Ozarbayjonda taqdim etilgan O‘zbekiston madaniy merosi: uzoq tarixga ega aloqalar va loyihalar samarasi...

2024 yilning 23-26 yanvar kunlari Ozarbayjon Respublikasida O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari o‘tkazildi.

Ushbu yirik tadbirda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati mas’ul xodimlari ham faol ishtirok etishdi. Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs ABDUXOLIQOV bilan suhbatimiz ana shu tashrif yakunlariga bag‘ishlandi.

– Avvalo, mazkur loyihaning ahamiyati va ushbu yo‘nalishda ozarbayjonlik olimlar bilan hamkorlik xususida to‘xtalib o‘tsangiz...

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tashabbuslari bilan ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar qamrovi tobora kengayib bormoqda. O‘zbekistonlik fan va madaniyat sohasi vakillarining Ozarbayjonga navbatdagi safari ana shu hamkorlikning o‘ziga xos mahsuli bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlari qatorida Ozarbayjondagi bir qancha muzey, kutubxona va ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilib keladi. Mazkur jamiyat tomonidan har yili muntazam o‘tkazib kelinayotgan kongress va anjumanlarda Ozarbayjon olimlari faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy aloqalar uzoq tarixga ega. Yaqinda ikki mamlakat olimlari ishtirokida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidan Ozarbayjonda saqlanayotgan madaniy merosimiz namunalariga bag‘ishlangan yangi jild nashr qilindi. Mazkur kitob-albomda Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti, Ozarbayjon tarixi muzeyi, Tasviriy san’at muzeyi, Milliy gilam muzeyi singari muassasalarda saqlanayotgan, O‘zbekistonga oid bo‘lgan osori-atiqalar haqida hikoya qilinadi. Jamiyatning Shahnoza G‘aniyeva boshchiligidagi multimedia guruhi hamda Kinematografiya agentligi hamkorligida Ozarbayjonda saqlanayotgan madaniy merosimiz namunalari haqida hujjatli film suratga olinmoqda.

– Sizningcha, ushbu safar nimasi bilan esda qolarli bo‘ldi?

– O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari doirasida Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan “O‘zbekiston – Ozarbayjon: madaniyatlar muloqoti” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda har ikki mamlakatning qator olimlari va mutaxassislari, tegishli idora va tashkilotlar vakillari taklif etildi.

Ushbu institutda O‘zbekiston zamini bilan bog‘liq qo‘lyozmalar ko‘p. Jumladan, Imom al-Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosiga mansub o‘nlab qo‘lyozmalarni sanab o‘tish mumkin. Turkiy dunyoning bu buyuk siymolari Ozarbayjon xalqi uchun ham nihoyatda qadrli. Institut direktori, jamiyatimiz a’zosi Teymur Karimli ushbu institutda o‘zbekistonlik olimlar kelib, tegishli qo‘lyozmalarni o‘rganish uchun barcha sharoit yaratilishini bildirdi.

Tadbirda O‘zbekiston fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev, Butunjahon jamiyati a’zosi, san’atshunoslik fanlari doktori Elmira Gyul, Ozarbayjon Milliy gilam muzeyi direktori Shirin Malikova, Qo‘lyozmalar instituti yetakchi ilmiy xodimi Azizog‘a Najafov va boshqalar mazkur kitob-albomning mazmun-mohiyati, Ozarbayjon to‘plamlaridagi O‘zbekiston madaniy merosi durdonalarining o‘ziga xosligi xususida to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni chuqurlashtirishda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining tutgan o‘rni haqida gapirib o‘tdi.

Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutiga “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi kitob-albomlarning 50 jildi tuhfa qilindi.

Tadbir ishtirokchilari Qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi. Mazkur ko‘rgazmada Ibn Sinoning 1258 yilda ko‘chirilgan “Tib qonunlari”, Alisher Navoiy hayotligida kitobat qilingan “G‘aroyib us-sig‘ar” devoni, “Boburnoma”ning XVII asrga mansub nusxasi va boshqa o‘nlab nodir qo‘lyozmalar o‘rin olgan.

Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasidagi uchrashuv chog‘ida Butunjahon jamiyati tomonidan nashr qilingan “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomlari, shuningdek, tarixiy shaxslar aks etgan Sharq miniatyuralarining faksimile nusxalari ham taqdim etildi.

Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Prezidenti, akademik Iso Habibbeyli bizni alohida izzat-hurmat bilan qarshi oldi. Butunjahon jamiyati va Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib oldik.

– Boku shahridagi Haydar Aliyev markazida ushbu kitob-albomlar taqdimoti qanday o‘tdi? 

– Darhaqiqat, Ozarbayjon xalqining umummilliy lideri Haydar Aliyev nomi bilan ataladigan bu markaz davlat ahamiyatiga molik, o‘ta muhim inshootlardan biri sanaladi. Bu yerda odatda mamlakat va Xalqaro miqyosdagi eng yirik tadbirlar o‘tkaziladi. Dastavval, ushbu muhtasham markaz zalini tomoshabinlar bilan to‘ldirish qiyin kechmasmikin, degan xavotir ham yo‘q emasdi. Ammo, markazning katta zali tomoshabinga to‘lib ketdi. Bu yerda “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi kitob-albomlar zalida “Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar” ko‘rgazmasi tashkil etildi. “O‘zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to‘plamlarida” kitob-albomi ishtirokchilari va mualliflari tanishtirilib, ularga tashakkurnomalar topshirildi. O‘zbekiston va Ozarbayjon san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi tomoshabinlarga xushnudlik ulashdi. Tadbir oxirigacha tomoshabinlar zalni tark etishmadi.

– Miniatyuralar orasida buyuk Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy asarlariga ishlangan suratlar ko‘proq ekan...

– 2022 yilda Butunjahon jamiyati olimlarni hamkorligida "Moniyni xijolatda qoldirgan Kamoliddin Behzod“ kitob-albomini chop etdik. Buyuk musavvir Behzod miniatyuralarining salmoqli qismi bevosita Nizomiy Ganjaviy asalariga ishlangan. Chunki temuriylar Nizomiy ijodini nihoyatda qadrlashgan. Hazrat Navoiy Nizomiyni o‘ziga ustoz, deb bilgan va uning “Xamsa” asariga javoban turkiy tilda besh dostonni yaratgan. Navoiyning 1492 yilda ko‘chirilgan ”Xamsa” qo‘lyozmasi ayni paytda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Unda Navoiy ustozi Nizomiy va boshqa shoirlar bilan bog‘da suhbatlashayotgani aks etgan miniatyura bor. Ushbu miniatyura ham Behzodning shoh asarlaridan hisoblanadi.

Yana bir qiziq misol – Mirzo Ulug‘bek ham Nizomiy asarlarini sevib mutolaa qilgan. Ulug‘bek topshirig‘iga ko‘ra ko‘chirilgan “Xamsa” qo‘lyozmasining bir varag‘i AQSHdagi san’at galereyasida saqlanadi. Unda Mirzo Ulug‘bek farzandlari davrasida o‘tirgani tasvirlangan.

Qizig‘i shundaki, Ulug‘bekning o‘limiga sababchi bo‘lgan o‘g‘li Abdulatif ham bu asarni qo‘ldan qo‘ymagan. “Ravzatus-safo” asarida yozilishicha, otasidan so‘ng taxtga o‘tirgan Abdulatif “Xamsa”ni varaqlayotib, Nizomiyning “padarkush podsho bo‘lolmaydi, bo‘lsa ham olti oydan ortiq taxtga o‘tirolmaydi”, degan satrlarni o‘qib dahshatga tushadi. Chindan ham, olti oy ichida Ulug‘bek tarafdorlari uni o‘ldirishadi. Bu ham Nizomiyning qanchalik Haqqa yaqin, avliyo inson bo‘lganini ko‘rsatadi.

Umuman, qardosh yurtga uch kunlik safarimiz esda qolarli, qiziqarli, foydali bo‘ldi. Shu uch kun ichida nafaqat Ozarbayjon, balki o‘zimizning hamyurtlarimiz, ustozlarimiz, yozuvchi va shoirlarimiz, san’atkorlarimiz bilan yanada yaqinlashdik, fikrlashdik. Bu safarimiz uchun mamlakatimiz rahbariyatiga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, delegatsiya rahbari Akmal Saidovga, bizga hamrohlik qilgan hurmatli senator va deputatlarimizga, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi xodimlariga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

– Mazmunli suhbat uchun tashakkur!

Rustam JABBOROV 

suhbatlashdi.

O‘zA

Powered by GSpeech