SAYYORA RASHIDOVA MASHHUR AKADEMIK VA BIRINCHI OMBUDSMAN

Sayyora Sharofovna Rashidova Ikkinchi jahon urushining burilish pallasida atoqli davlat va jamoat arbobi, yozuvchi va front jangchisi Sharof Rashidov oilasida dunyoga kelgan. Xalqaro hamjamiyat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilib, ushbu hujjat O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotining ham uzviy qismiga aylangan yili Sayyora opa endi 5 yoshga to‘lgandi.

Mamlakatimiz keng jamoatchiligi va xalqaro jamoatchilik Sayyora Sharofovnani taniqli kimyogar olima, Butun dunyoda e’tirof etilgan O‘zbekiston kimyogarlari ilmiy maktabining yirik tashkilotchisi, mashhur davlat va jamoat arbobi sifatida yaxshi biladi hamda yuksak qadrlaydi.

 

Mustaqil O‘zbekistonda yangi inson huquqlari institutlari shakllanishi

 

Sayyora Sharofovna mehnat faoliyatining asosiy qismi mustaqil O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan chambarchas bog‘liq. Sayyora opa ikki marta, ya’ni 1995 — 2004 yillarda Oliy Majlis deputati etib saylangan, mamlakatimizda parlamentarizm qaror topishi, shuningdek, Oliy Majlisning qonun ijodkorligi va parlament nazorati faoliyatida ham faol ishtirok etgan.

 Sayyora Rashidova “Olima” uyushmasi prezidenti, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi prezidiumlarining a’zosi, “Alyans Fransez” va O‘zbekiston-Polsha do‘stlik jamiyati raisi lavozimlarida ishlagan. Shu asnoda mamlakatimiz ijtimoiy hayotida samarali faoliyat ko‘rsatgan.

Inson huquqlari himoyasiga daxldor milliy va xalqaro jamoatchilik vakillari Sayyora Rashidovani mamlakatimizdagi Ombudsman institutining asoschisi sifatida e’tirof etadi.

Sayyora Sharofovna ilk bor 1995 yil dekabrida birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha vakil etib saylangan. Opa umrining naqd 20 yilini ana shu xayrli, mas’uliyatli va o‘ta nozik ishga bag‘ishladi. Binobarin, parlamentimiz Sayyora Rashidovani Ombudsman lavozimiga qatorasiga to‘rt marta sayladi. Shu o‘rinda bunday voqelik jahon ombudsmanlari tarixida ham o‘ziga xos noyob hodisaligini ta’kidlash lozim.

Sayyora Rashidova sobiq ittifoq mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib Ombudsman vazifasini bajarishga kirishgan. Qolaversa, “Ombudsvumen” maqomida MDH mamlakatlaridagi Ombudsman instituti “gender mezoni”ga amal qilishini ham aynan Sayyora opa boshlab bergan.

Qovun – qovundan rang oladi, deydilar. O‘zbekistonning bu boradagi ilg‘or ijobiy tajribasi asosida dastlab Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon, keyin Rossiya, Armaniston va Markaziy Osiyoning Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarida Ombudsman lavozimlarini xotin-qizlar vakillari egalladi.

O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi 1995 yili Oliy Majlisning birinchi sessiyasida ta’sis etilgan. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha paytda Konstitutsiyada bu haqda tegishli norma va Ombudsman to‘g‘risida maxsus qonun hali mavjud emasdi.

Vakil zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishiga ko‘maklashish maqsadida Oliy Majlisning 1995 yil 6 maydagi qarori bilan Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya qilish komissiyasi tuzilgan. Vakil va Komissiya faoliyati dastlab Oliy Majlis Kengashining 1995 yil 29 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili to‘g‘risidagi nizom” bilan tartibga solingan.

Komissiya inson huquqlariga rioya etish va ushbu huquqlarni himoya qilish ishlari bilan jamoatchilik asosida shug‘ullangan bo‘lib, uning bu boradagi faoliyati alohida diqqatga loyiq. Komissiya tarkibida O‘zbekistonning taniqli davlat va jamoat arbobi Farmon Omonov, otaxon advokat Sanjar Yoqubov, huquqshunos Janabay Sadikov, yurtimiz tibbiyot sohasining mohir vakillari Irina Saveleva va Dilfuza G‘ulomova, kasaba uyushmalari yetakchisi Zoirjon Qodirov kabi taniqli huquqshunoslar va jamoat arboblari bor edi.

