Konstitutsiya: malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Zarur hollarda bu davlat hisobidan ko‘rsatiladi

Yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi.

Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Bosh Qomusimizda kafolatlangan huquqlarni amalda ta’minlash maqsadida 2023 yil 16 iyunda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning asosiy tamoyillari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, fuqarolarning yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlari belgilandi.

Davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasi hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirildi.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni inson omilisiz elektron tizim orqali tanlash tartibi hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestrini yuritishning ochiq va shaffof mexanizmlari joriy etildi.

Qonun inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, fuqarolarga sud jarayonlarida ishonchli himoyalanish imkoniyatini yaratdi.

Qonunga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam – ushbu qonunda belgilangan tartib-taomillar va shartlarga muvofiq to‘liq yoki qisman davlat hisobidan ko‘rsatiladigan, jismoniy shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlari ni himoya qilishga qaratilgan malakali yuridik yordamdir.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestri – davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida ushbu qonunga muvofiq shartnoma tuzgan advokatlar haqidagi ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi – kam ta’minlangan, deb e’tirof etilgan oilalar va shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasidir.

«Yuridik yordam» axborot tizimi – tasodifiy elektron tarzda tanlab olish yo‘li bilan jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishga advokatlarni jalb etish, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan va davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan maxsus elektron axborot tizimidir.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish jarayonida qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, shaffoflik, xolislik, kasbiy mahorat va bilimga egalik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, Advokatning kasb etikasi qoidalariga va advokat qasamyodiga qat’iy rioya etish, advokatlik siriga rioya etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik kabi prinsiplarga amal qilinadi.

Davlat hisobidan yuridik yordam faqat Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Kimlar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega?

Bu savolga javoban shuni aytish kerakki, kam ta’minlangan shaxslar, agar ular fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar bo‘lsa, ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar, ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar, jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek, mahkumlar bo‘lsa davlat hisobidan yuridik yordam olishi mumkin.

Ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga «Psixiatriya yordami to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda, o‘z huquqlari buzilgan, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar, Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq, jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi davlat hisobidan yuridik yordam olishga haqli.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar qonunda belgilangan tartibda va hollarda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish, davlat hisobidan yuridik yordam olishni rad etish huquqiga ega.

Shuningdek, o‘zlariga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi chog‘ida olingan axborotning maxfiyligiga rioya etilishini talab qilishga, maxsus vakolatli davlat organ xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun murojaat qilganda, haqqoniy va to‘liq axborot taqdim etishi kerak.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishiga ta’sir etuvchi holatlar to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organini o‘z vaqtida xabardor qilish lozim.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun yolg‘on yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar taqdim etgan shaxs, bu faktlar tasdiqlangan taqdirda, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni qoplashi shart.

Joriy yil 21 noyabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan davlat hisobidan ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun haq to‘lash miqdori va tartibi belgilandi.

Malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan kafolatlar, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishning shaffof tartibi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi ortishiga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech