Butunjahon salomatlik kuni

Salomatlik insonning asosiy boyligi hisoblanadi. Zamonaviy hayot ritmida va doimiy stressli vaziyatlarda organizmni sog‘lomlashtirishga vaqt ajratish qiyin. Sog‘lom turmush tarziga e’tiborni tortish — Butunjahon salomatlik kuni deb atalgan bayramning muhim vazifasidir.

Butunjahon salomatlik kuni 7 aprel kuni nishonlanadi. Bu o‘z salomatligi, sog‘lom tanasi va mustahkam irodasi haqida qayg‘uradigan har bir kishi uchun muhim bayramdir.    

Butunjahon salomatlik kunini yaratish g‘oyasi 1948 yilda Jahon Sog‘liqni saqlash assambleyasining birinchi  sessiyasida ilgari surildi. Lekin, 1948 yilda bu Butunjahon kuni 22 iyul – JSST ustavi ratifikatsiya qilingan kunda nishonlanar edi.  

Har yili Butunjahon salomatlik kuni muayyan shior ostida o‘tkaziladi va aniq mavzuga ega bo‘ladi.  Ayni paytda aralashuv va nazoratni talab qiladigan eng muammoli bo‘lgan mavzu tilga olinadi. 2023 yil 7 apreldagi Butunjahon salomatlik kunining shiori “Salomatlik barcha uchun” deb nomlanadi.    

Barcha bayramlar singari, Butunjahon salomatlik kuni ommaviy tadbirlar, konferensiyalar va fleshmoblar bilan nishonlanadigan o‘z an’analariga ega bo‘lib, tibbiyot muassasalarida asosiy mutaxassislarning bepul maslahatlari o‘tkaziladi, bu yerda har bir tashrif buyuruvchi ko‘plab kasalliklarning paydo bo‘lishi va rivojlanishining oldini olish, salomatlik bilan bog‘liq muammolarni erta aniqlash maqsadida har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tish zarurligi haqida  ma’lumot olishi mumkin.  

Yirik shaharlarda sog‘lom turmush tarziga bag‘ishlangan ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi. Faollar mavzu yuzasidan fleshmoblar uyushtiradi va targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullanadi. Ko‘zlangan asosiy maqsad— odamlarni sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik qilishga va muntazam ravishda tekshiruvdan o‘tishga undashdan iborat.  

JSST doimiy jismoniy faollikni salomatlikning asosiy va eng muhim tarkibiy qismi deb atadi.  

Jismoniy faollik deganda mushaklarning qisqarishi va energiya sarfini talab qiladigan qandaydir tana harakati tushuniladi.  

Jismoniy faollikning yetishmasligi — saraton, qandli diabet, va yurak kasalliklari kabi ko‘plab yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning sabablaridan biridir. Bu ahamiyati bo‘yicha global aholi o‘limining to‘rtinchi sababidir.  

Jismoniy faollik har qanday harakatni, hox yurish, raqs, o‘yin, sportni o‘z ichiga oladi. “Harakat – bu hayot” deb bekorga aytilmagan.  

O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilish sohasida qabul qilingan qator qarorlar, farmonlar, dasturlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, sifatli tibbiy xizmat tizimini ishga tushirish, tibbiyotda zamonaviy metod va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ishlarni tezlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.  

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz xalqimiz salomatligi uchun har qancha mablag‘ va kuch-imkoniyat sarflashga tayyormiz».  

Qiziqarli faktlar  

•  Rasmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Yaponlar dunyodagi eng sog‘lom millatdir. Bundan tashqari, ushbu tadqiqotlar, dunyodagi eng sog‘lom makonni ham topdi. Bu Yaponiyaning Okinava oroli. U yerda o‘rtacha hisobda odamlar 80 yil yashaydi, bir asrdan ko‘proq vaqt davomida yashaganlar soni esa 500 dan oshgan.  

• Salomatlik haqidagi fan valeologiya deb ataladi  

• Butunjahon salomatlik kunidan tashqari, Butunjahon ruhiy salomatlik kuni (10 noyabr), Butunjahon saratonga qarshi kurash kuni (4 fevral), Butunjahon tamakisiz kun (31 may) va boshqa ko‘plab qiziqarli bayramlar bor.  

Feruza Avazova  

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Xalqaro hamkorlik bo‘limi yetakchi mutaxassisi

O‘zA

Powered by GSpeech