Parlament quyi palatasi majlisida mahkumlarni axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ma’ruzachi tomonidan qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksiga kitob o‘qishga jalb qilish orqali mahkumlarni axloqan tuzatish bo‘yicha yangi 74/1-modda kiritilmoqda. Unga ko‘ra, faqat jazo muddatini to‘liq o‘tashi lozim bo‘lgan mahkumlarga nisbatan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qigan va belgilangan tartibda imtihon topshirgan taqdirda jazosini 3 kunga qisqartirish, biroq bir yilda ko‘pi bilan o‘ttiz kungacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, tuzalish yo‘liga o‘tganini tasdiqlovchi harakatlarni bajarishi munosabati bilan jazo muddatini qisqartirishning protsessual tartiblari hamda zarur bo‘lgan adabiyotlar bilan ta’minlash belgilanmoqda.
Bundan tashqari, mahkumning kitob o‘qigani faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya tuzilib, komissiya huzurida imtihon (test sinovi) topshirish orqali amalga oshirilishi hamda komissiya yig‘ilishi yiliga kamida ikki marta o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Jazo muddatini qisqartirish jazoni ijro etish muassasasi taqdimnomasiga binoan yoki qonunchilikda belgilangan hollarda mahkum yoki uning himoyachisi iltimosnomasiga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin. Mahkum yoki uning himoyachisi komissiya qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda sudga murojaat qilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mahkumlarni ahloqan tuzatish, ularda jamiyat qoidalari va an’analariga nisbatan hurmatni shakllantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 18.03.2025
- Ko'rishlar: 381
- Chop etish