JSST issiqdan himoyalanish bo‘yicha tavsiya berdi

Issiq shunchaki noqulaylik emas. Yuqori harorat sog‘liq uchun xavf tug‘diradi, inson hayotiga zomin bo‘ladi, azob-uqubat keltiradi va butun dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimiga bosim o‘tkazadi. Yaqinda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy bo‘limi yoz oylarida salomatlikni saqlashga yordam beradigan, issiq bilan bog‘liq xavf va oddiy ehtiyot chorasi yuzasidan xabardorlikni oshirish kampaniyasini boshladi.

Issiqlik turli toifadagi odamlarga har xil ta’sir qilishi mumkin. Masalan, keksalar termoregulyatsiya qobiliyati pasayishi tufayli issiqqa kamroq toqat qiladi. Chaqaloq va yosh bolada esa termoregulyatsiya hali yetarli rivojlangan. Qishloq xo‘jaligi, qurilish va favqulodda xizmat sohalari xoldimlari, jumladan o‘t o‘chiruvchilar kabi ochiq havoda ishlaydiganlar issiqlikka kasbiy xavf sifatida duch keladi.

Issiq havo surunkali kasalliklarni ham kuchaytiradi. Yurak-qon tomir va nafas olish tizimi yetishmovchiligi, qandli diabet va muayyan dori-darmon qabul qiladigan odamlar bu borada ayniqsa zaif. Homilador ayollar yuqori xavf ostida – issiqlik erta tug‘ilish va kam vaznli chaqaloq dunyoga kelishi kuzatiladi.

Issiq ta’sirning oldini asosan yaxshi tibbiy amaliyot va arzon chora orqali olish mumkin.

Avvalo isib ketishdan saqlanish zarur. Kun o‘ta qiziganda tashqariga chiqish yoki jismoniy ish bilan shug‘ullanish mumkin emas.

Agar xavf ostida bo‘lsangiz, ertalab va kechqurun xarid qilish soati imkoniyatidan foydalaning. Soya qidiring, bola yoki uy hayvonini to‘xtab turgan mashinada qoldirmang. Iloji bo‘lsa, salqin xonada 2-3 soat o‘tiring.

Yana bir maslahat: uyingizni salqin tuting. Xonani kechasi salqin havo bilan sovuting. Kun davomida ichki issiqni kamaytirish uchun pardani tushirib qo‘ying, elektr jihozlarini o‘chiring.

Sovuq va nam holda saqlaning. Yengil, keng kiyim kiying, yengil choyshabdan foydalaning, salqin dush yoki hammom qabul qiling va albatta, muntazam ravishda suv ichib turing.

Qandli, spirtli va kofeli ichimliklardan saqlangan ma’qul.

Eng muhimi – xabardor bo‘ling. Oila, do‘stlar va qo‘shnilar, ayniqsa yolg‘iz yashaydigan yaqinlaringiz bilan aloqani ushlab turing. Issiq kunda zaif odam yordamga muhtoj bo‘ladi. Agar xavf ostidagi odamni bilsangiz, ma’lumot va yordam olishda unga ko‘mak bering.

Yuqori haroratdan saqlanishda shaxsiy chora-tadbirdan tashqari, tizimli yondashuv ham zarur. JSST mamlakat, mintaqa va shaharlar uchun xavfning oldini olish, muammoni kamaytirishga qaratilgan, issiqlik bilan bog‘liq harakat rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishni tavsiya qiladi.

Bunday reja issiq bilan bog‘liq tahdidni yaxshiroq boshqarish uchun turli sektorlarni birlashtiradi. Turfa xizmatlar uchun mas’uliyatni belgilaydi, erta ogohlantirish tizimi faoliyatini muvofiqlashtiradi, zaif guruhlarni aniqlaydi, aloqa va javob mexanizmini yaratadi.

Yodda tuting! Yozgi issiq to‘lqin endi shunchaki mavsumiy hodisa emas, balki sog‘liqni saqlash tizimining iqlim o‘zgarishi sababli kuchaygan asosiy muammosidir.

S.Rahimov, O‘zA

Powered by GSpeech