Bu yil inson huquqini belgilaydigan va tartibga soladigan, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, birinchi bo‘lib qo‘shilgan xalqaro hujjat – “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” qabul qilinganiga 75 yil to‘ladi. Ushbu hujjat Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz va muayyan qonunlarimiz qabul qilinishida andoza vazifasini bajargan.
Davlatimiz rahbari joriy yil 7 fevralda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida ayni payt tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan mazkur hujjatda inson huquqini tartibga soladigan qonunlarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga ta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga inson huquqiga oid mavzularni kiritish, o‘quv, ilmiy-ommabop kitob va risolalar nashr qilish, anjumanlar, davra suhbatlari tashkil etish, aholi o‘rtasida keng qamrovli targ‘ibot olib borish zarurligi belgilangan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ta’lim olish huquqini tartibga solishga jiddiy e’tibor qaratilgan. Xususan, 26-moddada ko‘rsatilishicha, har bir inson ta’lim olish huquqiga ega, hech bo‘lmaganda boshlang‘ich va umumiy ta’lim tekin bo‘lishi lozim, boshlang‘ich ta’lim majburiy bo‘lishi kerak.
Ushbu qoidalardan kelib chiqib, hayotimizning ajralmas qismiga aylangan, doimo davlatimiz diqqat markazida turgan ta’lim masalasiga Asosiy qonunimizda alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan iqtisodiy-ijtimoiy huquqlar tizimida ta’lim olish huquqi muhim o‘rin egalladi.
Demak, davlat uzluksiz ta’lim tizimining har xil turi va shaklini, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini ta’minlaydi, maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratadi. Bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’limni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiy. Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratida. Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalar uchun inklyuziv ta’lim-tarbiya ta’minlanadi.
Oliy ma’lumotga ega mutaxassislar soni ortishi jamiyat va davlat uchun foydali. So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini takomillashtirish yo‘lida ulkan ishlar olib borilmoqda. Respublika bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari 210 taga yetkazildi. Natijada oliy ta’lim bilan qamrov 2016 yildagi 8 foizdan 40 foizga ko‘tarildi.
Tan olish kerak, bugungi kunda hamma oilalar ham farzandini kontrakt asosida universitetda o‘qitish imkoniga ega emas. Moddiy omil tufayli o‘qishga kirolmaslik har qanday iqtidorli yigit yoki qizning ko‘nglini cho‘ktirishi tabiiy. Shunday vaziyatda davlat tomonidan bilimli va iqtidorli yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan ushbu qoida har bir yoshga eng muhim huquq – davlat hisobidan oliy ma’lumotli bo‘lish huquqini taqdim etadi. Bu yangilik davlatga qarashli institutlarda har yili to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat byudjeti tomonidan moliyalashtiriladigan o‘rinlar ajratilishini, har qanday abituriyent test natijasi asosida shunday o‘rinni egallashi mumkinligini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarimizga berilayotgan bunday imkoniyat ular hayotda o‘z o‘rnini topishiga, davlat, jamiyat uchun foydali inson bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda 11 yillik ta’lim barcha uchun majburiy va bepul ekanligi Konstitutsiya va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda belgilab qo‘yilgani diqqatga sazovor. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha savodxonlik darajasi 30 foiz. Jahonning rivojlangan 30 davlatida bu ko‘rsatgich 90 foiz. Mamlakatimizda ta’lim olish bepul hamda majburiyligi tamoyili samarasi o‘laroq, respublikamizda savodxonlik ko‘rsatgichi dunyoda muqobili yo‘q 100 foiz ko‘rsatkichni tashkil etmoqda.
Ta’lim sohasini rivojlantirishga yalpi ichki mahsulotimizning 10-12 foizi yo‘naltirilmoqda. Bu Davlat byudjetining 35 foizi, degani. Dunyoning boshqa davlatlarida ayni raqam o‘rtacha 3-5 dan oshmaydi.
Ta’lim olish huquqi to‘g‘risida gapirganda, yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozim. Konstitutsiyaning 4-moddasida belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili – o‘zbek tili. Mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi har qanday millat, elatning tili, urf-odati, an’anasi hurmat qilinishi ta’minlanadi, rivojlanishi uchun sharoit yaratiladi.
Baynalminal ahamiyat kasb etuvchi ushbu ustuvor qoidadan kelib chiqib, mamlakatimizda maktab ta’limi 7 tilda – o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik tillarida olib borilmoqda. Shu bilan birga o‘quvchilar ulkan intellektual boylikni egallashning eng muhim sharti hisoblangan xorijiy tillarni chuqur o‘rganishlari uchun ham barcha shart-sharoit yaratib berilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan qoida va talablarga to‘la mos keladi. Ushbu qoidalarga amal qilinishini ta’minlash yoshlarimizni bilimli, barkamol qilib tarbiyalashga, mamlakatimizda ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Eldor Homidov,
Jamoat xavfsizligi
universiteti dotsenti
O‘zA
- Qo'shildi: 11.09.2023
- Ko'rishlar: 4262
- Chop etish