Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Kambag‘al oilalar a’zolari uchun imkoniyat
Kambag‘al oilalar a’zolarini kasbga o‘qitish bo‘yicha vaucher tizimi joriy etiladi. Bu haqda davlat rahbarining “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilgan.
Qarorga ko‘ra, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining kasbiy ko‘nikmalar markazlarida 2025 yil 1 fevraldan boshlab ish beruvchilar buyurtmasi va tijorat banklari mijozlari ehtiyoji asosida ishsiz aholini, shu jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, 2025 yil 1 fevraldan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, muddati 3 oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi. 2025 yil 1 maygacha esa ishsiz aholini, shu jumladan, ustuvor ravishda kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi.
Mazkur tizim 2025 yil 1 fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi.
“Ona maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi
2024 yil 14 noyabrda prezidentning “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi. Unda 2025 yil 1 fevraldan O‘zbekistonda “Ona maskani” xizmati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolganligi natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida «Onalar maskani» xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
“Onalar maskani”da:
- og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar va ularning bolalari (4 yoshga to‘lmagan) 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi;
- og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, ularda onalik va kasbiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;
- “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, farmon bilan 2025 yil 1 fevraldan boshlab:
a) ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash bo‘yicha:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ijtimoiy holati va turmush sharoitlari «Inson» markazlari tomonidan kompleks baholanadi hamda baholash natijalari asosida bolalarning ijtimoiy maqomi belgilanadi;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli oilasidan olingan bolalarning ijtimoiy maqomi va muqobil joylashtirish shakli belgilanguniga qadar ularni olti oygacha bo‘lgan muddatga oilaviy bolalar uyiga qisqa muddatli joylashtirish tartibi joriy etiladi;
- bolalarni muqobil joylashtirish shakllari bo‘yicha joylashtirish (bundan farzandlikka va tutingan (foster) oilaga olish mustasno) «Inson» markazlarining, oilaviy bolalar uyini tashkil etish va tugatish Agentlik hududiy boshqarmasining qarori asosida amalga oshiriladi;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tutingan (foster) oilaga «Inson» markazlari va bolani tarbiyaga olgan shaxslar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida joylashtiriladi. Bunda mazkur Farmon qabul qilinguniga qadar tutingan ota-onalar bilan tuzilgan bitim va (yoki) bolani joylashtirish to‘g‘risida qabul qilingan qaror bolalar muqobil joylashtirish shakllari bo‘yicha joylashtirilgan muddat tugagunga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi.
b) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda ularni muqobil joylashtirish shakllaridan biri bo‘yicha olish istagini bildirgan shaxslarning hisobini yuritish bo‘yicha:
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash, bolalarni hamda ularni muqobil joylashtirish shakllaridan biri bo‘yicha olish istagini bildirgan shaxslarni hisobga olish «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida amalga oshiriladi;
- nomzodlardan arizalarni O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish imkoniyati yaratiladi;
- nomzodlardan talab qilinadigan ayrim turdagi hujjatlar «Inson» markazlari tomonidan «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali mustaqil olinadi;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning joylashtirilganligi, bolalar uchun ishlab chiqilgan individual rivojlanish va integratsiya rejalari hamda ularning ijrosi monitoringi natijalari bo‘yicha ma’lumotlar «YaMIH» ATga kiritib boriladi;
v) ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish shakllari bo‘yicha:
- oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat to‘liq oila bo‘lishi talabi bekor qilinadi hamda 30 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi;
- oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida e’tirof etiladi hamda ularga o‘z majburiyatlarini boshqa shaxslarga yuklashiga yoxud uchinchi shaxslarni jalb qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oilaga tarbiyaga (patronat) faqat ularning qarindoshlariga beriladi;
- tutingan (foster) oilada tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning yashash xarajatlari, shuningdek, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga bolani tarbiyalagani (parvarishlagani) uchun davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar tarbiyalanuvchilar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarini tamomlaguniga qadar saqlab qolinadi.
