Darhaqiqat, uy-joy daxlsizligini qonuniy asoslarda kafolatlashni Asosiy qonunimiz darajasida belgilanishi inson qadri uchun tamoyilining hayotdagi ijrosi ta’minlanayotganligining muhim ko‘rinishi sifatida baholashimizga imkon beradi. Konstitutsiyamiz mazmuni shunday normalar bilan to‘ldirilishi inson manfaatlarining yorqin namunasidir.
Asosiy Qonunimizda davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi, deb belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, alohida ta’kidlash lozimki, konstitutsiya va qonun ustuvorligi prinsipi inson hayotida so‘zsiz ustuvor ahamiyat kasb etishi lozim va zarurdir.
Inson huquqlariga doir xalqaro xujjatlarda, konstitutsiyalarda daxlsizlik masalalari qay darajada mustahkamlangan?
O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlariga oid 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan va mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shundan kelib chiqib, turar joy daxlsizligini ta’minlash ham shular jumlasidandir. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas. Har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga ega, deb belgilab qo‘yilgan.
Qiziqarli holat sifatida, AQSH konstitutsiyasiga 1791 yilda kiritilgan o‘zgartirish bo‘yicha, “Hech bir askar tinch zamonda ham, harbiy holatda ham shaxsiy uylarga egasining roziligisiz kirishi mumkin emas; harbiy holatda istisno tariqasida bunga ruxsat berilishi mumkin, lekin tartibga soluvchi qonun asosida”.
Konstitutsiyamizning 31-moddasiga binoan, hech kim xonadonlarga, unda yashovchi shaxslarning ruxsatisiz kirishi mumkin emas. Uyga kirish, shuningdek , undagi narsalarni olib qo‘yish va ularni ko‘zdan kechirishga, faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga esa faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan ruxsab beriladi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, shaxs va uning uy - joy daxlsizligini ta’minlash, davlat oldida turgan eng muhim funksional vazifalardan biri hisoblanadi.
Turar joy daxlsizli qanday qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi?
Mamlakatimizda aholini arzon uy joylar bilan ta’minlash ham ijtimoiy davlatning muhim begilaridan biri hisoblanadi. Turar joy deganimizda,insonlarning vatan ichidagi vatani desak, xech ham xato qilmagan bo‘lamiz.
Umuman turar joy daxlsizligi bu, fuqarolarning konstitutsiyaviy shaxsiy huquq va erkinliklaridan biri bo‘lib, fuqarolarning turar joyga bo‘lgan daxlsizligini huquqiy jihatdan kafolatlaydigan muhim talabdir.
O‘zbekiston qonunchiligiga qaraydigan bo‘lsak, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 45-moddasida turar joyga, unda istiqomat qiluvchilarning xohish-irodasiga xilof ravishda, noqonuniy tarzda kirish, mansabdor bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, —bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi, deb belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoya kodeksining 142 -moddasiga asosan, turar joyga unda yashovchilarning erkiga xilof ravishda zo‘rlik ishlatib, bostirib kirish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘rsatilgan. Turar joy daxlsizligida xususiy mulk bo‘lgan uylar, kvartiralar olib qo‘yilishi, mulkdor esa uyga, kvartiraga mulk huquqidan mahrum etilishi mumkin emasligi ham tushuniladi.
Ammo bir qator hollarda turar joy daxlsizligiga bo‘lgan huquq istisno etiladi. Jumladan, garov munosabatlarida undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratilganda, natsionalizatsiya, rekvizitsiya, musodara qilinganda turar joy daxlsizligi chetlab o‘tiladi.
Jinoyat protsessual kodeksining 158- moddasiga ko‘ra, surishtiruvchi va tergovchi biror turar joy, xizmat, ishlab chiqarish binosida, yoki o‘zga joyda biron narsa yoki hujjatlar borligi haqida aniq asoslangan ma’lumoti
bo‘lsa, tintuv o‘tkazishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Mazkur huquqiy normalar ham shaxslarning turar joy daxlsizlini qonun doirasida himoya qilishni nazarda tutadi. Qolaversa, konstitutsiyaning 21-moddasida ham,fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari mustahkamlab qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Konstitutsiyada uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi mumkinligining belgilab qo‘yilishi, inson huquq va erkinliklari bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga xizmat qiladi hamda mazkur muammoning yechimini konstitutsiya darajasida mustahkamlashga bevosita xizmat qiladi.
Sherzod Zulfiqorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti professori
O‘zA
- Qo'shildi: 29.08.2023
- Ko'rishlar: 4001
- Chop etish