Misr ommaviy axborot vositalari o'z o'quvchilarini Alisher Navoiy ijodi bilan tanishtirmoqda

QOHIRA, 7-fevral. /"Dunyo" AA/. Misrning «Sada al-Balad» axborot agentligi akademik, yuridik fanlar doktori, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Akmal Saidovning ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag'ishlangan «Mamlakat ustuni, davlat tayanchi» sarlavhali maqolasini tarqatdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu yirik tahliliy maqola Alisher Navoiy faoliyati va Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov «Amir Alisher. Hayoti va faoliyati» nomli kitobida ilgari surilgan dalillar sharhiga bag'ishlangan.

Qayd etilganidek, bu yil 9-fevral kuni ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi keng nishonlanadi. Ushbu muborak sana bilan bog'liq madaniyat va ma'rifat tadbirlarining barchasi mantiqan bir-birini to'ldirib, el-yurtimiz ma'naviyatini yuksaltirishda ulkan ahamiyat kasb etishi tayin.

Muallifga ko'ra, Alisher Navoiy ma'rifatparvar shaxs sifatida o'zi yashagan davrda ham, keyingi davrlarda ham tarixiy manbalarda alohida qayd etilib, she'riy asarlarda keng ta'rif va tavsif qilingan. Besh asrdan ziyod muddat mobaynida buyuk shoirning hayot yo'li va ijodiy faoliyati haqida juda ko'p kitoblar yozilgan.

«Hazrat Alisher Navoiy asarlari mag'ziga singdirilgan hayotiy falsafa zamirida odamiylik va bag'rikenglik, ezgulik va adolatparvarlik g'oyalari o'z mujassamini topgan, — deb yozgan Akmal Saidov. — Yangi O'zbekistonni barpo etayotgan va uchinchi Renessans poydevorini tiklayotgan zamondoshlarimiz shunday ezgu fazilatlarning sohiblari bo'lishi farzu qarzdir. Nega deganda, O'zbekiston Prezidentining «Ma'naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak», degan chorlovi aynan shuni taqozo etadi».

Maqolada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ayni sohaning izchil fidoyi tadqiqotchisi va peshqadam mualliflaridan biri hisoblanishi ta'kidlangan.

«Bu fikrimizni olimning 2023-yilda nashrdan chiqqan «Amir Alisher. Hayoti va faoliyati» nomli kitobi ham yaqqol tasdiqlab turibdi, — deya davom etadi muallif. — Ushbu kitobda, muallifning o'zi ham e'tirof etganidek, «Alisher Navoiyning tarjimai holi eng qadimiy, ilk manbalarda berilgan ma'lumotlar asosida» yoritilgan. Bu ilmiy-tarixiy nuqtai nazardan juda muhim. Bunday yangicha amaliy qadamlar, avvalo, ma'naviyatimiz yuksalishi, ko'hna tariximiz tiklanishi uchun kerak».

Nashrda O'zbekiston Prezidenti bugungi murakkab va tahlikali hayot oldimizga qo'yayotgan vazifalardan kelib chiqib, ma'naviyat va ma'rifat sohasida qator dolzarb masalalarni hal etishga e'tiborni qaratib kelayotganiga urg'u berilgan. Shu ustuvor vazifalardan biri — o'zbek tilining davlat tili maqomini amalda kuchaytirishdir.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida ham o'zbek tilini o'qitish samarasini oshirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Milliy sertifikatga ega bo'lgan «O'zbek tili va adabiyoti» fani o'qituvchilariga yangi o'quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to'lanishi qayd etildi. Davlatimiz rahbari, shuningdek, boshqa tillarda ta'lim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini o'rganishga rag'batlantirish choralari ko'rilishini qayd etdi. Boshqa tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarda davlat tilini o'qitish soatlari ko'paytirilishi, o'zbek tili bo'yicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etilishi ta'kidlandi», - deb qayd etgan akademik.

Shu ma'noda, «Amir Alisher. Hayoti va faoliyati» kitobida buyuk ajdodimizning turkiy adabiy til asoschisi ekaniga oid qiziqarli ma'lumotlar taqdim etilgani diqqatga sazovor. Masalan, Alisher Navoiyning turkiy til mavqeini ko'tarish yo'lidagi kurashi haqida fikr yuritganda, birinchi navbatda, «Muhokamat ul-lug'atayn» asariga to'xtalish ayni muddaodir. Zero, ushbu asar timsolida uning muallifi tilimizning boy imkoniyatlarini ko'rsata olgan va arab hamda fors tillaridan hech qaysi jihatdan kam bo'lmagan go'zal va qudratli til ekanligini isbotlab bergan zabardast tilshunos olim sifatida o'zini yorqin namoyon etgan.

Muallifning yozishicha, akademik Shuhrat Sirojiddinov qalamiga mansub yangi kitobning «Amir Alisher va saroy» deb nomlangan ikkinchi qismi to'laligicha Navoiy bobomizning 35 yildan ortiq saroy xizmatida bo'lgan davri tafsilotlariga bag'ishlanganini xuddi shu omil bilan izohlash joiz.

«Ushbu kitob muallifning 2011-yilda nashr etilgan «Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili» monografiyasining mantiqiy davomidir. Chunki Navoiy hazratlariga bag'ishlangan yangi asarda oldingi kitobda tahlilga tortilmagan nodir tarixiy asarlar va tazkiralardagi ma'lumotlar atroflicha tahlil etilgani e'tibor va e'tirofga munosibdir», — deb yozilgan «Sada al-Balad» tarqatgan maqola intihosida.

Powered by GSpeech