21 avgust – Xalqaro terrorizm qurbonlarini
xotirlash va qadrlash kuni
«Ayni vaqtda dunyoning ba’zi mintaqalarida yuzaga kelgan notinch vaziyat aholi migratsiyasi kuchayishiga, bu esa, o‘z navbatida, terrorizm va ekstremizmning tarqalishiga hamda ularning global muammolardan biriga aylanishiga olib kelmoqda. Bunday vaziyatda milliy davlatchiligimiz, mustaqilligimiz, aholimizning tinch va osoyishta hayoti va xavfsizligimizni saqlash biz uchun eng ustuvor vazifaga aylanib bormoqda».
Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
“Terror” so‘zi – «dahshatli» degan ma’noni anglatib, ma’lum bir hududdagi tinch aholini qo‘rqitish yo‘li bilan siyosiy va mafkuraviy maqsadlarga erishishga aytiladi. “Terrorizm” atamasi ilk bor XVIII asr oxirida Fransiyada inqilobiy to‘ntarishlar davrida ishlatilgan. Terrorizmning avj olishi XX asrga borib taqaladi.
XX asrning 20-yillarida tuzilgan Millatlar ligasi bu baloga qarshi kurash yo‘lidagi hamkorlikning yaqqol namunasi bo‘ldi. Ammo ba’zi davlatlar ushbu xalqaro tashkilot huquqiy hujjatlarini inkor qilishi oqibatida Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi. Urush tugashi bilan dunyoning yetakchi davlatlari boshchiligida sayyoramizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti terrorizmni global tinchlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi jirkanch va oqlab bo‘lmaydigan harakat sifatida doimo qoralab keladi. Shuning uchun tinchlikni asrash va qadrlash yo‘lida izchil tashviqot olib bormoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2017 yil davomida 26 mingdan ziyod begunoh inson yovuzlik qurboni bo‘lgan. Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida BMTga a’zo davlatlar tomonidan 21 avgust – «Xalqaro terrorizm qurbonlarini xotirlash va qadrlash kuni» deb qabul qilindi hamda ushbu xalqaro sana dunyo bo‘ylab 5 yildan buyon nishonlab kelinmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2017 yildagi 72/165-rezolyusiyasi bilan bu kun rasmiy xalqaro sana sifatida e’lon qilingani bejiz emas. Butun dunyoda sodir etilayotgan ko‘plab terraktlar, siyosiy va mafkuraviy kurashlar oqibatida millionlab begunoh insonlar qurbon bo‘lmoqda. Ayniqsa, oxirgi 15 yilda terrorizm qurbonlari soni bir necha barobarga oshib ketdi.
Ushbu kunda nafaqat terrorizm natijasida qurbon bo‘lgan insonlar xotirasi yod etiladi, balki omon qolganlar va ularning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari moddiy va ma’naviy ko‘maklar bilan ta’minlanadi. Bu sana bizga shiddat bilan rivojlanayotgan davr xavf-xatarlaridan ogoh bo‘lishga, tinchlik naqadar buyuk ne’matlardan biri ekanini his qilib yashashga yordam beradi.
Xalqaro ekspertlar terrorchilarning vahshiyliklari hech qanday asosga ega bo‘lmagan holda inson huquqlari va xalqaro huquq tamoyillarini buzishini ta’kidlaydi. Buning natijasi o‘laroq, BMT boshchiligida terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash borasida bir qator hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, 1999 yilgi Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning asosiy maqsadi dunyoda terrorizmdan manfaatdor va tinch aholi hayotini buzish orqali o‘zining qabih maqsadlarini amalga oshirayotgan shaxslar, tashkilotlar va uyushmalarga qarshi kurashda hamkorlik qilishdir. Bu bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti barcha davlatlarni terrorizmga qarshi kurashish va qurbonlarning xotiralariga hurmat bajo keltirish, omon qolganlar va ularning oila a’zolari himoya qilinishi uchun yordam berishga chaqiradi.
2020 yil aprel oyida Bosh Assambleyaning 73/305-rezolyusiyasiga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish «Terrorizm qurbonlariga yordam berishda BMT tizimining a’zo davlatlarni qo‘llab-quvvatlashdagi taraqqiyoti» (A/74/790) to‘g‘risidagi hisobotini e’lon qildi.
