2023 yil 30 aprel – O‘zbekiston Respublikasi
referendumi kuni
Mamlakatimizda ochiqlik siyosatini davom ettirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish va jamoatchilik nazorati institutini yanada rivojlantirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Xususan:
- milliy qonunchiligimizda birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlarining tarkibi ochib berilmoqda hamda ular fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi mustahkamlanmoqda;
- davlat byudjetini shakllantirish va uni ijro etish ustidan fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik nazorati olib borilishi haqida yangi modda kiritilmoqda;
- hukumatning asosiy vakolatlaridan biri sifatida “ijro hokimiyati organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatidagi korrupsiya ko‘rinishlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini va ochiqligini oshirish choralarini ko‘rish” belgilanmoqda;
- fuqarolarga, ularning soni yuz ming nafardan kam bo‘lmasa, qonunchilikka oid takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritish huquqi berilmoqda.
Bularning barchasi shu yil 13-15 mart kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurkning: “Islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyatining to‘laqonli ishtirokini ta’minlash uchun davlat muassasalari kerakli shart-sharoit yaratishi kerak”, degan tavsiyasiga aynan monanddir.
BMT Oliy komissari tashrifi davomida fuqarolik jamiyati faollari bilan muloqotlarga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Chunki F.Tyurk ushbu yuksak lavozimga saylanishi bilan mazkur BMT Boshqarmasida taraqqiyotning yangi strategiyasi, ya’ni fuqarolik jamiyati bilan davlat o‘rtasidagi sheriklikni kuchaytirish maqsadi belgilab olindi.
Bunday yondashuv O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil siyosatga uyg‘un va hamohangdir. Folker Turkning: “kuchli fuqarolik jamiyati muhim murvat sifatida inson huquqlari g‘ildiragining harakatini ta’minlaydi. Nodavlat tashkilotlar tashqi aralashuvsiz faoliyat yurita olishi suv bilan havodek zarur”, degan fikrlari O‘zbekistonda to‘la qo‘llab-quvvatlangani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar joylarda oddiy odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashar ekan, davlat tomonidan aholining kambag‘al va ehtiyojmand qatlamlariga mahalla orqali tizimli yordam ko‘rsatilayotganiga e’tibor qaratdi. Mo‘tabar mehmon, shuningdek, mahalla ahli duch keladigan kundalik muammo va hayotiy masalalar yechimida mazkur o‘zini o‘zi boshqarish instituti nihoyatda muhim ahamiyat kasb etayotganini ma’qulldi.
Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda el-yurtimiz hayotining barcha soha va yo‘nalishlari bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Birgina 2022 yilning o‘zida mahalla faollari ko‘magida yuz minglab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangani, 9 ming 400 dan ortiq mahallaning qariyb 3 mingtasi yoki 31 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani bu yangi tizimning nechog‘lik natijadorligini yaqqol tasdiqlaydi.
O‘tgan yili “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlar doirasida byudjetdan ajratilgan qariyb 27 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 4 mingta mahallada keng ko‘lamli qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilgan, yuzlab maktab, bog‘cha, tibbiyot maskanlari barpo etilgan va yangilangan, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va issiqlik ta’minoti, yo‘l va transport tizimlari faoliyati yaxshilangan. O‘z navbatida, 2023 yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ushbu maqsadlar uchun yana 5 ming 800 ta mahallaga 30 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan bu kabi ezgu amallar zamirida Prezident Shavkat Mirziyoevning ushbu tizimni yanada taraqqiy ettirish, xususan, baxtli va osoyishta, obod va farovon, to‘kis va munosib hayot kechirishimizga bog‘liq barcha masalalar yechimini xalq ovozi bo‘lgan mahalla darajasiga tushirishga oid tashabbusi mujassamdir. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor bo‘lgan mahalladir”.
Shu kunlarda yurtimizda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Xalqimiz ovoz beradigan yangi Konstitutsiya loyihasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi belgilab qo‘yilayotgani diqqatga loyiqdir.
Konstitutsiyamizda bunday kafolatning belgilanishi mahallalarga:
birinchidan, o‘z hududini mustaqil boshqarish;
ikkinchidan, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish;
uchinchidan, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish;
to‘rtinchidan, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
beshinchidan, aholi farovonligini ta’minlash borasida muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.
