Yurtimizda noyabr oyi “Keksalar turizm oyligi” munosabati bilan ushbu oyda keksalarimizning dam olish vaqtlarini maroqli va mazmunli tashkil etish, hududlar bo‘ylab ichki turizm yo‘nalishida sayohatlarga jalb etish maqsadida bir qator chegirmalar joriy qilindi.
Jumladan, turizm sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan noyabr oyi davomida respublikadagi 179 ta mehmonxona va mehmon uyi xizmatlari uchun 2-33 foizgacha hamda 78 ta umumiy ovqatlanish joyidagi xizmatlarga 5-20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, noyabr oyi davomida keksalarning mahalliy yo‘nalishlar bo‘ylab sayohat qilishi uchun “Uzbekistan Airways” AJ respublika ichidagi yo‘nalishlarda erkin sotuvda mavjud bo‘lgan barcha toifadagi ekonom-klassdagi tariflaridan 15 foiz chegirma taqdim etadi. Ushbu chegirma O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun 60 yoshdan oshgan erkaklarga va 55 yoshdan oshgan ayollarga taqdim etiladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan nuroniy nafaqaxo‘rlar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 55 yoshdan yuqori ayollar hamda 60 yoshdan yuqori erkaklarga) 1-30 noyabr kunlari barcha mahalliy yo‘nalishdagi poyezdlarning (tezyurar “Afrosiyob” elektro poyezdidan tashqari) temir yo‘l chiptalarining tarif qismidan 20 foiz chegirma bilan ta’minlanishi belgilangan. Jamiyat tomonidan ushbu chegirmali chiptalarni onlayn tarzda hamda barcha chiptaxonalarda rasmiylashtirish mumkinligi ma’lum qilingan.
“Uzautotrans Service” MCHJ tomonidan oylik davomida viloyatlarga tashrif buyuruvchi keksalarga hududlararo yo‘nalishlarda qatnovchi avtobus (guruh bo‘lib 51 yo‘lovchi borishi-kelishi) 10 foizgacha chegirma asosida xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Turistik maskanlarga kirishda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tasarrufidagi muzey va ziyoratgohlarga noyabr oyi davomida keksalar uchun 50 foiz chegirmalar belgilangan.
Madaniy meros agentligi tomonidan ushbu oylik doirasida keksalar sayohati davomida Agentlikka qarashli bo‘lgan 114 ta muzey va galereyaga kirish bepul tarzda amalga oshiriladi. Madaniyat vazirligi tomonidan noyabr oyida respublikadagi teatrlarda namoyish etiladigan spektakllar repertuarlari ro‘yxati e’lon qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 29.10.2024
- Ko'rishlar: 889
- Chop etish