Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 391 nafarni yoki 44,7 foizni tashkil etmoqda. Bu saylov tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 52-o‘ringa ko‘tarilgan.
“Bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak” degan g‘oyaga muvofiq, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Siyosiy jarayonlarga befarq emasman” shiori ostidagi targ‘ibot kampaniyasi olib borilmoqda.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Ixtirochi ayollar markazi va Turin politexnika universiteti tomonidan joriy yilning 7-11 oktyabr kunlari Ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion tadbirkorlik haftaligi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion tadbirkorlik haftaligida o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘layotgan 200 nafardan ortiq xotin-qiz o‘z biznes g‘oyalari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 04.10.2024
- Ko'rishlar: 956
- Chop etish