 

Ombudsman faoliyati huquqiy asoslarini yaratishdagi ishtiroki

 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1996 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlash ishlari boshlangan. Sayyora Sharofovna qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhga rahbarlik qilgan.

Bu jarayonda Oliy Majlis deputatlari, huquqshunos olimlar, xorijiy ekspertlar, xususan, Amerika ombudsmanlari assotsiatsiyasining sobiq prezidenti, BMT eksperti Din Gotterer ishtirok etgan. Qonun loyihasini tayyorlashda chet el ombudsmanlarining tajribasi, ekspertlarning taklif va mulohazalari, shuningdek, YeXHTning1996 yil sentyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar” mavzuidagi seminar-kengashi materiallari hisobga olingan.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi qonun loyihasi “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalarining 1997 yil 14 fevral sonida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinadi. Mazkur qonun loyihasiga bunday yuksak munosabat inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi institutga alohida vakolatlar taqdim etilishining muhimligidan dalolat berardi.

Oliy Majlisning 1997 yil 24 aprelda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida ushbu qonun mamlakat parlamenti deputatlarining mutlaq ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi. Qonun nomida Vakil institutining har ikki nomi, ya’ni “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili” va “(ombudsman)” nomlari qo‘llanilgan bo‘lib, keyinchalik Ozarbayjon va Qirg‘iziston qonun ijodkorlari o‘z mamlakatlarida ayni mazmundagi qonunni ishlab chiqishda ana shu ibratli tajribaga tayandi.

Parlamentimizning o‘sha tarixiy majlisida so‘zga chiqqan Sayyora Sharofovna ta’kidlaganidek, “Qonun loyihasida Ombudsman institutining haqiqiy erkinligi va mustaqilligini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish zarurligi g‘oyasi o‘z ifodasini topgan. Qonunga muvofiq, Vakil erkin va davlat organlari bilan mansabdor shaxslardan mustaqil faoliyat yuritadi”.

Milliy parlamentning 2004 yil 27 avgustda bo‘lib o‘tgan o‘n beshinchi sessiyasida parlament islohoti va ikki palatali Oliy Majlisni tashkil etish jarayonlari doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Bu qonun loyihasi ham Sayyora Rashidova tomonidan, Inson huquqlari bo‘yicha vakilning o‘sha paytda amalda bo‘lgan qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda parlament yig‘ilishi e’tiboriga havola etilgandi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaga Ombudsman va uning o‘rinbosari Oliy Majlisning har ikki palatasi tomonidan saylanishi bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritildi. Ya’ni, O‘zbekistonda Ombudsman instituti konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. Keyinchalik bir qator kodeks va qonunlarga Ombudsman maqomi va vakolatlarini kafolatlovchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

O‘zbekona Ombudsman maktabi

 

Sayyora Sharofovnaning Ombudsman lavozimida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha olib borgan samarali faoliyati mamlakatimizda va butun jahonda keng e’tirofga sazovor bo‘ldi. Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma, BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHT bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminarlar doirasida biz o‘shanda butun O‘zbekistonni kezib chiqqanimiz esimda. Mo‘ynoqdan toki Termiz va Andijongacha borgandik. Bu bir-biridan uzoq hududlardagi mahallalar, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida bo‘lgandik, sudyalar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan uchrashgandik, jazoni ijro etish muassasalari ishi bilan tanishgandik.

Ana shu betinim safarlar davomida Sayyora opa o‘zining atigi 7 kishidan iborat mo‘jaz jamoasi bilan birgalikda bajargan mashaqqatli mehnatlari munosib natijasini berdi. Ya’ni, “Ombudsman” degan shvedcha noma’lum atama xalqimiz til boyligidan “inson huquqlari himoyachisi” degan aniq mazmun bilan mustahkam joy oldi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Ombudsman instituti timsolidagi ilmiy-amaliy maktab qaror topdi. Bunda Sayyora Sharofovna olima sifatida ilk bor mamlakatimizda Ombudsman institutini rivojlantirishni ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tashabbusi bilan chiqqani beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Opaning bevosita rahbarligida o‘tgan davrda tayyorlangan “Ombudsman – O‘zbekistonda”, “Dunyo Ombudsmanlari” (3 tilda), “Inson huquqlari monitoringi” nomli ilmiy to‘plamlar va boshqa ko‘plab kitoblar inson huquqlarini himoya qilishning ilmiy asosiga aylandi. Bundan tashqari, Ombudsman ofisi xodimlari ayni mavzularda MDH mamlakatlarida birinchilar qatorida o‘z ilmiy ishlarini yoklashga muvaffaq bo‘ldilar.

