Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Ushbu dasturilamal hujjatda quyidagi asosiy g‘oyalar aks etgan:
barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rish olish;
aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish;
aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish;
mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash.
Strategiyadagi jami 100 ta maqsad quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan:
Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish (ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma’naviyat masalalari).
Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash (YaIM, byudjet, sanoat, investitsiya, bank, “yashil iqtisodiyot”, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, eksport, monopoliyalar, IT, turizm, xizmatlar, infratuzilma, uy-joy masalalari).
Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish.
Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish (mahalla, mahalliy davlat organlari, vakillik organlari, davlat xizmati, davlat xizmatlari, fuqarolik jamiyati institutlari, sud-huquq, inson huquqlari, advokatura, korrupsiya masalalari).
“Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish (tashqi siyosat, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik, xorijdagi vatandoshlar, mehnat migratsiyasi, Qurolli kuchlar, favqulodda vaziyatlar, millatlararo totuvlik masalalari).
Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, jumladan, 2024 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi.
Bunda tuman va shahar byudjetlariga tushadigan soliq tushumlarining bir qismi mahallalarning ijtimoiy-iktisodiy muammolarini hal qilish jamg‘armalariga yo‘naltiriladi. "Tashabbusli byudjet" va mahallalarning moliyaviy mustaqilligini yanada kengaytirish maqsadida 2024 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 10 trillion so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun kamida 4 trillion so‘m ajratiladi.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlanishi va kelgusida mazkur tajriba respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilishi ham ko‘zda tutilgan.
Banklarning nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qiymati 20 milliard so‘mgacha kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasi asosiy stavkadan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etish amaliyoti tatbiq qilinadi.
Shu bilan birga, 2023/2024 o‘quv yilidan: umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 10-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etiladi. Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun “tayanch maktab” etib belgilanadi.
Shunday qilib, O‘zbekistonning 7 yillik maqsadlari e’lon qilindi. Binobarin, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga ko‘ra, mamlakatimiz yaqin yetti yil ichida daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishi, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimi yaratilishi, xalq xizmatidagi adolatli davlat barpo etilishi belgilab olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.09.2023
- Ko'rishlar: 4106
- Chop etish