FOLKER TYURK: “MEN O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING TARAQQIYOT YO‘LIDA INSON HUQUQLARI MARKAZIY O‘RIN TUTISHIGA BO‘LGAN QAT’IY ISHONCHINI BEHAD QADRLAYMAN”

Shu yil 13-15 mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Mo‘tabar mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qabul qildi.

BMT Oliy komissari tashrifi davomida Oliy Majlis Senati raisi, Oliy sud raisi, Bosh prokuror, Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Adliya vazirlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbarlari bilan uchrashdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rahbariyati va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), shuningdek, fuqarolik jamiyati faollari, aholi vakillari, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘ldi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo TILLABOEV bilan mazkur uchrashuvlar tafsiloti, muloqotlar mavzusi va tashrif yakunlari haqida suhbatlashdik.

 

Folker Tyurkning e’tiroflari

 

– Folker Tyurk so‘nggi olti yilda O‘zbekistonda inson huquqlari borasida amalga oshirilgan fundamental o‘zgarishlarni ijobiy baholaganiga munosabatingiz qanday?

– BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muloqoti asnosida bu haqda ochiq bayonot berdi. Ushbu baho, bir tarafdan, O‘zbekiston tomoniga g‘urur va iftixor tuyg‘ularini baxsh etsa, ikkinchi tarafdan, ishonch va mas’uliyat yukini yanada oshiradi.

Davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda BMT Oliy komissari, xususan:

  • O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish;
  • gender tenglikni ilgari surish;
  • sud idoralarining mustaqilligini va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatlari;
  • Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi qabul qilingani;
  • mamlakatimiz BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgani;
  • qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokidagi preventiv mexanizm yaratilgani;
  • mojarolar hududlaridan xotin-qizlar va bolalar o‘z yurtiga qaytarilgani;
  • ularning qayta ijtimoiy integratsiyalashuvi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini yuqori baholadi.

Shuningdek, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga 2021-2023 yillar davriga saylangani hamda mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida Kengashning yoshlar huquqlariga oid qator rezolyusiyalari qabul qilingani inson huquqlarini ta’minlash borasidagi yutuqlarning keng e’tirofi bo‘ldi.

Oliy komissar BMT tuzilmalarining O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyati qat’iy ekanini tasdiqladi. Inson huquqlarini monitoring qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va penitensiar muassasalar xodimlarini o‘qitish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar o‘z tashrifi yuzasidan o‘tkazilgan brifingda, jumladan, shunday dedi: «Inson huquqlari har bir insonning kundalik hayotida markaziy o‘rin tutmog‘i lozim. Men Oliy komissar sifatida yangi islohotlar sharoitida O‘zbekiston barcha aholi vakillariga munosib va to‘laqonli yashash imkonini taqdim etishiga ishonaman».

 

O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi loyihasi – BMT Oliy komissari e’tiborida

 

  • O‘zaro muloqotlarda joriy yil 30 aprelda referendumga qo‘yiladigan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mohiyati va ahamiyati haqida ham fikr almashildimi?
  • Albatta. Avvalo, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha tavsiyalarini yo‘llagani uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariga minnatdorlik bildirildi. Ushbu tavsiyalar yangi Konstitutsiya loyihasi matnini maromiga yetkazishda hisobga olingani ma’lum qilindi.

Yangi Konstitutsiya loyihasi ikki bosqichda xalqning fikr-mulohazalari, takliflari o‘rganilib, aholining barcha qatlamlari, keng jamoatchilik ishtirokida umumxalq muhokamasi asosida tayyorlangan. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi chog‘ida jami 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgan, har to‘rtinchi taklif loyihada o‘z aksini topgan, muhimi, yangilangan Konstitutsiyaning asosiy qismini aynan inson huquqlari va erkinliklariga oid normalar tashkil etadi.  

Loyihada “Xabeas korpus” instituti ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida shaxsni 48 soatdan ortiq sudning qarorisiz ushlab turish mumkin emasligi, telefon so‘zlashuvlarini eshitishga va tintuv o‘tkazishga faqat sud ruxsat bersagina amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilmoqda.

