Ushlab turish jarayonida inson huquqlari kafolatlanadi

Har bir inson yashash, erkin boʻlish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga ega. Bu tamoyillar milliy qonunchiligimizda ham, xalqaro meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda ham oʻz aksini topgan. Xususan, adolatli dunyoning huquqiy asosi hisoblanuvchi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida har bir insonning asosiy huquqlari boʻlgan bu qoidalar mustahkamlab qoʻyilgan.

Mazkur deklaratsiya qabul qilinganiga bu yil 75 yil toʻldi. Mamlakatimizda ham ushbu sana keng nishonlanmoqda. Deklaratsiyada oʻz aksini topgan ezgu tamoyillar yurtimizda izchil bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, “Inson qadri uchun” degan ezgu maqsadlar bilan hamohangdir.

Inson qadri haqida gap borar ekan, avvalo, uning haq-huquqlarini himoyalash, hayotdagi har qanday holat va vaziyatlarda erkinligi va daxlsizligini taʼminlash masalasi ustuvorlik kasb etadi. Zero, hayot bir tekis emas. Baʼzida inson adashadi, xatoga yoʻl qoʻyadi, bilib-bilmay jinoyat koʻchasiga kirib qolishi mumkin. Shunday vaziyatlarda, tabiiyki, huquqiy choralar koʻrishga toʻgʻri keladi. Ammo bu jarayonda ham insonning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish, qonunchilikda belgilangan yashash, erkin boʻlish va daxlsizlik huquqlariga rioya etish ustuvor vazifadir. Ayniqsa, jinoiy-protsessual ushlab turish jarayonida bu qoidalarga rioya etish dolzarb ahamiyatga ega.

Protsessual majburlov choralari bevosita insonning huquq va erkinliklariga daxl qiluvchi ushlab turish, ehtiyot choralari, pasportning amal qilishini toʻxtatib turish, lavozimdan chetlashtirish, majburiy keltirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish kabi choralarni qoʻllash bilan bogʻliq boʻlib, ular jinoyatni muvaffaqiyatli ochish va aybdorlarning javobgarlikka tortilishini taʼminlash uchun zarur. Ushbu majburlov choralari ichida ushlab turish tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov davrida gumon qilinayotgan shaxsning asosiy huquq va erkinliklariga eng koʻp darajada daxl qilishi bois, ularni qoʻllashda huquqni maxofaza qiluvchi organlardan ishni qonuniy, har tomonlama sinchkov hamda xolisona koʻrib chiqishni taqozo etadi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi asosida qabul qilingan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda har bir inson erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligi, hech kim oʻzboshimchalik bilan hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi, qonunda belgilanganidan boshqacha asos va tartibda ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emasligi aytilgan.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ham inson huquq va erkinliklarini taʼminlash sohasida koʻplab islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining deyarli barcha prinsipial qoidalari oʻz aksini topdi. Ayniqsa, fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari alohida tartibda belgilanishi jamiyat huquqiy tizimi yetukligining ifodasi sifatida namoyon boʻladi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi mustahkamlangan boʻlib, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi belgilandi.

Shaxsiy erkinlik va daxlsizlik toʻgʻrisidagi bu konstitutsiyaviy meʼyorlar jinoyat-protsessual qonunchiligida ham oʻz aksini topgan. Masalan, hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas, deb belgilangan. Shuningdek, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda hibsga olingan har bir kishiga hibsga olish chogʻida uning hibsga olinishi sabablari aytilishi va unga qoʻyilgan har qanday ayblov darhol maʼlum qilinishi belgilangan boʻlib, shaxsni ushlash vaqtidagi uning huquqlari toʻgʻrisidagi ushbu meʼyor Jinoyat-protsessual kodeksida oʻz aksini topgan. Unga koʻra, ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turishning Jinoyat-protsessual kodeksida koʻrsatilgan asoslaridan bittasi mavjudligini bevosita aniqlasa yoki boshqa guvohlarning soʻzlaridan aniqlagan taqdirda:

birinchidan, oʻzini tanishtirishi va ushlab turilgan shaxsning talabiga koʻra oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishi;

ikkinchidan, gumonlanuvchiga jinoyat sodir etishda gumonlanib ushlanganini maʼlum qilishi;

uchinchidan, ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega boʻlish, koʻrsatuvlar berishni rad etishga boʻlgan protsessual huquqlarini tushuntirishi;

toʻrtinchidan, ushlab turilgan shaxsga u bergan koʻrsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi;

beshinchidan, ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishi shart.

Yuqoridagi huquqlarning tushuntirilishi xalqaro jinoyat protsessual huquqida “Miranda qoidasi” deb nomlanib, u shaxs gumon qilinuvchi sifatida ushlanayotgan vaqtda huquqlari sodda tilda tushuntirilishini bildiradi. Muhimi, endi bu tamoyil yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham oʻz aksini topdi. Konstitutsiyaga koʻra, shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga jinoiy taʼqibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga boʻlgan huquqi tarixan eng qadimiy eʼtiroflaridan biri hisoblangan “Xabeas korpus” tamoyili ham kiritilgani mamlakatimizda insonning ushbu huquqlariga katta eʼtibor berilayotganidan dalolatdir. Konstitutsiyada hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyilishi, shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi mustahkamlab qoʻyildi.

Shaxs erkinligini taʼminlashning kafolatlaridan yana biri qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish uchun jinoiy javobgarlikning belgilanganidir. Shuningdek, huquqiy asossiz, yaʼni bila turib, qonunga xilof ravishda hibsga olish yoki hibsda saqlash uchun ham jinoiy jazo belgilangan.

Shu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksida qonuniy ushlab turishning maqsadi belgilangan boʻlib, unga koʻra, ushlab turish jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni uning jinoiy faoliyat bilan shugʻullanishiga barham berish, qochib ketishi, dalillarni yashirishi yoki yoʻq qilib yuborishining oldini olish maqsadida qisqa muddatga ozodlikdan mahrum qilishdan iboratdir.

Ushlab turish jinoyat ishi qoʻzgʻatilgunga qadar ham, ish qoʻzgʻatilgandan keyin ham faqat jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan amalga oshiriladi. Bu esa jinoyat-protsessual ushlab turishning asosiy maqsadi va uning mohiyati erkinlikni cheklashning vaqtinchaligidir. Erkinlikni qisqa vaqtga cheklash ushlangan shaxsning jinoyatga haqiqatan ham aloqadorligi yoki yoʻqligini aniqlab olish uchun amalga oshiriladi.

Ushlab turish asoslarining qatʼiy tartibda belgilab qoʻyilishi hozirgi zamon qonunchiligida ustuvor boʻlib, shaxsning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarining yana bir kafolatidir. Shuning uchun jinoyat-protsessual qonunchiligining asosiy vazifalaridan biri jinoyatni tezlik bilan va toʻla ochish hamda aybdorlarni aniqlash hisoblanadi. Ushbu vazifa hech qachon shaxs huquqlari va daxlsizligi buzilishiga olib kelmasligi kerak.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish koʻp jihatdan mamlakatda fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga bogʻliq. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakat qonunchiligi qay darajada mustahkamligini koʻrsatadi.

Ushlab turish asoslarining qonunda aniq belgilanishi yagona maqsadni, yaʼni shaxs noqonuniy ravishda ushlanishining oldini olishni koʻzlaydi. Inson erkinligi va shaxsiy daxlsizligi buzilishi esa har bir shaxsning sudga shikoyat bilan murojaat qilish hamda buzilgan huquqlarini tiklash va uning talablarini qondirish huquqini keltirib chiqaradi. Albatta, bu huquqiy meʼyorlar, avvalo, inson huquqini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish, jamiyatda barqarorlikni taʼminlashga zamin boʻladi.

Abduqodir ABDIBOSITOV,

Ichki ishlar vazirligi

Malaka oshirish instituti oʻqituvchisi

Powered by GSpeech