Jazoni ijro etish muassasalari xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi shart

Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida mahkumlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlash borasida zarur choralar ko‘rilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi milliy va xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishga bo‘lgan huquqlari mustahkamlanmoqda.

Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylovlarda hamda referendumda ishtirok etishga bo‘lgan huquqi kafolatlanmoqda.

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonunga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarining xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi shart. Mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralari va boshqa majburlov choralarini qo‘llashda kodeksda belgilangan asoslardan hamda tartibdan chetga chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mahkumlarda o‘zlarining roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.

Senatorlar ma’qullagan qonun mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishiga, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning prinsiplari va normalari bilan uyg‘unlashtirishni ta’minlashga xizmat qiladi.  

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech