21-22 sentyabr kunlari Samarqand viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi. Ushbu mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazildi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda viloyat prokuraturasidan 10 nafar va ichki ishlar tizimidan 50 nafar xodim tinglovchi sifatida qatnashdi.
O‘quv kursi davomida “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”, “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga oid Fakultativ protokol. Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanishi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Quvonch Qodirov tinglovchilar oldida so‘zga chiqdi.
Mashg‘ulotlarda, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti o‘qituvchisi, podpolkovnik Jahongir Yaqubov, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Farhod Hayitboyev va Milliy markaz bosh mutaxassisi Dilbar Rashidova o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Ma’ruzachilar tomonidan qiynoqning oldini olish faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarning mohiyati atroflicha tushuntirildi. Ushbu sohada qator yangi ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish yuzasidan muhim ma’lumotlar berildi.
Milliy qonunchilikda qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi hisoblangan muomala hamda jazo turlarini qo‘llashni taqiqlovchi normalar mavjudligiga e’tibor qaratildi. Bu boradagi umume’tirof etilgan prinsip va qoidalarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Ma’ruzalarga uyg‘un ravishda amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilarga sertifikatlar berildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.09.2023
- Ko'rishlar: 3251
- Chop etish