Shu bilan birga, “Miranda qoidalari” Konstitutsiya darajasida belgilanmoqda. Bu qoidalar insonni nohaq jinoiy ta’qibdan, ayrim tergov organlarining noqonuniy xatti-harakatlaridan himoya qiladi.

Inson huquqlarini himoya qilishda advokatlarning rolini oshirish, ularning prokurorlar bilan teng tortishuvchanlik prinsipi asosida faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Ya’ni, amaldagi Konstitutsiya advokaturaga bag‘ishlangan yangi bob bilan to‘ldirilmoqda.

Odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sudyalar mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan qoidalar ko‘zda tutilmoqda. Sudyaning boshqa organlar va shaxslar ta’siridan xoli bo‘lishini ta’minlash maqsadida sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi tartibi qat’iy o‘rnatilmoqda.

Bundan tashqari, sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lmasligi belgilanmoqda. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat davlat byudjetidan amalga oshirilishini kafolatlovchi yangi modda kiritilmoqda.

Ushbu konstitutsiyaviy yangiliklar Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar e’tiborini tortdi. Muloqotlar asnosida qonun hujjatlarini inson huquqlari nuqtai nazaridan takomillashtirishda jinoiy jazo ko‘zda tutilgan ayrim normalarni imkon qadar kamaytirish yoki yumshatish bu borada kutilgan ijobiy natijalarni berishi qayd etildi.

F.Tyurk o‘zi rahbarlik qilayotgan BMT Boshqarmasi ayni yo‘nalishdagi qonun loyihalarining xalqaro andozalarga qanchalik mosligini o‘rganib, tegishli tavsiyalar berishga hamisha tayyor ekanini ma’lum qildi.

Mehmonlarga O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi loyihasida Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berilishi nazarda tutilgani xususida ham axborot berildi. Bunday muhim konstitutsiyaviy huquq fuqarolar murojaatlarini o‘rganish davomida qonun hujjatlarida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qiladi.  

Mamlakatimizda ochiqlik siyosatini davom ettirish maqsadida yangi Konstitutsiya loyihasiga faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish va jamoatchilik nazorati institutini yanada rivojlantirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Xususan:

  • milliy qonunchiligimizda birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlarining tarkibi ochib berilmoqda hamda ular fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi mustahkamlanmoqda;
  • davlat byudjetini shakllantirish va uni ijro etish ustidan fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik nazorati olib borilishi haqida yangi modda kiritilmoqda;
  • hukumatning asosiy vakolatlaridan biri sifatida “ijro hokimiyati organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatidagi korrupsiya ko‘rinishlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifati va ochiqligini oshirish choralarini ko‘rish” belgilanmoqda.
  • fuqarolarga, ularning soni yuz ming nafardan kam bo‘lmasa, qonunchilikka oid takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish huquqi berilmoqda.

Bularning barchasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining: “Islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyatining to‘laqonli ishtirokini ta’minlash uchun davlat muassasalari kerakli shart-sharoit yaratishi kerak”, degan tavsiyasiga aynan monanddir.

 

Tashrifdan bosh maqsad – inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish

 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?

– Albatta, tashrifning bosh maqsadi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish, bu boradagi islohotlarning qat’iyligiga bevosita ishonch hosil qilish va o‘zaro hamkorligimizning hozirgi holati natijadorligini tahlil etgan holda, istiqboldagi ishlarimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olishdir. F.Tyurk va uning delegatsiyasi a’zolari ishtirokidagi barcha muloqotlarda aynan shu mavzuda so‘z yuritildi.

Xususan,  Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi. Milliy strategiyada inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo‘shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin ko‘rsatilgani uni amalda tatbiq etishni osonlashtirmoqda.

Mamlakatimiz BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari doirasida inson huquqlari sohasi bo‘yicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarib kelmoqda. O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi ko‘magida Inson huquqlari bo‘yicha kengashning Universal davriy hisoboti mexanizmi doirasida berilgan tavsiyalarning bajarilishi bo‘yicha o‘z ma’ruzalarini tayyorlash borasida ilg‘or davlatlardan biriga aylangani ham buni tasdiqlaydi.