Bu haqda fikr yuritganda, xususan, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat ko‘rsatadigan huquqiy makonni kengaytirish maqsadida, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida:
- 2018 yil 12 aprelda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani;
- 2018 yil 18 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, jumladan, «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi, «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar yangi davr talablari asosida takomillashtirilgani;
- O‘zbekiston Prezidenti 2018 yil 4 mayda “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini imzolagani;
- 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi tuzilgani;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 4 oktyabrda “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingani;
- Prezidentimizning 2019 yil 30 oktyabrda qabul qilingani “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashining samarali faoliyatini ta’minlash maqsadida Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi maqomida qayta tashkil etilganini ta’kidlash o‘rinlidir.
O‘z navbatida, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da ushbu sohaning joriy va istiqboldagi ustuvor maqsadlari hamda asosiy vazifalari belgilab berildi. Bunda, avvalambor, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 1-maqsadi “Mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish”, deb nomlanganiga e’tibor qaratish zarur.
Taraqqiyot strategiyasining 4-maqsadi “Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish” deb nomlangan. Unda, xususan, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish, mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish; vazirlik va idoralar faoliyatining barcha yo‘nalishlarini “Davlat – xalq xizmatchisi” tamoyili asosida fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish vazifalari belgilangan.
Eng asosiysi, Taraqqiyot strategiyasining “Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” deb nomlangan 12-maqsadida bu boradagi bevosita muhim bir qator vazifalar nazarda tutilgan.
Birinchidan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish uchun, xususan, Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda hududiy, tarmoq va davlat dasturlari loyihalarini ochiq e’lon qilib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilayotgani ahamiyatlidir.
Ikkinchidan, ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati sub’ektlarini keng jalb qilish, davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ehtiyojmand aholini kasbga o‘rgatish kabi ijtimoiy foydali loyihalarni amalga oshirishni nodavlat notijorat tashkilotlariga ochiq tanlov asosida taqdim etish amaliyoti tatbiq etilmoqda.
Uchinchidan, jamoatchilik nazoratining qonuniy asoslari yanada mustahkamlanmoqda. Bunda jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan shakllari, ularni amalga oshirish mexanizmlari izchil joriy etilayotgani juda muhim.
To‘rtinchidan, ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarkasbiy faoliyatining himoyasi yanada kuchaytirilmoqda. Bu muhim maqsadga erish uchun, birinchi navbatda, fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning samaradorligini o‘rganishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish tartibi joriy qilinayotgani e’tiborlidir.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni yanada kuchaytirilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Taraqqiyot strategiyasining 89-maqsadi “Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash” deb atalgani katta ahamiyatga ega. Ayni vaqtda Taraqqiyot strategiyasi ko‘zda tutilgan eng muhim vazifalar qatorida Axborot kodeksi loyihasini tayyorlash ustida qizg‘in ish bormoqda.
Bularning barchasi, shubhasiz, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish hamda jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki va ta’sirchan rolini oshiradi. Binobarin, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini ta’minlash, boshqaruv qarorlari qabul qilinishini sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarishda aynan fuqarolik jamiyati institutlari beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamizga ushbu yo‘nalishda kiritilayotgan yangilanishlar fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimiz hayotidagi rolini yanada oshirish bundan buyon ham e’tibor markazida bo‘lishidan dalolat beradi. Bu fikrimizni bugungi kunda birgina mahalla tizimida boshlangan yangi islohotlar to‘lqini ham yaqqol tasdiqlab turibdi. Xususan:
- mahalla fuqarolar yig‘iniga o‘zi joylashgan hududdagi xalq deputatlari mahalliy kengashlari sessiyalariga takliflar kiritish, kengash qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etish huquqi berilmoqda;
- aholi o‘rtasida e’tirozlarga sabab bo‘layotgan ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish uchun mahalla raisi tomonidan muhokamalar o‘tkazish, har oyda mahalla kengashida tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda;
- hududlarda “mahalla nazorati” va “mahalla raisi so‘rovi” institutlari joriy etilmoqda;
- bu yil yurtimiz tarixida birinchi marta tajriba tariqasida har bir hududdagi bitta tumanda “mahalla byudjeti” tizimi o‘rnatilib, mol-mulk va yer solig‘ining bir qismini mahallalarning o‘zida qoldirish ko‘zda tutilmoqda. Bunday amaliyot mahallalar hududidagi muammolar bevosita ular tomonidan mustaqil hal etilishida juda qo‘l kelishi tayin.
Bu yangi tashabbuslarning ijobati, shubhasiz, mahallalarni fuqarolik jamiyatining tayanch ustuniga, chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirishga xizmat qiladi. Binobarin, mahallalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari mamlakatimiz hayotining barcha sohalaridagi qamrovdor islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishda beqiyos o‘rin tutadi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 03.04.2023
- Ko'rishlar: 6513
- Chop etish