2019 yilda Iroq va Ispaniyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakillari hamraisligida «Terrorizm qurbonlarining do‘stlari» guruhining tashkil etilgani hamda Bosh Assambleyaning terrorizm qurbonlariga yordam berish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasidagi yig‘ilishlari o‘tkazilgani ham alohida e’tiborga loyiqdir.
2014 yilda terrorizm qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash portali ishga tushirildi. Ushbu platforma terrorizm qurbonlariga yordam ko‘rsatish maqsadidagi shaxslarni birlashtirdi.
Xalqaro terrorchilik harakatlari nafaqat xalqaro huquq, balki inson huquqlari ham buzilishiga olib keladi. Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini siyosiy va mafkuraviy omillar bilan birga jaholat va murosasizlik tashkil etadi.
O‘tgan 10 yilliklar shuni ko‘rsatdiki, terrorizm dunyo bo‘ylab ko‘plab insonlarni o‘z domiga tortib ketayotganining asosiy sababi jaholat va ma’rifatsizlikdir. Shu sababli dunyo bo‘ylab ta’lim va ma’rifatga chorlov keng targ‘ib qilinmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlarga yaqqol misol sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMTning 2017 yildagi 72-sessiyasida «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» dasturi bo‘yicha yangi tashabbus bilan ishtirok etganini ko‘rsatish mumkin. Natijada 2018 yili BMT Bosh Assambleyasi «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» to‘g‘risidagi rezolyusiyani qabul qildi.
O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi global strategiyasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi. Mamlakatimiz, shuningdek, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha 14 ta xalqaro konvensiya va protokollarni ratifikatsiya qildi.
O‘zbekiston Respublikasi, jumladan, Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani 2001 yili ratifikatsiya qildi. Bu, o‘z navbatida, milliy qonunchilikda ham ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bilan bog‘liq bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga turtki bo‘ldi.
Masalan, 2000 yilda qbul qilingan «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunning asosiy maqsadi fuqarolar tinchligi va totuvligini, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini terrorizm xavfidan himoya qilishdan iborat bo‘lib, ushbu xavfga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Shuningdek, ushbu qonunda O‘zbekiston Respublikasi vakolatli davlat organlarining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha vakolatlari belgilab berilgan.
Bundan tashqari, «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qarori ham qabul qilindi. Ushbu ikki hujjat talabiga ko‘ra, terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarning ro‘yxatiga kiritilgan tashkilot yoki jismoniy shaxsning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulki bilan bog‘liq operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish choralari ko‘riladi.
O‘zbekiston tomonidan terrorizmdan aziyat chekkan, uning domiga tushgan va terror harakatlari avj olib turgan hududlardan o‘z fuqarolarini olib kelish maqsadida 2019-2021 yillarda «Mehr» insonparvarlik operatsiyasi 5 marta tashkil qilindi va 500 dan ortiq vatandoshlar Yaqin Sharq va Afg‘oniston hududidan mamlakatimizga olib kelindi. Siyosiy va mafkuraviy maqsadlar qurboni bo‘lgan ushbu shaxslarga davlat tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Ular jamiyat ijtimoiy hayotiga qo‘shilib ketishlari uchun zarur sharoitlar yaratilib, turar joy va ish bilan ta’minlandi.
Tarixiy haqiqat shuni ko‘rsatib turibdiki, terrorizm – dunyo aholisining tinchligi va farovonligiga rahna soluvchi qabih illatdir. Dunyo hamjamiyati ushbu yovuzlikka qarshi bir yoqadan bosh chiqargan holda kurashsagina bu kurashlar kutilgan samarani beradi.
Shu ma’noda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ta’sis etgan mazkur xalqaro sana muhim ahamiyatga ega. Chunki ushbu kun terrorizmdan aziyat chekkan davlatlarga hamdardlik bildirish, birdamlikni rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bilan birga, terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish yo‘lida xizmat qiladi.
Suhrob Aqnazarov,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining
Xalqaro huquq fakulteti 3-bosqich talabasi
- Qo'shildi: 10.08.2023
- Ko'rishlar: 7474
- Chop etish