Milliy markaz O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishi, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kengaytirilishini ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi. Milliy markaz normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlab, tegishli tartibda taqdim etib kelmoqda.

Milliy markaz aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu o‘rinda 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etilganini ta’kidlash lozim.

Shu munosabat bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk Global forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida O‘zbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali sa’y-harakatlarini yuqori baholagani yana bir bor e’tirof etildi.

– BMT Oliy komissarining Tashqi ishlar vaziri va Ombudsman bilan uchrashuvlarida inson huquqlari mavzusining aynan qaysi jihatlari muhokama qilindi?

– Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Har ikki tomon so‘nggi yillardagi aloqalarimiz O‘zbekistonning inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni davom ettirishdagi qat’iyatini namoyon etishini e’tirof etdilar.

O‘z navbatida, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili bilan uchrashuvda Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, jumladan murojaatlar bilan ishlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari haqida ma’lumot berildi.  Xususan, Ombudsman BMTning tegishli qo‘mitalariga xalqaro konvensiyalar ijrosi bo‘yicha muqobil ma’ruzalar kiritib borishi va 2023 yilda mazkur yo‘nalishdagi ishlar yanada kuchaytirilishi ta’kidlandi.

 

O‘zbekistonning gender masalalari bo‘yicha yangi huquqiy qadamlari olqishlandi

 

– BMT Oliy komissari bilan Senatda bo‘lib o‘tgan uchrashuvning eng muhim jihatlarini qisqacha sanab bersangiz?

– Birinchidan, Folker Tyurk O‘zbekistonda gender tengligi va ayollar huquqlarini ta’minlash borasida erishilgan natijalarni va hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.  

Ikkinchidan, Oliy komissar O‘zbekistonning mojarolar yuz bergan zonalardan ayollar va bolalarni qaytarish, ularni jamiyatga reintegratsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlariga yuksak baho berib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘plab davlatlar uchun namuna ekanini e’tirof etdi.  

Uchinchidan, suhbat chog‘ida xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish, ijtimoiy-inklyuziv muhit va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.  

Shu o‘rinda BMT Oliy komissari gender tenglik masalasini O‘zbekiston Prezidenti qabulidan toki boshqa uchrashuvlarda ham e’tibor markazida tutganini ta’kidlash zarur. Masalan, Nukusdagi rasmiy muloqotlarda F.Tyurk Qoraqalpog‘istondagi ta’lim tizimida ushbu masalaga nechog‘lik e’tibor qaratilayotgani, qizlarning oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi uchun qanday imtiyozlar mavjudligi bilan qiziqdi.

Keyinchalik jurnalistlar bilan muloqotida BMT Oliy komissari bu xususda: “Men (muzokaralar chog‘i) siyosiy sohadan ijtimoiy yo‘nalishga qadar – jamiyatning barcha jabhasida gender notengligini bartaraf etish masalasini ko‘tardim. Prezident va Senat Raisining ushbu notenglikni bartaraf etish borasidagi qat’iy irodasini olqishlayman. Gender zo‘ravonligi uchun jinoiy jazo joriy etish bo‘yicha yakuniy rejani ham ijobiy baholayman”, deb ta’kidladi.

 

Inson huquqlari va odil sudlov

 

– Folker Tyurkning Oliy sud raisi bilan uchrashuvida ham mamlakatimizda inson huquqlari va demokratiyaning hozirgi zamon talab va mezonlariga javob beradigan tizimini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar haqida so‘z borgan. Shunday emasmi?

– O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalari davlat siyosatining, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazardan, mazkur uchrashuvda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishning muhim shartlaridan biri ekanligiga e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan. O‘tgan qisqa davrda sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy jihatlari bilan tanishtirildi. Sohadagi ushbu tub islohotlar odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga, shuningdek, sud hokimiyati mutaqilligini, sudlar faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini mustahkamlashga, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mo‘tabar mehmonga so‘nggi olti yil mobaynida bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan qabul qilingan 50 dan ortiq qonun, farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Yanada muhimi, O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasi loyihasi bu boradagi ilg‘or normalar bilan to‘ldirilmoqda.

