JSST va YUNICYeFning yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovini oshirish bo‘yicha qo‘shma bayonoti e’lon qilindi

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge va YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominichis tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, o‘tgan yili Yevropa mintaqasida qizamiq bilan kasallanganlar soni 127 ming nafardan oshgan. Bu – so‘nggi 27 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Ko‘kyo‘talga chalinganlar soni esa 2023 yilda 87 ming nafarga yetib, oxirgi 29 yildagi rekord darajadagi o‘sish tendensiyasi kuzatilgan. 

Bu – mintaqada bolalarni muntazam emlash qamrovi turg‘un qolayotgani, ayrim mamlakatlarda esa sezilarli darajada kamayayotgani oqibatidir. Ya’ni har yili yarim milliondan ortiq bolalar vaksina olishdan chetda qolmoqda.

Agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, kelgusida mintaqada epidemiologik vaziyat keskinlashishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, JSST va YUNICYeF barcha mamlakatlarni bu yo‘nalishda shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. 

Ma’lumot uchun aytish joizki, qizamiq, ko‘kyo‘tal, difteriya, qoqsholni emlash orqali oldini olsa bo‘ladi. Hatto yaqin yillargacha ushbu patologiyalarga jiddiy xavf omili sifatida qaralmay ham qo‘ygandi. 

Biroq keyingi paytlarda ana shu xastaliklar dunyo bo‘ylab yana keng tarqala boshladi. Ayniqsa, Yevropa va Markaziy Osiyoda bu borada epidemiologik vaziyat barqaror emas. Millionlab odamlar hayoti xavf ostida. 

O‘zA

Powered by GSpeech