21-22 sentyabr kunlari Italiyaning Rim shahrida “Ombudsmanlarning jahon miqyosidagi o‘rni: haqiqat va imkoniyat chorrahasida” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjumanda asosiy e’tibor butun dunyo ombudsmanlari uchun o‘z mamlakatlari fuqarolarining huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qilish, bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Xalqaro konferensiyani Italiyaning Mintaqaviy va muxtor hududlari ombudsmanlari faoliyatini muvofiqlashtirish milliy kengashi prezidenti Marino Fardelli kirish so‘zi bilan ochdi. Anjuman ishi 4 ta sessiya doirasida davom etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Tadbirning birinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov onlayn tarzda ishtirok etdi.
A.Saidov, avvalo, mazkur xalqaro konferensiya mavzusi joriy yilda nishonlanayotgan ikkita muhim xalqaro sana bilan hamohang ekanini ta’kidladi. Binobarin, shu kunlarda butun dunyoda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligi doirasida turli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Qolaversa, bu yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993 yili tasdiqlangan Parij tamoyillari qabul qilinganiga ham 30 yil to‘ldi.
Birinchi marotaba – 1713 yilda Shvesiyada Oliy Ombudsman lavozimi tashkil etilgan. Shu ma’noda, bugun dunyo bo‘ylab tarqalgan shvedcha “ombudsman” so‘zi kamida 310 yillik tarixga ega. Hozirgi kunda 150 dan ortiq mamlakatda taxminan 1 mingta turli darajadagi ombudsmanlar mavjud. E’tiborli tomoni shundaki, eng yirik Ombudsman instituti aynan Italiyada joylashgan.
Globallashuv shiddat bilan davom etayotgan bugungi murakkab dunyoda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar kuchli va inklyuziv hamjamiyatlarning asosi hisoblanadi. Zabardast, mustaqil va samarali bunday institutlar demokratiya, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta’minlash hamda hurmat qilishning mustahkam tayanchidir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi muammolar izchillik bilan hal etilib, mamlakat hayotining barcha sohalarida shiddatli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbuslari asosida mamlakatimiz hukumati inson huquqlari bilan bog‘liq holatni yanada yaxshilash, bu borada ilg‘or yangilanishlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.
Yaqinda yurtimizda konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazildi. Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, inson qadr-qimmatini himoya qilish g‘oyalari ushbu muhim siyosiy-huquqiy jarayon uchun tamal toshi bo‘lib xizmat qildi.
Referendumda xalqimiz ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning inson huquqlariga taalluqli normalari 3 barobardan ziyod ko‘paydi. Milliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qilish huquqi birinchi marta Konstitutsiya bilan kafolatlandi.
Konstitutsiyaviy shikoyat instituti mustahkamlandi. Bu borada yana bir tarixiy qadam qo‘yildi – inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga konstitutsiyaviy maqom berildi.
Aksariyat mamlakatlar Konstitutsiyalarida Ombudsman yoki inson huquqlari bo‘yicha komissiyalar to‘g‘risidagi qoidalar borligini bilamiz. Ammo, bugungi kunda faqatgina 4 ta davlatda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning konstitutsiyaviy maqomi bo‘yicha maxsus normalar mavjud. Bu o‘rinda Meksika, Misr, Marokash davlatlari safiga endilikda O‘zbekiston ham qo‘shilgani haqida so‘z bormoqda.
Mamlakatimizdagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimiga Parlament ombudsmani, Bolalar ombudsmani, Biznes- ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz kiradi. Ushbu demokratik institutlarning faoliyati inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiq, Parij tamoyillari va Ombudsman haqidagi Venesiya tamoyillarini hisobga olgan holda tashkil etilgan.
Bu borada yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 56-moddasida quyidagi normalar mustahkamlab qo‘yilgan: “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi”.
Ushbu normalarning Konstitutsiyamizda mustahkamlanishi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada mustahkamlab, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning rivojlanishiga xizmat qiladi. Binobarin, mazkur milliy institutlar fuqarolik jamiyati bilan davlat o‘rtasidagi ijtimoiy ko‘prik vazifasini bajaradi.
O‘zbekistonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan faol kampaniya boshlanganiga ancha bo‘ldi. Bunda 2023 yil 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi tadbirlar rejasini tasdiqlagani alohida ahamiyat kasb etadi.
Bungacha esa mamlakatimizda Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi qabul qilingan. Mazkur Dasturning ijrosi samaradorligini ta’minlashda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar alohida faollik ko‘rsatmoqda.
A.Saidov o‘z nutqi yakunida shu yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Xalqaro anjuman qatnashchilarini ushbu forumga taklif etdi.
Shuni ham qayd etish joizki, Rim xalqaro konferensiyasi Italiyada ilk marotaba tashkil etildi. Unda jahonning barcha mamlakatlaridan 250 dan ortiq ombudsman va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.09.2023
- Ko'rishlar: 3274
- Chop etish