 

Qiynoqqa qarshi kurashish sohasida hamkorlik

 

– Qiynoqqa qarshi kurash sohasida qanday muzokaralar olib borildi?

Mamlakatimiz BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995 yil 31 avgustda ratifikatsiya qilgan bo‘lib, inson huquqlari va erkinliklari sohasida qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy majburiyatlarini izchil bajarib kelmoqda. O‘tgan davrda O‘zbekiston Konvensiya doirasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish yuzasidan BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga 5 ta milliy ma’ruza taqdim etgan.

O‘zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida O‘zbekiston Qiynoqlarga solishga va muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokoliga qo‘shilishiga oid tashabbusni ilgari surdi. Ayni vaqtda  mazkur tashabbusni amalga oshirishga qaratilgan  qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

BMT Oliy komissari bilan Milliy markazda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatimizning Qiynoqlarga qarshi konvensiya Fakultativ protokoliga qo‘shilishi yo‘lidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida BMT maxsus protseduralari bilan amaliy muloqotini davom ettirishi hamda inson huquqlari sohasida xalqaro maydondagi imijini yanada yaxshilashi nuqtai nazaridan, ushbu Fakultativ protokolning ratifikatsiya qilinishi maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

– Qiynoqqa qarshi kurash mavzusi yana qaysi uchrashuvlarda muhokama qilindi?

BMT Oliy komissari o‘z tashrifi yakunlari bo‘yicha brifingda: «O‘zbekiston qiynoqlarning oldini olish va monitoring qilish bo‘yicha muhim mexanizm hisoblangan Konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish ustida ishlayotgani haqida va’da oldik. Men umid qilaman va ishonamanki, bu va’da tez fursatda amalga oshadi. Negaki, so‘zdan ko‘ra amaliyot hamisha muhim bo‘lib kelgan», deb qayd etdi.

Bunga qadar 13 mart kuni F.Tyurk mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari bilan uchrashuvida ham, jumladan, ushbu masalani ko‘tardi. Milliy markazda tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori, Adliya vaziri va Ichki ishlar vaziri ishtirok etdi.

F.Tyurk inson huquqlari haqida so‘z yuritar ekan, dunyoning turli mamlakatlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar mahbuslar va mahkumlarga nisbatan qiynoqlar qo‘llashi yoki insoniylikka zid muomala-munosabatda bo‘lishi holatlari uchrayotganiga e’tiborni qaratdi. Uning fikricha, “qiynoqlar oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan sa’y-harakatning o‘zi, afsuski, hali ushbu illatga to‘la barham berilganini anglatmaydi. Shuning uchun davlatlar qiynoqlarning oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rishda muntazam davom etishlari zarur”.

Muloqotda bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida demokratik yangilanishlar yo‘lidan odimlayotgan O‘zbekistonning eng ulug‘ maqsadi, avvalo, xalqimizni rozi qilish, inson qadrini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlandi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida yurtimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida shiddatli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida samarali davlat siyosatini yuritishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimi alohida o‘rin tutadi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bilan muloqot asnosida ushbu tizimning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi ishtirokiga daxldor masalalar yuzasidan  o‘zaro fikr almashildi.

Jumladan, F.Turk inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholining turmush farovonligini oshirish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish, xorijiy yurtlarda qiyin sharoitga tushib qolgan vatandoshlarimizni mamlakatga qaytarish hamda jamiyatga to‘laqonli moslashishini ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlarni ijobiy baholadi.

