YANGI O‘ZBEKISTON ORZUSI REAL HAQIQATGA AYLANMOQDA O‘tgan yil samaralari va joriy yildagi istiqbolli dasturlar qamrovi buni yaqqol tasdiqlaydi

Yakuniga yetgan yil el-yurtimiz uchun qut-barakali va omadli keldi. Eng muhimi, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik hukm surmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigida e’tirof etilganidek, 2023 yilda tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik. Kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirishni boshladik. Birgalikdagi mehnatimiz tufayli Yangi O‘zbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan o‘tgan yili mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida suhbatlashdik.

– Haqiqatan ham, 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda inson huquqlariga oid normalar uch baravardan ortiqqa oshirildi, – dedi A.Saidov. – Jumladan, Asosiy qonunimizning 20-moddasiga binoan: “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat  organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”.

E’tiborli jihati shundaki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir insonning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanib, fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Jahon mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada ta’minlandi.

  • O‘tgan yilda ustuvor davlat dasturlari doirasida Milliy markaz tomonidan qanday amaliy ishlar qilindi?

– Bu o‘rinda, dastavval, mamlakatimizda qabul qilinayotgan strategiya, konsepsiya va dasturlarda inson huquqlari va erkinliklarini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Xususan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2023 yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, xalqparvar davlatchilikni qaror toptirish orqali inson qadrini yuksaltirishga qaratildi.

Birinchidan, Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston—2030” strategiyasi BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir. Bu borada amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya bo‘yicha islohotlarda “Hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini ta’minlashga qaratilgan inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash masalasi asosiy o‘rinni egallaydi.

Ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonda 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi faol amalga oshirilmoqda. O‘tgan yil mart oyida ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi muhim qonun qabul qilindi. Oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Uchinchidan, 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi va Harakatlar dasturi amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ushbu dasturiy hujjatlarda chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirish, tergov sudyasi institutini joriy etish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish prinsipini hayotga tatbiq etish va sudyalar hamjamiyati organlarining rolini oshirish chora-tadbirlari ko‘zda tutilgan.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.

Milliy ta’lim dasturi tadbirlarini ijro etish doirasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy qilinmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha qo‘llanmalar va risolalarni doimiy ravishda chop etish yo‘lga qo‘yildi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim elektron platformasi ishga tushirildi.

Beshinchidan, davlatimiz rahbarining 2023 yil 12 maydagi Farmoni asosida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash bo‘yicha xalqaro kampaniyada O‘zbekiston faol ishtirok etdi. Milliy tadbirlar dasturi doirasida fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi normalari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish, yoshlar huquqlarini mustahkamlash ishlari bu borada katta ahamiyat kasb etdi.

  • Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi monitoringi qanday natijalarni ko‘rsatmoqda?

– Mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan yili xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini shakllantirish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarildi.

Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni davlat organlarining, xususan, huquqni muhofaza qilish faoliyatiga joriy etish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Nelson Mandela qoidalari qonunchilik va huquqiy amaliyotga tatbiq etilmoqda.

BMTning ustav organlari va shartnoma qo‘mitalari tavsiyalariga ko‘ra, “Ombudsman plyus” modeli asosida milliy preventiv mexanizm takomillashtirilmoqda. Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Biznes-ombudsmanga jazoni ijro etish muassasalarini monitoring qilish vakolati ham berilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyaning bajarilishi Milliy markaz tomonidan har chorakda monitoring qilib boriladi. Shu ma’noda, 2024 yil 5 yanvar holatiga ko‘ra, Milliy strategiyaning jami 78 ta bandidan 67 tasi bo‘yicha ijro muddati yakunlanganini qayd etish ayni muddaodir.

Boshqacha aytganda, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya hozirgi vaqtga qadar 85 foiz bajarildi. Xususan, 2023 yilda Milliy strategiya doirasida 10 ta qonun, Prezidentimizning 7 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 5 ta qarori qabul qilindi.

Shu bilan birga, Milliy strategiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, Milliy strategiya doirasidagi tadbirlar ijrosi muddatlarining cho‘zib yuborilishi hamda ishlab  chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlarning bugungi kunga qadar qabul qilinmaganligi holatlari mavjud.

Milliy markaz Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya ijrosini ta’minlashni nafaqat monitoring qilmoqda, balki ayni jarayonlarda bevosita ishtirok ham etmoqda. Masalan, 2023 yil davomida manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” faoliyati rivojlantirilmoqda. O‘tgan yili inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarga oid 14 ta to‘plam chop etildi.

  • O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy ma’ruzalarini tayyorlash yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirildi?

– Bugungi kunga qadar BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasining 46 ta milliy ma’ruzasi taqdim etilgan. Milliy ma’ruza loyihalari xalqaro-huquqiy amaliyotga muvofiq hamda milliy normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlarda va tartibda tayyorlanadi.

Shu ma’noda, 2023 yilda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha 3 ta milliy ma’ruza manfaatdor vazirlik va idoralar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda tayyorlanib, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim etildi.

