Jenevada O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ijobiy tajribasi e’tirof etildi

Jenevada o‘tayotgan Ijtimoiy adolat bo‘yicha Global koalitsiyaning forumi doirasida “Hamkorlar suhbati – inson huquqlari iqtisodiyoti” mavzusida bo‘lib o‘tgan panel muhokamasida Senat Raisi Tanzila Norboyeva rasmiy bayonot bilan ishtirok etdi.

Senat Raisi O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy adolatni mustahkamlash va har bir fuqaroga munosib turmush sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Bayonotda iqtisodiy va ijtimoiy siyosat fuqarolar manfaatlariga xizmat qilishi, inson huquqlari esa inklyuziv va barqaror iqtisodiyotning asosiga aylanishi kerakligi alohida qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston inson salohiyatini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, samarali boshqaruv va ekologik barqarorlikka erishishni asosiy ustuvorlik deb biladi. Ushbu tamoyillar inson huquqlariga asoslangan iqtisodiyot yondashuvi bilan uyg‘unlashadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston mehnat huquqlari sohasida muhim natijalarga erishdi. XMTning barcha asosiy va ustuvor konvensiyalari ratifikatsiya qilindi. 2023 yilda qabul qilingan yangi Konstitutsiya va Mehnat kodeksida ushbu xalqaro standartlar o‘z aksini topgan. Ayniqsa, ayollar, yoshlar va zaif guruhlar manfaatlarini himoya qiluvchi jamoaviy kelishuv instituti kuchaytirildi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga nafaqat imtiyoz, balki fundamental huquq sifatida qaralayotgani ta’kidlandi. XMT bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “2030 yilgacha ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy strategiya” universal qamrov, ijtimoiy xizmatlar, ijtimoiy sug‘urta va mehnat bozoridagi faol choralarni nazarda tutadi.

Bayonot yakunida inson huquqlari tamoyillarini global moliyaviy boshqaruv tizimlariga chuqur integratsiyalash zarurligi ta’kidlandi. Bunday yondashuv Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va “hech kim e’tibordan chetda qolmasligi” tamoyilini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Tadbir davomida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida erishilgan ijobiy tajribani e’tirof etdi.

O‘zbekiston hamkorlikka tayyorligini, tajriba almashishga ochiqligini va har bir siyosat, byudjet va islohot inson huquqlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilishi kerak, degan qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.

***

Jenevaga tashrif doirasida Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva XMTning Xalqaro mehnat standartlari departamenti direktori Korin Varga bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekiston xalqaro mehnat konvensiyalarini ratifikatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borayotgani ta’kidlandi. Jumladan, bugungi kunga qadar 25 ta konvensiya va 1 ta bayonnoma ratifikatsiya qilingan.

Joriy tashrif yakunlari bo‘yicha XMT departamenti tavsiyalarini inobatga olgan holda maxsus “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi qayd etildi. O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturini amalga oshirish doirasida barcha rejalar, shu jumladan, mehnat inspeksiyasi institutini yanada rivojlantirish bo‘yicha vazifalar bajarilmoqda.

K.Varga O‘zbekiston mehnat huquqlarini ta’minlashda erishgan yutuqlarini yuqori baholadi. O‘zbekiston XMTning xalqaro standartlarga sodiqligini namoyon etayotgan ishonchli hamkoriga aylangani ta’kidlandi. O‘zbekiston mehnat inspeksiyasi tizimi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishi mumkinligi va XMT har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligi qayd etildi.

 

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech