YANGI KONSTITUTSIYA VA INSON HUQUQLARI SOHASIDAGI TA’LIM ISTIQBOLI

2023 yil 30 aprel – O‘zbekiston Respublikasi referendumi kuni

 

Yurtimizda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Shu ma’noda, mazkur Konstitutsiyaviy Qonun loyihasida o‘z aksini topgani inson huquqlari va ta’lim sohalari bilan bog‘liq ilg‘or konstitutsiyaviy normalar haqida qisqacha so‘z yuritamiz.

Qonun loyihasining 50-moddasiga binoan:

“Har kim ta’lim olish huquqiga ega.

Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi.

Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.

Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratidadir.

Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi”.

Shuni ham qayd etish joizki, inson huquqlari ta’limi – ta’limning uzviy qismi hisoblanadi. Binobarin, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining muqaddimasida har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti doimo ma’rifat va ta’lim yo‘li bilan inson huquq va erkinliklarining hurmat qilinishiga ko‘maklashishi zarurligi ta’kidlangan.

Deklaratsiyaning 26-moddasida har bir inson ta’lim olish huquqiga ega ekanligi, ta’lim inson shaxsini to‘la barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmog‘i lozimligi qayd etilgan. Shu normalardan ham yaqqol ko‘rinib turibdiki, ma’rifat va ta’lim – inson huquqlari jamiyatda hurmat qilinishini ta’minlashning eng muhim omillaridan sanaladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti inson huquqlari bo‘yicha ta’limni amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlashda jahon miqyosida yetakchi rol o‘ynaydi. BMT shafeligida 1993 yilda Vena shahrida o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasida inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifatga alohida e’tibor qaratilib, ko‘plab muhim takliflar ilgari surilgani va ular asosida keyingi 30 yilda muhim ishlar amalga oshirilgani fikrimizni tasdiqlaydi.

Jumladan, 1994 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1995 yil 1 yanvardan 2004 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim o‘n yilligi e’lon qilingan. Ushbu o‘n yillikni baholash natijasida 2004 yil 10 dekabrda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi qabul qilingan.

Jahon ta’lim dasturi inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni muayyan tarmoqlar va muammolarga yo‘naltiruvchi ketma-ket bosqichlardan iborat:

birinchi bosqich: 2005 – 2009 yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim jarayonlari qamrab olingan;

 ikkinchi bosqich: 2010 – 2014 yillar – oliy ta’lim tizimi, shuningdek o‘qituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi ta’limga bag‘ishlangan;

uchinchi bosqich: 2015 – 2019 yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida ta’lim berilgan;

to‘rtinchi bosqich: 2020 – 2024 yillar – inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratilgan.

Shu ma’noda, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi doirasida O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’limni takomillashtirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilayotganini alohida ta’kidlash lozim.

Birinchidan, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etilgani dolzarb va tarixiy ahamiyatga egadir.

Ikkinchidan, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori imzolandi va ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini hamda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi milliy va xalqaro standartlar to‘g‘risida xabardorligini, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada yuksaltirishdan iborat.

Bugungi kunda dunyodagi barcha davlatlarda inson huquqlari bo‘yicha sifatli ta’limni amalga oshirish masalasi tobora dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Bunda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim jamiyatda inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishning samarali strategiyasi sifatida e’tirof etilayotgani e’tiborga sazovordir.

Shunday qilib, bo‘lajak referendumda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasining ma’qullanishi mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha sifatli ta’lim amalga oshirilishini konstitutsiyaviy asosda kafolatlash imkonini beradi.

 

Nazira YUNUSOVA,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali tahririyatining mutaxassisi

 

Powered by GSpeech