Yurtimizda shaxs huquqlarini kafolatli ta’minlash, inson qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, ayniqsa, voyaga yetmaganlar, xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini himoya qilishga alohida mas’uliyat bilan yondashilayotgani alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, Oliy komissar boshchiligidagi delegatsiya a’zolariga Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi xalqaro standartlar, ilg‘or milliy va xorijiy tajriba asosida tayyorlanayotgani, qiynoq va boshqa tazyiqlar o‘tkazilishining oldini olish borasida ko‘rilayotgan choralar inson huquqlari samarali ro‘yobga chiqarilishiga xizmat qilishi haqida batafsil axborot berildi.

 

Qoraqalpog‘iston zaminidagi muloqotlar

 

– BMT Oliy komissarining Nukusga safari qanday o‘tdi?

F.Tyurk 14 mart kuni Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinboev bilan uchrashdi.

BMT Oliy komissari Boshqarmasi delegatsiyasi a’zolariga bugungi kunda Qoraqalpog‘istonni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil axborot berildi. Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida mintaqa aholisi hayotining farovonligini oshirish, sanoatni taraqqiy ettirish va insonlarni ijtimoiy himoya qilish holatini yaxshilash borasida olib borilayotgan tizimli siyosatning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Oliy komissar Qoraqalpog‘istonga safari, ushbu uchrashuvning tashkil etilgani va inson huquqlariga taalluqli masalalarni muhokama qilish imkoniyati yaratilgani uchun mamnuniyat izhor qildi. So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston hayotining barcha sohalarida qamrovdor islohotlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lib turganini e’tirof etdi.

–  Nukusdagi muloqotlarda yana qaysi mavzular tilga olindi?

BMT Oliy komissari O‘zbekistonda, shu jumladan, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan qamrovdor islohotlarni ijobiy baholadi. Bu haqda F.Tyurk Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari A.Daniyarov bilan uchrashuvida ma’lum qildi.

Muloqot asnosida Oliy komissar bugungi kunda qoraqalpog‘istonlik yoshlarning e’tiborida turgan masalalar bilan qiziqdi. Shuningdek, 2022 yilda Samarqandda o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha global forumga o‘xshash yirik xalqaro anjumanlarni kelgusida Nukusda ham tashkil etish istiqbollariga to‘xtaldi. 

Muloqotlar davomida F.Tyurk atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashishda amaliy qadamlarning muhimligini ta’kidladi. Orol dengizining qurishi ulkan fojea ekanini afsus bilan qayd etib, bu borada O‘zbekiston va BMT olib borayotgan samarali hamkorlik faoliyati izchil davom etishiga ishonch bildirdi.

BMT Oliy komissari Jo‘qorg‘i Kenges raisi bilan uchrashuvda Nukusda 2022 yil iyulida yuz bergan voqealar haqida ham to‘xtaldi. Bu borada, F.Tyurkning fikricha, aholi bilan amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishning barcha zarur choralarini ko‘rish muhim ahamiyatga ega.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini professional asosda tashkil etish, jumladan, bu jarayonda inson huquqlariga amal qilish, jabrdiydalarning huquqlarini himoya qilish, ularning yaqin qarindoshlariga ko‘mak berish masalalari bo‘yicha ta’lim berish muhimligini qayd etdi.

Oliy komissarning Nukus voqealari haqidagi fikr-mulohazalariga javoban har tomonlama asosli va batafsil tushuncha berildi. Jumladan, mustaqil komissiyaning ishi natijalari, sud jarayonining ochiqligi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining tahliliga oid aniq daliliy ma’lumotlar taqdim etildi.

–  BMT Oliy komissari qoraqalpog‘istonlik aholi vakillari bilan ham uchrashdimi?

– Oliy komissar Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya Nukus shahridagi “Amudaryo” mahallasi faollari bilan uchrashdi. Uchrashuvda mahallaning obro‘-e’tiborli va yoshi ulug‘ insonlari ishtirok etdi.

Muloqot asnosida davlat tomonidan aholining kambag‘al va ehtiyojmand qatlamlariga mahalla orqali tizimli yordam ko‘rsatilayotgani, mahalla ahli duch keladigan kundalik muammo va hayotiy masalalar yechimida mazkur o‘zini o‘zi boshqarish instituti nihoyatda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Mahalla raisining yoshlar ishlari bo‘yicha yordamchisi BMT Oliy komissari Boshqarmasi delegatsiyasi a’zolariga bu yerda yashaydigan navqiron avlod vakillari hayoti haqida so‘zlab berdi.