Sayyora Rashidova Ombudsmanning mintaqaviy vakillari institutiga ham asos soldi. Hozirgi kunda Ombudsmanning mintaqaviy vakillari yurtimizning barcha hududlarida faoliyat yuritmoqda.

Ombudsman to‘g‘risidagi qonunning dastlabki tahririda faqat “Ombudsman Komissiya a’zosini o‘z vakili etib tayinlashi mumkin” degan norma qayd etilgandi, xolos. Qonun tilidagi “mumkin” so‘zi ayni normaning majburiy tusda emasligini anglatib turishiga qaramay, viloyatlar hokimlarining qarorlari bilan hududlarda Ombudsman va uning vakillariga fuqarolarni qabul qilish uchun binolar ajratilib, ularni texnik jihatdan ta’minlash choralari ko‘rilgani hanuz yodimda.

Bu borada o‘sha paytda Jizzax viloyatining hokimi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, ayniqsa, peshqadamlik ko‘rsatgandilar. U kishining qarori asosida viloyatda Ombudsman vakili samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha zarur sharoitlar qisqa fursatlarda muhayyo etilgandi.

Hududlarda, shuningdek, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash muassasalari va kasaba uyushmalari organlari bilan hamkorlikda Ombudsman mintaqaviy vakilining qo‘shma ishchi guruhlari tashkil etilganini ham aytib o‘tish darkor. Bu ishchi guruhlarni tuzishdan maqsad fuqarolardan tushgan murojaatlarni joylarda samarali hal etish edi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, yurtimizdagi ko‘plab taniqli va obro‘li shaxslar Ombudsmanning mintaqaviy vakillari sifatida astoydil xizmat qilganlar. Mashhur jamoat arboblari Shoinoyat Shoabdurahimov, Parda Ziyotov, Azizbek Sodiqov, Marat Yusupov, Abdumutalib Abdullayev, Xolida Alimova, taniqli huquqshunoslar Toshpo‘lat Sayidov, Rustambek Turdiyev, Olimjon Nuriddinov, Janabay Shilmanov, Akmal Mamajonov, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, professorlar Yusufjon Nishonov, Murodullo Normurodov, Mamazoir Xo‘jamberdiyev, Rasuljon Tojiyev, Laziza G‘afurova shunday fidoyi insonlar jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi Farmoni bilan Ombudsmanning doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari haq to‘lanadigan maqomga ega bo‘ldi.

Sayyora Sharofovna Ombudsman faoliyatining ixtisoslashuviga ham asos soldi. Opaning tashabbusi bilan Toshkent va Samarqandda Bemorlarning huquqlari bo‘yicha ombudsman, Toshkent davlat agrar universitetida Talabalar ombudsmani, Zangiota koloniyasida Mahkumlarning huquqlari bo‘yicha ombudsman ta’sis etildi. O‘zbekistonda Ombudsmanning tizimli ixtisoslashuvi, o‘z navbatida, Bolalar ombudsmani va Biznes-ombudsman timsolida yanada rivojlantirildi.

Shu bilan birga, huquqshunoslar, advokatlar, olimlar, jamoat arboblaridan iborat Ekspert kengashi tashkil etildi. Bu kengash Ombudsmanning oz sonli mehnat jamoasiga fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va joylarda inson huquqlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ko‘maklashishga kirishdi. Ayni faoliyat keyinchalik Qiynoqlarning oldini olish milliy mexanizmi doirasidagi jamoat guruhlari uchun tayanch bo‘ldi.

Ombudsman timsolidagi mas’uliyatli lavozimda ishlar ekan, Sayyora opa yurtimiz fuqarolarini ayrim to‘ralar va buyruqbozlarning o‘zboshimchaliklaridan, adolatsiz qarorlardan, noto‘g‘ri ayblovlardan himoya qildi. Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, xotin-qizlarga belgilangan qamoq jazosi muddatlari imkon qadar qisqartirilishiga erishdi. Ko‘plab yetim bolalarning boshini siladi. Ehtiyojmand insonlar davlatdan bepul uy-joy olishi, grant asosida o‘qishga kirishi, moddiy yordamdan foydalanishi, munosib ishlarga joylashishi bilan bog‘liq qanchadan-qancha ezgu hamda savobli amallarning boshida turdi.

