YANGI O‘ZBEKISTON YOSHLARI:
yurtimiz taraqqiyotini belgilovchi yosh kuch
Bugungi kunda dunyo aholisining 1/3 qismini yoshlar tashkil etadi. O‘zbekistonda esa 18 milliondan ortiq yosh avlod vakillari jamiyatning turli sohalarida faoliyat yuritmoqda. Bu raqamlar biz yashayotgan globallashuv davrida jahon taraqqiyotida ham, mamlakatimiz rivojida ham yoshlar eng muhim va asosiy kuchga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 12 avgust – Xalqaro yoshlar kuniga bag‘ishlangan joriy yildagi murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “Insoniyat kelajagi butun dunyo yoshlarining bemisl shiddat-shijoati, orzu va g‘oyalari hamda shu ezgu maqsadga munosib hissa qo‘shishga qaratilgan astoydil sa’y-harakatlariga bog‘liq”.
Ushbu fikrga qo‘shimcha qilib ayta olamizki, insoniyat kelajagi yoshlarga bog‘liq bo‘lsa, har bir inson kelajagi yoshlik davrida amalga oshirgan sa’y-harakatlariga bog‘liq. Inson aynan yoshlik chog‘ida jamiyatda o‘ziga munosib o‘rinni topishga intiladi. Mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yadi, oila quradi, ilm-fan, san’at yoki sport sohalari bilan jiddiy shug‘ullana boshlaydi. Ayni shu pallada unga davlat va jamiyatning qo‘llab-quvvatlovi har qachongidan ham ko‘proq zarur bo‘ladi. Chunki insonning yoshlik davrida amalga oshirgan tanlovlari uning taqdiriga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Yoshlik – kishi umrining bahori. Bahorda ekilgan urug‘ to‘g‘ri parvarish qilinsa, zaminda mustahkam ildiz otib, mo‘l hosil beradi. Bahor o‘tgach, yerga qadalgan urug‘dan qanday hosil kutish mumkin?
Bugungi kunda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, yosh avlod vakillari o‘z iste’dod va qobiliyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan ko‘plab xalqaro hujjatlar, strategiya va “yo‘l xaritalari” mavjud. Dunyoning barcha davlatlari tomonidan tan olingan hamda ularning milliy qonunchiligiga tatbiq etilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida barcha insonlarning, shu jumladan yoshlarning ham asosiy fundamental huquqlari kafolatlangan. Tenglik va erkinlik, sifatli ta’lim olish, tibbiy xizmatdan foydalanish, shaxsiy daxlsizlik, mulkka egalik qilish, saylash va saylanish, so‘z, fikr va vijdon erkinligi kabi huquqlar ushbu universal hujjatda qat’iy mustahkamlangan. Joriy yil 10 dekabrda 75 yilligi nishonlanadigan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatining ham asosiy dasturilamali hisoblanadi.
BMT yoshlar huquqlarini ta’minlash, yoshlarga oid maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirishga bugungi kunda har qachongidan ham katta e’tibor qaratmoqda. Jumladan, jahon yoshlarining talab-ehtiyojlarini qondirish, salohiyatini mustahkamlash va huquqlarini to‘laqonli ta’minlash uchun BMTning “Yoshlar 2030” strategiyasi ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu xalqaro strategiyada 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilangan:
birinchi yo‘nalish yoshlarni zamonaviy muammolarni hal etishga jalb qilish, butun jahonda tinchlik, adolat va ekologik xavfsizlikka erishishda yoshlarning rolini oshirishga qaratilgan;
ikkinchi yo‘nalish barcha yoshlarning sifatli ta’lim olishi va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi imkoniyatini kengaytirishni ko‘zda tutadi;
uchinchi yo‘nalish yoshlarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga erishish, yoshlarga loyiq ish o‘rinlarini yaratish, malaka oshirish tizimini yaxshilash, ishga joylashmagan va ta’lim olmagan yoshlar sonini qisqartirish kabi masalalarni qamrab oladi;
to‘rtinchi yo‘nalish fuqarolik va siyosiy huquqlarini amalga oshirish uchun yoshlarga sharoit yaratish, yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishga xizmat qiladi;
beshinchi yo‘nalish islohotlar jarayonining barcha bosqichlarida yoshlar ishtirokini ta’minlash, yoshlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligini rivojlantirish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zosi sifatida mamlakatimizda ham “Yoshlar 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarni milliy qonunchiligimizga tatbiq etish orqali yoshlar huquqlarining normativ asoslarini mustahkamlashga katta ahamiyat berilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilsak, bu borada salmoqli natijalarga erishilganiga amin bo‘lamiz.