Elektrotexnika sanoati rivojlantiriladi
2025 yil 22 yanvar kuni prezidentning “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Unda elektrotexnika sanoatini 2025–2027 yillarda rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi:
- bojxona hududida qayta ishlash rejimida tayyorlangan mahsulotlarni keyingi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat kooperatsiyasi tartibida qayta ishlash uchun bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi;
- korxonalarning rivojlanish va tadqiqot markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya jihozlari va anjomlari 2028 yil 1 fevralgacha bojxona bojidan ozod etiladi;
- ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning va davlat organlarining ma’muriy bino-inshootlarini, shuningdek ijtimoiy soha obektlarini qurish bo‘yicha xarid qilish hujjatlariga quyidagi talablar kiritiladi:
- pudratchilar zarur tovarlarni Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi va Elektron kooperatsiya portalidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qiladi;
- zarur tovarlar portallarda mavjud bo‘lmasa, tasdiqlovchi ma’lumotnomalar asosida ularni boshqa elektron portallardan xarid qilishga ruxsat etiladi.
Ishlab chiqaruvchilar ekotizimida savdolar davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida elektron do‘kon tartib-taomillari asosida, shartnoma qiymati bilan bog‘liq cheklovlarsiz o‘tkaziladi, bunda ofertalar mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.
Bolalar bog‘chalarida davomat avtomatlashtiriladi
Bo‘sh ish o‘rinlarini hisobga olish, bolalarni navbatga qo‘yish va MTTga joylashtirish uchun yo‘llanmalarni shakllantirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Bolalar bog‘chasi” maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida amalga oshiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan Toshkent shahrida pilot sinovi tariqasida, 2025 yil 1 iyuldan esa barcha davlat MTTda “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomati, ish vaqti, tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini hisobga olish joriy etiladi.
“Bolalar bog‘chasi” axborot tizimiga xizmat ko‘rsatish, uni qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishni UZINFOCOM MChJ tizim operatori amalga oshiradi, bunda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ota-onalar badalining 1 foizi yo‘naltiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yildan boshlab xodimlar va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yo‘lga qo‘yish uchun bolalar bog‘chalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan ta’minlash uchun davlat budjetidan kamida 50 mlrd so‘m ajratadi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari ko‘payadi
Bu Vazirlar Mahkamasining “Respublikada 2024—2025 yillarda elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida keltirib o‘tilgan.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan davlat muassasalari, mehmonxonalar, biznes-markazlar, savdo va umumiy ovqatlanish obektlari, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari infratuzilmasi obektlari loyihalarida to‘xtash joylarining kamida 5 foizi elektromobillarni quvvatlash stansiyalari bilan jihozlanishi kerak.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylar yaqinida, shu jumladan, ularga yaqin joylashgan to‘xtash joylarida maksimal quvvati 22 kVt bo‘lgan stansiyalarni o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi:
- avtoto‘xtash joylari, ijtimoiy obektlar va davlat muassasalarida;
- savdo va biznes-markazlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxonalar va ko‘p qavatli uylar yonida;
- avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalarida.
Yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uy-joylar hududida, shu jumladan, ko‘p kvartirali uy-joylar avtoturargohlarida eng yuqori quvvati 22 kvt bo‘lgan stansiyalar o‘rnatiladi. Tadbirkorlar mavjud ko‘p kvartirali uy joylarning faqat avtoturargohlarida stansiyalar o‘rnatishi mumkin bo‘ladi.
Boshqa o‘zgarishlar
2025 yil 1 fevraldan boshlab:
- tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar masalalari bo‘yicha vasiylik va homiylik bo‘yicha komissiyalar faoliyati tugatiladi;
- ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish masalalari bo‘yicha axborot-ma’lumotnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi «1070» qisqa raqamli va tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan xizmat test rejimida yo‘lga qo‘yiladi;
- adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida paralimpiya, karlar, ko‘zi ojizlar hamda maxsus olimpiya va nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanadigan boshqa sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi va kurs yakuni bo‘yicha 4 yil muddatga amal qiladigan malaka sertifikati beriladi;
- 2030 yil 1 yanvarga qadar eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSh dollaridan oshgan IT-park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini (shu jumladan, royalti to‘lanadigan) ko‘rsatgan, O‘zbekiston Respublikasi bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslarini ushbu kalendar yil yakuniga qadar foyda solig‘idan ozod etiladi;
Kun.uz
- Qo'shildi: 31.01.2025
- Ko'rishlar: 192
- Chop etish