 

Xalqaro e’tirof

 

Shu tariqa O‘zbekistonning Ombudsman instituti xalqaro ombudsmanlar oilasida munosib o‘rin egalladi. Sayyora Rashidova ushbu institut nomidan yirik xalqaro forumlarda, shuningdek, BMT, YeXHT, Yevropa Ittifoqi kabi nufuzli tashkilotlarning inson huquqlari masalalari bo‘yicha ustav va shartnoma qo‘mitalari yig‘ilishlarida ishtirok etdi.

O‘zbekistondagi Ombudsman instituti ofisiga tashrif buyurish inson huquqlari masalalarini o‘rganish bo‘yicha keladigan xorijiy delegatsiyalarning dasturidan joy olishi odatiy holga aylandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonga ko‘plab mamlakatlardan Ombudsmanlar tashrif buyuradigan bo‘ldi.

Bundan chorak asr avval, ya’ni 1998 yil dekabrida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 50 yilligini nishonlash maqsadida go‘zal va boqiy shahar Parijga birga safar qilganimizni xushnudlik bilan eslayman. O‘shanda biz ulug‘ do‘stim va qadrdon og‘am, dunyoga mashhur yozuvchi va diplomat Chingiz Aytmatov bilan ham uchrashgandik.

Sayyora Sharofovna jahon ombudsmanlari bilan ko‘p tomonlama va ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surib, bu borada shxsan o‘zi ko‘plab ezgu ishlarni amalga oshirdi. Natijada O‘zbekiston Ombudsmani Xalqaro ombudsman instituti, Yevropa ombudsmani instituti, Osiyo ombudsmani assotsiatsiyasi kabi nufuzli tuzilmalarga a’zo bo‘ldi.

Sayyora opaning bevosita tashabbusi negizida O‘zbekiston Ombudsmani bilan Shvesiya, Ispaniya, Fransiya, Portugaliya, Polsha, Slovakiya, Bolgariya, Vengriya, Chexiya, Rossiya, Tailand kabi aksariyat davlatlarning ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari tuzildi. Shuningdek, Shvesiya ombudsmanining 200 yilligiga bag‘ishlangan Stokgolmdagi tanatanali marosimda Sayyora Sharofovna O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qildi.

Sayyora Rashidovaning boy hayot yo‘li, ibratli ilmiy-ma’rifiy tajribasi, yuksak kasbiy mahorati va faol fuqarolik pozitsiyasi – bularning barchasi mamlakatimizda inson huquqlari himoyasi bo‘yicha yangi bir institut oyoqqa turishiga va faoliyatining jadal rivojlanishiga, O‘zbekiston Ombudsmanining xalqaro nufuzi izchil yuksalishiga xizmat qildi.

 

Fidoyi faoliyatning munosib bahosi

 

O‘zbekistonning Birinchi Ombudsmani mustaqillik yillarida «Do‘stlik», «El-yurt hurmati» va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlandi. Bu, hech shubhasiz, Sayyora opaning fidokorona xizmatlari davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan e’tirof etilishining munosib ifodasidir.

Yangi O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklariga rioya qilish va bu huquqlarni qat’iy himoya qilish masalalari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi hayotga tatbiq etilmoqda. Birinchi marotaba yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 56-moddasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning huquqiy maqomi mustahkamlab qo‘yildi.

2020 yil 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan inson huquqlari sohasida yangi ta’sis etilgan mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Akademik Sayyora Rashidova “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonining birinchi sohibasiga aylandi.

Xalqimizda “Oqqan daryo oqaveradi”, degan purma’no maqol bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov”ning zurriyodi sifatida shu ulug‘ insonga har tomonlama munosib farzand ekaningizni hayotda hamisha yuksak darajada tasdiqlab kelayotganingizga guvohmiz. Buning uchun sizga tahsinlar aytish barobarida, ibrat olsak arziydi.

Umuman olganda, , Sayyora Sharofovna Rashidova  uzoq yillar davomida davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarida, ilmiy-ma’rifiy muassasalardagi samarali faoliyati davomida o‘z yuksak iqtidor va salohiyatini namoyon qilib, yurtimiz ravnaqi hamda xalqimiz farovonligini ta’minlash, vatandoshlarimiz huquqlarini tiklash yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda. Zero, mana shunday mehnatsevar va fidoyi farzandlarini jonajon Vatanimiz ham hech qachon unutmaydi.

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori, akademik.

 «Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 1 avgust kungi 156-soni

 Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech