Korrupsiyaga qarshi kurashishda OAV imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish zarur

Korrupsiya butun dunyoda davlat va jamiyat rivojlanishi, barcha hayotiy muhim sohalarning taraqqiyoti yo‘lida jiddiy xavflardan biri bo‘lib qolmoqda. U fuqarolarning davlat tuzilmalariga bo‘lgan ishonchiga ta’sir qilib, iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi va ijtimoiy tengsizlikni kuchaytiradi.

Aynan shu nuqtai nazardan joriy yilning 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilangan ustuvor vazifalar keng jamoatchilikning e’tiborini tortmoqda.

Yig‘ilishda jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Xususan, o‘z nutqida davlat rahbari ilgari bu mavzu jurnalistlar uchun mutlaqo yopiq bo‘lganini, hozirgi vaqtda mavjud holat ochiqlik va shaffoflik tomonga butunlay o‘zgarganini alohida qayd etdi. Shuningdek, ochiqlik siyosati va so‘z erkinligi g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda qat’iy choralar ko‘rilishining davom etishiga urg‘u berdi.

Shuningdek, yig‘ilishda bu yo‘nalishdagi ishlar mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rniga ijobiy ta’sir qilayotgani haqida ham so‘z bordi. Xususan, O‘zbekistonning Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytingdagi o‘rni oxirgi yillarda 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi va dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarilgani buning yaqqol ifodasi bo‘ladi. Albatta, bu shunchaki raqam emas, balki katta o‘zgarishlar natijasi.

Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlik va oshkoralik prinsiplarini ta’minlash, bunda jamoatchilik, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ta’siri beqiyosdir.

Birinchidan, OAV korrupsiya holatlarini aniqlash va ommaga oshkor qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, mazkur illatning rivojlanishi uchun qulay sharoitlarni yo‘q qiladi va tegishli davlat organlari xabardorligini ta’minlaydi.

Jumladan, o‘tgan yili birgina Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan OAVda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani yuzasidan e’lon qilingan 55 ta xabar o‘rganilib, qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilgan.

Ikkinchidan, mass-media jamiyatda muhim ma’rifiy funksiyani bajaradi. Aholini korrupsiya tabiati, uning oqibatlari va unga qarshi kurashish usullari haqida xabardor qilish bilan birga, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Mamlakatda korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, OAVning mazkur funksiyasini yanada kuchaytirish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash dolzarbligi yanada ortadi.

Uchinchidan, OAVlar jamoatchilik muloqotini ta’minlash uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi. Korrupsiyaga qarshi qo‘llanilayotgan choralarni muhokama qilish va tajriba almashish uchun maydon yaratadi.

Bu, ayniqsa, davlat tuzilmalarining korrupsiyaga chalinganida muhim ahamiyat kasb etadi.

Jumladan, o‘tkazilgan yig‘ilishda xalqaro reyting tashkilotlari tavsiyasi asosida “yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan har bir vazirlik va idora jazolanishining qayd etilgani, mazkur masalada qayta aloqa mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish ahamiyatini kun tartibiga qo‘yadi.

To‘rtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishga kompleks yondashish doirasida OAVlarning sohaviy tuzilmalarda ishtirokini har tomonlama kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash belgilangan maqsadlarga erishishni kafolatlaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda hududiy korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi a’zolari orasida OAV vakillarining ishtiroki 14 foizni tashkil etadi va mazkur vaziyat ularning salohiyatidan unumli foydalanishni talab qiladi.

Zero, hududiy kengashlar tarkibiga OAV, jurnalist va blogerlar ishtirokini ta’minlash yoki yanada kengaytirish sohadagi ochiqlik va oshkoralikni, aholi va keng jamoatchilikning xabardorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, korrupsiyani oldini olish borasida belgilangan vazifalarni bajarishda quyidagi omillarni inobatga olish muhim.

– OAVlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi jarayonlarda ishtirokini huquqiy mustahkamlashni yanada takomillashtirish;

– OAV vakillarining korrupsiyaviy holatlarni aniqlash va ularga qarshi preventiv choralarni ko‘rish borasidagi malakasini yanada oshirish;

– jurnalist va blogerlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasini e’tirof etishning yangi platformalarini ishlab chiqish;

– korrupsiyaning butun jamiyat uchun tahdid va chaqiriq ekanligini inobatga olib, davlat organlarining bu borada OAVlar bilan hamkorlik qilishga intilishi choralarini yanada kengaytirish sohadagi rejalashtirilgan islohotlarni kafolatlashga xizmat qiladi.

Umuman olganda, ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘rnining ortib borishi jurnalist va blogerlarning ushbu masaladagi mas’uliyatini oshirib, jamiyat taraqqiyoti va davlat rivojlanishida ular oldiga yangi chaqiriq va vazifalarni qo‘ymoqda.

Mazkur yo‘nalishda soha vakillarining faolligi, korrupsiyani oldini olishga ko‘maklashishi jamiyatda mazkur illatga qarshi toqatsizlik munosabatini shakllantirish hamda istiqbolda mazkur sohada davlat siyosati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Iskandar Tadjidinov,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

bosh mutaxassisi.

O‘zA

Powered by GSpeech