Hukumatning yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, mahallada yosh tadbirkorlarni rag‘batlantirish va ularga subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yilgan, “Yoshlar daftari” izchil yuritilmoqda. Mahalla bolalarining xorijiy tillarni o‘rganishlari hamda sport bilan shug‘ullanishlari borasida ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari mahalla yetakchilari va faollari bilan yuzma-yuz uchrashganidan mamnunligini bildirdi. Uning fikricha, bunday ochiq muloqotlar oddiy aholining turmush tarzi, hayotiy ehtiyojlari va orzu-niyatlari xususida ularning o‘zlaridan bevosita ma’lumot olish imkonini beradi.

Oliy komissar aholi sotsial-ijtimoiy hayotida mahallaning tutgan o‘rnini ijobiy baholadi. Turmushda uchraydigan turli muammolar, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq dolzarb masalalarga oqsoqollar ishtirokidagi jamoatchilik muloqoti orqali samarali yechim topilishi chindan ham muhimligini e’tirof etdi.

“Amudaryo” mahallasiga tashrifi yakunida F.Tyurk mahalla idorasi binosini ko‘zdan kechirdi. Mahalla ahlining yashash va mehnat qilish sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

 

“Sahrodagi Luvr” va insonning madaniy huquqlari muhofazasi

 

–  I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi BMT Oliy komissariga qanchalik manzur bo‘ldi?

– BMT Oliy komissari Nukusga safarining madaniy jihati xususida mazkur muzey ziyoratigacha o‘tkazgan bir necha uchrashuvlarida ham to‘xtaldi. F.Tyurk, jumladan, “Ushbu safarim doirasida Saviskiy muzeyini tomosha qilish imkoniyati tug‘ilganidan mamnunman, chunki ushbu maskan – madaniy huquqning o‘ziga xos timsoli bo‘lib, bunday boy madaniy meros bilan yaqindan tanishish men uchun sharaf va iftixordir”, dedi.

Ayni chog‘da, safardan maqsad faqat ushbu dunyoga mashhur muzeyni tomosha qilishdangina iborat emasdi. Binobarin, I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ishtirokida katta bir tadbir o‘tkazilgani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Tadbir Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklarasiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligiga bag‘ishlandi. Unda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va inson huquqlari” mavzusida ma’ruza qildi.

Milliy markaz tomonidan I.V.Saviskiy muzeyi bilan hamkorlikda onlayn va oflayn tarzda tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston yoshlari vakillari – mamlakatimizning yuridik sohadagi oliy o‘quv yurtlaridan (Toshkent, Samarqand, Namangan, Termez va Nukus), shu jumladan, qoraqalpog‘istonlik talabalar qatnashdi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk talaba-yoshlarning ko‘plab savollariga javob berdi.

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlandi

 

–  BMT Oliy komissari ishtirokida Saviskiy muzeyida bo‘lib o‘tgan tadbirning mohiyati va ahamiyati nimada?

– Shu kunlarda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklarasiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda turli tadbirlar o‘tkazilayotgani bejiz emas.

Chunki BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasiga muvofiq, 1948 yil 10 dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur xalqaro hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta’lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san’at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e’lon qilinganidan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi. O‘tgan davrda jahon hamjamiyati ushbu huquq va erkinliklarga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalari va mexanizmlari orqali dunyo miqyosida rioya etilishiga ko‘maklashmoqda.

Joriy yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi keng nishonlanadi. Deklaratsiya yubileyi arafasidagi global ko‘lamli tadbirlarga 2022 yil 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni start berildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan mazkur Deklaratsiyaning 75 yilligiga bag‘ishlangan bir yillik targ‘ibot kampaniyasi o‘tkazilmoqda. Bu jarayonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining o‘tgan davrdagi samaradorligi, bugungi kundagi dolzarbligi va amaliy xususiyatlarini ochib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida tashkil etilgan tadbir ayni global kampaniyaning uzviy davomidir. Butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham 2022 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi boshlab yuborilgan.

– Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi doirasida O‘zbekistonda yana qanday tadbirlar o‘tkazildi?

– Bu o‘rinda, avvalo, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum tashkil etilganini ta’kidlash lozim. Chunki Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida kafolatlangan huquqlardan biri – ta’lim olish huquqi – barcha inson huquqlaridan foydalanishga yo‘l ochadigan boshlang‘ich nuqtadir.

Ta’lim olish huquqi – inson huquqlari bo‘yicha ta’limni hamda ushbu huquqlarni o‘rganish, shuningdek, jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish usullari, vositalarini ham o‘z ichiga oladi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya – bu inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli bo‘lgan jarayondir.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlangani muhim ahamiyatga ega. Ushbu hujjat ijrosini o‘z vaqtida, to‘liq va samarali tashkil qilish doirasida joriy yil 20-28 fevral kunlari mamlakatimizning butun hududida “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkazildi.

Deklaratsiya insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, shu kungacha dunyoning 530 dan ortiq tiliga tarjima qilingan. Bu o‘rinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan ushbu Deklaratsiya o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingani va bir necha marta nashr etilib, beg‘araz tarqatilganini qayd etish lozim.

Yaqinda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi o‘zbek tilida (kiril va lotin imlosida) hamda qoraqalpoq tilida alohida kitobchalar shaklida yana nashr etildi. Bu ham insoniyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Deklaratsiya 75 yilligiga mo‘jaz tuhfa hisoblanadi.

 

Oliy komissarning yangi strategiyasi:

fuqarolik jamiyati bilan faol hamkorlik

 

–  BMT Oliy komissari o‘z tashrifi davomida fuqarolik jamiyati faollari bilan muloqotlarga ham alohida e’tibor qaratganini nima bilan izohlaysiz?

– Gap shundaki, F.Tyurk ushbu lavozimga saylanishi bilan mazkur BMT Boshqarmasida taraqqiyotning yangi strategiyasi, ya’ni fuqarolik jamiyati bilan davlat o‘rtasidagi sheriklikni kuchaytirish maqsadi belgilab olindi. Bunday yangicha yondashuv asosidagi hamkorlik, o‘z navbatida, butun dunyoda inson huquqlarini yanada to‘la ta’min etishga yaqindan xizmat qilmoqda.

  Shu ma’noda, Oliy komissar o‘z tashrifining boshidayoq fuqarolik jamiyati faollari va norasmiy shaxslar bilan uchrashdi. Tashrif yakunida esa fuqarolik jamiyatining uzviy qismi bo‘lgan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil qildi.

Bunday yondashuv O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil siyosatga uyg‘un va hamohangdir. Folker Turkning: “kuchli fuqarolik jamiyati muhim murvat sifatida inson huquqlari g‘ildiragining harakatini ta’minlaydi. Nodavlat tashkilotlar tashqi aralashuvsiz faoliyat yurita olishi suv bilan havodek zarur”, degan so‘zlari O‘zbekistonda to‘la qo‘llab-quvvatlangani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu tashrifi natijasida:

birinchidan, O‘zbekistonning inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni davom ettirish borasidagi qat’iyati yana bir bor yorqin namoyon bo‘ldi;

ikkinchidan, mamlakatimizda keyingi olti yilda inson huquqlari sohasida erishilgan muhim yutuqlar xalqaro mezonlar negizida xolis baholandi va ochiq e’tirof etildi;

uchinchidan, O‘zbekiston bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi, xususan, konstruktiv muloqotni yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy komissar Folker Tyurk bilan suhbati asnosida keyingi yillarda BMT bilan ushbu sohadagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etib, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq hamohang bo‘lgan O‘zbekistondagi islohotlar strategiyasining bosh ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidlagani bejiz emas.

 

G‘ulom MIRZO suhbatlashdi

«Ishonch» gazetasi 2023 yil 28 mart 38-son

O‘zA

 

Powered by GSpeech