Ko‘plab xorijliklar Erondan Ozarbayjon va Armanistonga qochdi

Isroil o‘tgan haftada Tehronga zarba berishni boshlaganidan beri kamida 700 dan ortiq xorijiy fuqarolar Eronning qo‘shni Ozarbayjon va Armaniston bilan chegarasini kesib o‘tgan. Bu haqda “Arab News” nashri yozmoqda.

Kaspiy dengizi sohilidagi Astara nazorat-o‘tkazish punkti orqali evakuatsiya qilinganlar Boku aeroportiga olib ketilmoqda va ular xalqaro reyslar bilan uylariga uchib ketmoqda.

Evakuatsiya qilinganlar orasida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, shuningdek, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Serbiya, Ruminiya, Portugaliya, AQSH, BAA, Xitoy va Vetnam fuqarolari bor. 

Ma’lumot o‘rnida: Ozarbayjon 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi sababli quruqlikdagi chegaralarini yopgandi.

– Evakuatsiya zarurati tufayli Ozarbayjon hukumati Erondan chiqib ketayotganlar uchun chegarani vaqtincha ochdi, - dedi rasmiylardan biri.

Rasmiy Yerevanning ma’lum qilishicha, Hindiston ham Armaniston orqali Erondan 110 nafar fuqarosini evakuatsiya qilgan. Polsha Tashqi ishlar vazirligi Tehrondagi elchixonasi xodimlarining bir qismini Boku orqali evakuatsiya qilayotganini bildirdi.

Turkmaniston ham Erondan evakuatsiya qilingan 120 ga yaqin odamga, asosan Markaziy Osiyo fuqarolariga o‘z hududi orqali tranzit o‘tishga ruxsat berdi.

Chexiya va Slovakiya mojarolar fonida Isroildan hukumat samolyotlarida 139 kishini uyiga olib ketdi.

M.Pirmatova, O‘zA

Powered by GSpeech