va qizlarning o‘z salohiyati va tanlovini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib va e’zoz bilan yashashlari uchun adolatli munosabatda bo‘lish, ayollarni himoyalash azaldan mavjud, – dedi UNFPAning O‘zbekistondagi doimiy vakili va Tojikistondagi vakolatxona direktori, doktor Nigina Abaszada. – E’tiqod yetakchilari va hamjamiyatlarni jalb qilish orqali biz ushbu qadriyatlar ayollar huquqlarini himoyalash va gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarimizda aks etishini ta’minlaymiz. UNFPA O‘zbekistonni ushbu ezgu ishlarda qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. Mazkur seminar gender tengligi yo‘lidagi ishlarimizda muhim bosqich bo‘lishiga ishonamiz.
13 sentyabrga qadar davom etadigan mazkur seminarda imom-xatiblar, otin-oyilar, mahalla va diniy tashkilotlar vakillari, shuningdek, Islom dinida ayollar huquqlari sohasida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashgan islomshunoslik sohasidagi yetakchi institut Al-Azhar universitetining nufuzli professor-o‘qituvchilari, jumladan, 60 nafargacha kishi ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston hukumati mutasaddilari va Al-Azhar universiteti vakillari ishtirokidagi yuqori darajadagi muloqot qizg‘in ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash masalalariga doimiy va jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga ayollarning jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etishiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim kamchiliklarni hal etishda birgalikda ish olib borish muhimligi e’tirof etildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda ayol-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni o‘ylantirayotgan muammo va kamchiliklarni tizimli hal etish bo‘yicha muttasil tarzda amaliy ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan joriy etilgan «Ayollar daftari» xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy muammolariga barham berishda o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda mahalla tizimiga keng tatbiq etilayotgan «mahalla yettiligi» xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, turli imtiyoz va imkoniyatlarning mohiyatini kengroq tushuntirishga xizmat qilmoqda.
Seminarda qayd etilganidek, ayollarga nisbatan turli zo‘ravonliklarning oldini olish, oilalar mustahkamligini ta’minlash, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni asrash, yoshlarni jinoyatchilikdan ogoh etish, ularning tarbiyasini to‘g‘ri tashkil etishda xotin-qizlar, mahalla faollari, nuroniylar, diniy ulamolar, otin-oyilar ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Mazkur tadbir diniy yetakchilar va hamjamiyat vakillariga gender tengligi, ayollar huquqlari va genderga asoslangan zo‘ravonlikning oldini olishni faol targ‘ib qilish uchun yanada imkoniyatlarni kengaytirib berdi. Samimiy muloqot davomida zo‘ravonlikning zararli oqibatlari haqida xabardorlikni oshirish, Islom dinidagi ayollar huquqlari, jumladan, oilani rejalashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi va diniy ta’limotlarga genderga sezgir yondashuvlarni integratsiyalash va jamoatchilik bilan aloqa qilish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashishni rag‘batlantirdi.
Seminar Islom dinida ayollarning ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash va boshqa ushbu mavzuga oid keng ko‘lamli muhim mavzularni qamrab olgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Katta ulamolar Islom kengashi bosh kotibi, Al-Azhar Buyuk imomining sobiq o‘rinbosari professor, doktor Abbos Solimon ayollar huquqlarini himoyalashda diniy yetakchilarning rolini ta’kidladi.
– Islom dini ayollarning qadr-qimmati va huquqlarini qo‘llab-quvvatlaydi, bu huquqlar jamiyatlarimizda himoya qilinishi hamda targ‘ib etilishini ta’minlash diniy yetakchi sifatida bizning burchimizdir, – dedi misrlik professor Abbos Solimon. – Mazkur seminar bizga ushbu mas’uliyatni ado etishda yordam beradigan bilim va ilg‘or tajribalarni almashish uchun ajoyib platformadir. Qur’oni karimda ayollarning huquqlari uchun erkaklar mas’ul ekani belgilangan. Zero, ayol faqat shodlik uchun yaralgan.
– O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi uyg‘unlik tariximiz, an’analarimizda namoyondir, – dedi Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Amira Fahmi xonim. – Al-Azhar universiteti va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik diniy va davlat institutlarining gender munosabatlarini targ‘ib qilishda qanday hamkorlik qilish mumkinligiga yorqin misol bo‘la oladi. Misr bu muhim ishni qo‘llab-quvvatlayotganidan g‘ururlanadi va biz buning O‘zbekistondagi hamjamiyatlarga ijobiy ta’sirini ko‘rishni intiqlik bilan kutamiz.
Buyuk Britaniyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Timoti Smart o‘zining videomurojaatida ayollar huquqlarini himoya qilish borasidagi Buyuk Britaniya hukumati va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning muhimligini ta’kidladi.
O‘quv-seminarning ilk kunida «Aholi tadqiqotlari bo‘yicha Xalqaro Islom markazining diniy asosdagi yondashuvdan foydalanishdagi ahamiyati», «Diniy yetakchilarning ayollar salomatligi va huquqlarini himoyalashdagi ahamiyati», «Islomda ayollar huquqlari» kabi mavzularda sho‘’ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 09.09.2024
- Ko'rishlar: 804
- Chop etish