Birinchidan, yoshlar huquqlarini kafolatlovchi me’yoriy hujjatlar takomillashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlatimiz rahbari sifatida imzolagan dastlabki qonun “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonundir. So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimizda yoshlarga taalluqli 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, izchil amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga yoshlar huquqlariga oid qator normalar kiritildi.
Ikkinchidan, yoshlar bilan ishlovchi yangi tashkiliy tuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi va Bosh vazir raisligida yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash ish boshladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tuzildi, Oliy Majlis palatalari qoshida Yoshlar parlamenti tashkil etildi.
Uchinchidan, chora-tadbirlarning tizimli va izchil bo‘lishini ta’minlash maqsadida milliy strategiya va dasturlar qabul qilindi. 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining besh muhim tashabbusi shular jumlasidandir.
To‘rtinchidan, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, alohida e’tibor va yordamga muhtoj yoshlar bilan ishlashning yangi tizimi joriy qilindi. Ya’ni “Yoshlar daftari” tashkil etilib, ko‘makka muhtoj yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Unga kiritilgan hamyurtlarimizga ko‘rsatilayotgan yordam ko‘lami yil sayin oshib bormoqda. So‘nggi ikki yilda 798 ming nafarga yaqin yoshlarga qariyb 1 trillion so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilgani, shu jumladan 53 ming nafar ehtiyojmand oilaga mansub talabaga o‘qish uchun shartnoma pullari to‘lab berilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Shuningdek, yurtimizdagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga hissa qo‘shmoqda.
Beshinchidan, yoshlarning ilm olishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Oliy ta’lim tizimi isloh etilib, qabul imtihonlari shaffoflashdi. Dorilfununlar soni va shunga mos tarzda qamrov darajasi oshishiga erishildi. Shartnoma asosida o‘qiydigan talaba yoshlar uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratilmoqda. Magistraturada tahsil olayotgan ayollar esa to‘liq grant asosida ta’lim olmoqdalar. Shu bilan birga, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilib, iqtidorli yigit-qizlarning xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishlariga imkoniyat yaratildi.
Oltinchidan, ijodkor yoshlarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar kuchaydi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ilhom” mukofoti uchun respublika tanlovi ta’sis etildi. “Yosh kitobxon” ko‘rik tanlovi esa millionlab yoshlarni mutolaaga undamoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi va zamonaviy binosi oldida barpo etilgan Adiblar xiyobonida yosh qalamkashlar uchun turli adabiy anjumanlar muntazam tashkil qilinmoqda. “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida har yili o‘nlab yosh ijodkorlarning ilk kitobi bepul nashr etilmoqda.
Yettinchidan, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi va sportni targ‘ib etish, sportchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlatimizning doimiy e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Joriy yilning dastlabki yarim yilligida o‘zbekistonlik sportchi yoshlar 247 ta oltin, 119 ta kumush va 110 ta bronza medali sohibiga aylangani zamirida ham davlatimiz tomonidan sportni rivojlantirish va yoshlar orasida ommalashtirish, zamonaviy sport inshootlarini bunyod etish bo‘yicha olib borilgan tizimli ishlar mujassam.
Sakkizinchidan, yoshlar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda mamlakatimizda 210 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil etilib, ularda 2,5 mingdan ortiq loyiha amalga oshirildi. Yosh tadbirkorlarga esa qulay shartlar asosida imtiyozli kreditlar taqdim etilmoqda.
To‘qqizinchidan, yosh oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ularni uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida subsidiyalar ajratilib, har bir yosh oila mahallalar kesimida doimiy rag‘batlantirib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining mohiyatini tashkil etadigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatining bosh maqsadi bo‘lgan tinch, barqaror va adolatli, inson huquqlari to‘liq ta’minlangan jamiyatga aylanishimizda, har sohada ilg‘or va qudratli bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishimizda yoshlar – navqiron vatandoshlarimiz eng asosiy kuch ekani, shubhasiz. Shuning uchun ham Yangi O‘zbekiston – yoshlar mamlakati, yoshlarga yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar mamlakati. Bu imkoniyatlar mohiyatida esa yoshlarga bildirilgan yuksak ishonch, ular zimmasiga yuklangan Vatan oldidagi mas’uliyat burchi mujassam. Zero, davlatimiz rahbarining 30 iyun – O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrigida ta’kidlanganidek, “Ishonchim komil, jonajon Vatanimizga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir”.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2023 yil 21 avgust kungi 167-soni
- Qo'shildi: 21.08.2023
- Ko'rishlar: 5129
- Chop etish