Jinoyatchilikning oldini olish va unga sabab bo‘layotgan omillarni barvaqt aniqlash hamda kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi turdagi jinoyatlarni prognoz qilish, ularga qarshi kurashishning samarali usullarini ishlab chiqish kriminologiya sohasi oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.
Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida Kriminologiya tadqiqot instituti boshlig‘i polkovnik, yuridik fanlar doktori Baxtiyor Berdialiyev ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning haq-huquqlarini ishonchli himoya qilish borasida ichki ishlar organlar samarali faoliyat yuritmoqda. Fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun ichki ishlar organlarining joylardagi tuzilmalari 85 foizi bevosita aholiga yaqin joylarda xizmat olib bormoqda.
Aholi osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikni jilovlash borasida qilinayotgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Ayni paytda O‘zbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri hisoblanadi.
Makon va chegara bilmas ayrim turdagi jinoyatlar ommalashib, hududiy jihatdan o‘zaro aloqador bo‘lmasa-da, ularning salmog‘i, tuzilishi, demografiyasiga oid umumiy alomatlar mavjud. Shuni inobatga olgan holda, davlatimiz rahbarining farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya instituti tashkil etilib, uning fundamental vazifalari belgilab berildi.
Hozirgi vaqtda institutning tashkiliy-shtat tuzilmasi shakllantirildi. Jinoyatchilik tendensiyalarini tadqiq qilish markazi, Jinoyatchilik omillarini tadqiq qilish markazi, Koreya kriminologiyasini tadqiq qilish ofisi, Germaniya kriminologiyasini tadqiq qilish ofisi, tashkiliy bo‘lim, kadrlar guruhi, ilmiy faoliyatga raqamli va axborot texnologiyalarini joriy etish guruhi, moliya va moddiy-texnika ta’minoti bo‘limi, tahririy-noshirlik markazi, axborot-resurs markazi, ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi ish boshladi.
“Ichki ishlar organlarida ilmiy faoliyatni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi. Institut huzurida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tuzildi.
Institutning xalqaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda Turkiya, Germaniya, Koreya, Vengriya kabi davlatlardagi shunday tuzilmalar bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Respublika hududida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda bir qator kriminologik tadqiqotlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, Xitoy tajribasi asosida “O‘zbekistonda probatsiya xizmatida kriminologik profayling texnologiyasi”, Koreya tajribasi asosida “Namangan viloyatida o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish jinoyatlarini fosh etish, tergov qilish, ularning salbiy tendensiyalari va omillarini bartaraf etish metodikasi”, “Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani “Navbahor” mahallasi misolida ijtimoiy profilaktikani qo‘llash metodikasi”, “Toshkent shahrida bezorilik jinoyatlarining salbiy tendensiyalari va omillarini bartaraf etish metodikasi”, Turkiya tajribasi asosida “Manzil koloniyalarda erkin harakatlanadigan va atrofi ochiq joylarda foydali mehnatga jalb etilgan mahkumlarni masofaviy nazorat qilish tizimi”, “Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish va Navoiy viloyati jinoyatchiligini tadqiq qilish” kabi ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalari ishlab chiqildi. Ishchi guruhlar shakllantirilib, tadqiqot faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Institut xodimlari tarkibining 86 foizi, xizmatchilar tarkibining 52 foizi malakali kadrlar bilan to‘ldirildi.
Kriminologiya institutida bajarilgan ilmiy-tadqiqot loyihasi natijasida uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarni masofaviy nazorat qilishga mo‘ljallangan metodika, elektron braslet qurilmasi va dasturiy ta’minot ishlab chiqilib, intellektual mulk ob’ekti hujjatini olish, elektron brasletni ishlab chiqarish va tijoratlashtirish bo‘yicha kompleks choralar amalga oshirilmoqda.
Kriminologiya tadqiqot institutining Kriminologiya, ilmiy darajalar beruvchi va institut kengashlari nizomlari ishlab chiqildi, tasdiqdan o‘tkazildi.
Xalqaro ekspertlar kengashi nizomi tayyorlanib, uning tarkibiga xorijiy kriminolog mutaxassis olimlar jalb etish bo‘yicha ro‘yxat shakllantirilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 02.12.2024
- Ko'rishlar: 568
- Chop etish