Milliy strategiyamiz – BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un va hamohang

“Biz Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqatimizni yana bir bor tasdiqladik. Mana shunday huquqiy asosda “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasini qabul qildik. Bu strategiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un bo‘lib, biz o‘z zimmamizga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqdamiz”.

Ushbu fikrlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida 2023 yil 19 sentyabr kuni so‘zlagan nutqidan iqtibos sifatida keltirdik. Shu kunlarda davlatimiz rahbari joriy yil 11 sentyabrda tasdiqlagan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati jamoatchiligimiz orasida keng targ‘ib etilmoqda.

Binobarin, joriy yilning o‘tgan davrida xalqimiz ikkita yirik ijtimoiy-siyosiy voqeaning nafaqat guvohi, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokchisi ham bo‘ldi. Bu muhim demokratik jarayonlardan biri 30 apreldagi umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingani bo‘lsa, yana biri 9 iyulda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazilganidir.

Ana shu muhim voqeliklar, o‘z navbatida, jamiyatimizning siyosiy yetukligini, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor amalda tasdiqladi. Binobarin, mamlakatimizning yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy zaminida milliy taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish, shiddatli va keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish davr talabiga aylandi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi shu dolzarb va muhim talabning hozirjavob mevasi, ta’bir joiz bo‘lsa, istiqbolimiz taqdirini hal etuvchi muhim va yangi davr bosqichini o‘zida ifodalagan milliy g‘oyamizdir. Chunki ushbu Strategiya xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Harakatlar strategiyasi va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilgan. Biri amalga oshirilgan va ikkinchisi izchil bajarilayotgan mazkur strategiyalardan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining farqi va o‘ziga xos xususiyatlari nimada, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Avvalambor, mamlakatimizda mustaqillikning o‘tgan 32 yili mobaynida birinchi marotaba bunday uzoq muddatga, ya’ni 7 yilga mo‘ljallangan qamrovdor milliy taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi. Bu yuksak marra:

bir tomondan, davlatimiz va jamiyatimiz hayotining barcha sohalaridagi barqarorlik, taraqqiyot va bunyodkorlikning o‘ziga xos in’ikosi;

ikkinchi tomondan, izchil va shiddatli demokratik islohotlarimizga xalqimiz hamda jahon hamjamiyati bildirayotgan ishonch hamda rag‘batning yaqqol ifodasidir.

Ushbu dasturilamal hujjatda quyidagi asosiy g‘oyalar aks etgan:

  • barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rish olish;
  • aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish;
  • aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
  • xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish;
  • mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash.

Boshqacha aytganda, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘taydi. Mazkur Strategiyani amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlarning eng ustuvor vazifasidir.  

E’tibor bering: «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida jami 100 ta maqsad, 369 ta chora-tadbir, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi va bu borada 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu dasturilamal hujjatning ijrosidan yurtimizdagi har bir insonga – qulay imkoniyat, muayyan yengilliklar, moddiy va ma’naviy manfaat yetib, har qaysi oila va xonadon obodlik, to‘kinlik, fayz va baraka topadi.

Strategiyadagi jami 100 ta maqsad quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan:

birinchi ustuvor yo‘nalish – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish;

ikkinchi ustuvor yo‘nalish – barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash;

uchinchi ustuvor yo‘nalish – suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;

to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;

beshinchi ustuvor yo‘nalish – “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.

Oliy Majlis palatalari boshqa barcha davlat hokimiyati idoralari qatori «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasidagi vazifalarni amalga oshirishga allaqachon kirishdi. Bu, biz – xalq noiblari uchun nafaqat ulkan mas’uliyat, ayni chog‘da katta sharaf hamdir.

Bu haqda fikr yuritganda, xususan, Strategiyada belgilangan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish maqsadiga muxtasar to‘xtalmoqchiman. Binobarin, ushbu maqsad ijrosi hisobiga:

birinchidan, qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish hajmini 100 foizga yetkazish;

ikkinchidan, parlament va uning organlari ish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish;

uchinchidan, saylovchilar bilan elektron muloqot qilish, deputat so‘rovini elektron tarzda yuborish va nazorat qilish imkoniyatini ta’minlash kabi asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish ko‘zda tutilmoqda.

 Buning uchun Oliy Majlis palatalari faoliyatiga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish, parlament organlari tomonidan qarorlar qabul qilish va e’lon qilish jarayonlarini raqamlashtirish, qonun hujjatlaridagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish tizimini mukammallashtirish, qonunlar ijrosini ta’minlashda parlament va siyosiy partiyalar ishtirokini kengaytirish, jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi tashabbuskorligini oshirish – shu kabi ko‘plab muhim vazifalarni bajarishimiz zarur.

Strategiyada, shuningdek, norma ijodkorligi faoliyatining islohotlar bilan uyg‘unligini ta’minlash va davlat huquqiy siyosatining institutsional asoslarini rivojlantirish maqsadi belgilangan bo‘lib, uning ijrosida ham parlamentning faol ishtiroki taqozo etiladi. Ushbu maqsad to‘liq bajarilsa:

- qonunchilik hujjatlarini tartibga solish yukini kamida 30 foiz qisqartirish;

- umumiy tusdagi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarning ulushini kamida 60 foizga yetkazish;

- normativ-huquqiy hujjatlarning joylarda ijrosi amalda ta’minlanishi bo‘yicha tizimli monitoringni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lgan sezilarli samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishiladi.

Bu, o‘z navbatida, qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash tizimini yanada rivojlantirish, huquq tizimi raqobatbardoshligini oshirish, sodda va ixcham qonunchilik tizimi hamda qulay huquqiy sharoitlar yaratish, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish, norma ijodkorligi jarayonini to‘liq raqamlashtirish, qonunchilik takliflarini ilgari surish bo‘yicha yangi konstitutsiyaviy institutni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish singari vazifalarni izchil amalga oshirishni talab qiladi.

Shu munosabat bilan ayni vaqtda parlamentda ishlar qizg‘in tus olgan. Strategiyada belgilangan usutuvor maqsad-vazifalarni belgilangan muddatlarda va to‘liq ta’minlashga qat’iy bel bog‘laganmiz.

O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida e’tirof etganidek, “So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha e’tiborga loyiq natijalarga erishdik”. Tabiiyki, yangi Strategiyamizda bu borada yangi marralarni belgilab oldik va bunga ayrim misollar keltiraman.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida, xususan, keyingi yetti yilda aholining o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish belgilangan. Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, insonning yashash va sog‘lig‘ini saqlashiga oid konstitutsiyaviy huquqlari yanada to‘liq ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladi.

Tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishish ko‘zda tutilmoqda. Bu ezgu maqsad – insonning sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga taalluqli konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanishi bilan chambarchas bog‘liq.

Bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish rejalashtirilmoqda. Strategiyada insonning ta’lim olishga doir konstitutsiyaviy huquqini yanada ta’minlashga xizmat qiladigan bunday aniq maqsad-vazifalar anchagina.

Yana bir misol: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida 2026 yilga qadar kamabag‘allikni 2022 yilga nisbatan 2 barobarga, 2030 yilga qadar esa keskin kamaytirish vazifasi kun tartibiga qo‘yildi. Shuningdek, kambag‘allikka tushish xavfi mavjud 4,5 million aholining daromadlarini oshirish choralari ko‘riladi.

Bunday insonparvar yondashuv yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 42-moddasidagi: “Har  kim  munosib  mehnat  qilish,  kasb  va  faoliyat  turini  erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida  ishlash,  mehnati  uchun  hech  qanday  kamsitishlarsiz  hamda mehnatga  haq  to‘lashning  belgilangan  eng  kam  miqdoridan  kam  bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega”, degan normasiga to‘la mos keladi. Avvalgi Konstitutsiya matnida mazkur norma mavjud emasdi.

Bundan tashqari, Strategiya doirasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, yoshlarga oid davlat siyosati va sportni ommalashtirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshiriladigan barcha islohotlarda inson, insonning qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Ya’ni, ushbu dasturiy hujjatning nafaqat 5 ta ustuvor yo‘nalishi va 100 ta asosiy maqsadi bilan qamrab olingan barcha muhim vazifa hamda amliy chora-tadbirlar, ayni chog‘da hujjat matnidagi har bir jumlaning tub mohiyatiga inson qadri, inson huquqlari, inson manfaati tushunchalari teran singdirilgan.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida e’tirof etganidek, “Barchamizning fidokorona mehnatimiz, g‘ayratu shijoatimiz bilan Yangi O‘zbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Xalqaro maydonda Vatanimizga nisbatan hurmat va e’tibor tobora ortib bormoqda. Binobarin, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi jamiyatimiz va davlatimizning ana shu yutuqlarini yanada ulug‘vor natijalar bilan mustahkamlashi hamda boyitishi muqarrar.

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

Powered by GSpeech