Xususan, inson huquqlari bo‘yicha ma’ruzalarning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining umumiy asosiy ma’ruzasi tayyorlandi. Umumiy asosiy ma’ruza 2023 yil 30 may kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va BMT tegishli qo‘mitalariga taqdim etildi.

Umumiy asosiy ma’ruzada O‘zbekiston haqida umumiy ma’lumot, davlatning demografik, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy xususiyatlari, geosiyosiy xususiyatlari, tarixiy ma’lumotlar, aholi, iqtisodiyot, shuningdek, davlatning konstitutsiyaviy, siyosiy va huquqiy tizimi, qonun chiqaruvchi organ, Prezident, ijro etuvchi hokimiyat, sud hokimiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.

Shuningdek, 2023 yil 28 iyulda Milliy markaz tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Birinchi milliy ma’ruzasi tayyorlanib, BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga taqdim etildi.

Bundan tashqari, Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy hisoboti 2023 yil 7 avgust kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga taqdim etildi. O‘tgan yil 8-10 noyabr kunlari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 44-sessiyasida O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy hisoboti ko‘rib chiqildi.  

O‘tgan yili BMT Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiya bajarilishi bo‘yicha O‘zbekistonning Oltinchi milliy ma’ruzasi ham tayyorlandi. Ma’ruzani tayyorlashda 35 ta vazirlik va idora hamda 10 dan ortiq fuqarolik jamiyati instituti vakillari faol ishtirok etganligini alohida ta’kidlash lozim. Milliy ma’ruza 2024 yil 4 yanvarida BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasiga taqdim etildi.

BMT inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida manfaatdor davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonning 2 ta milliy harakatlar rejasi loyihalari ham ishlab chiqildi. Bu borada, shuningdek, Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan 5 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi monitoring qilindi.

Milliy harakatlar rejalarida inson huquqlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni va huquqiy amaliyotni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash, inson huquqlari sohasidagi statistika tizimini, inson huquqlarini ta’minlash mexanizmini rivojlantirish kabi tadbirlar o‘z ifodasini topgan.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning inson huquqlari bo‘yicha tavsiyalari ijrosi yuzasidan monitoring natijalari haqida ham muxtasar  to‘xtalsangiz.

– O‘tgan yilda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qabul qilingan qonunlarning yurtimiz hududlaridagi ijrosi monitoring qilindi. Bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tegishli davlat organlariga taqdim etildi.

           Misol uchun, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarining bajarilishi ustidan jamoatchilik monitoringini o‘tkazish maqsadida ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh a’zolari tomonidan Samarqand shahridagi xalqaro aeroport, temir yo‘l vokzali hamda avtobus bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit nuqtai nazaridan yaratilgan qulayliklar o‘rganildi.

Milliy markazda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalardan kelib tushadigan individual murojaatlar bo‘yicha ishlash tartibi va bu boradagi joriy holat qanday?

– Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalardan kelib tushadigan individual murojaatlar Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 4-bandiga muvofiq ko‘rib chiqiladi hamda O‘zbekiston hukumatining rasmiy javobi tayyorlanadi.

Binobarin, 2023 yilda Milliy markaz tomonidan manfaatdor davlat organlari bilan hamkorlikda BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasidan kelib tushgan jami 6 ta individual xabarnoma ko‘rib chiqildi. Ulardan to‘rttasi yuzasidan murojaatlarni qabul qilish mumkin emasligi,  qolgan ikkita xabarnomani mazmunan ko‘rib chiqish haqida javoblar tayyorlandi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalariga oid qanday raqamlarni taqdim eta olasiz?

– O‘tgan yili Milliy markazga jami 1 ming 430 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yildagi murojaatlarga qaraganda 9,9 foiz ko‘pdir. Murojaatlar taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan, shundan 129 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Monitoring natijalariga ko‘ra, o‘tgan yillardagi kabi 2023 yilda ham odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki  tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulk va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlar ko‘p tushgan.

Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga 2023 yil davomida 400 dan ortiq tavsiya taqdim etilgan. Ularning ko‘rib chiqilishi natijasida 25 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklangan, 62 ta holatda fuqarolarga huquqlari tiklanishida va qonuniy manfaatlarining amalga oshishida amaliy ko‘maklashilgan, 129 ta holatda fuqarolar bilan qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirish ishlari olib borilgan.

Shuningdek, 2023 yil davomida Milliy markaz qabulxonasida jami 500 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan. Bundan tashqari, telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 2 ming 800 nafardan ziyod fuqaroga huquqiy maslahatlar berilgan.

– Milliy markaz inson huquqlari bo‘yicha qonun ijodkorligi faoliyatida qanday ishtirok etmoqda?

– Inson huquqlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish va ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash vazifasi bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz ko‘lami ortib bormoqda. Jumladan, 2022 yilda Milliy markaz tomonidan jami 95 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 87 tani tashkil etdi.

Ayniqsa, 70 ta normativ-huquqiy hujjat project.gov.uz portali orqali ekspertizadan o‘tkazilganini alohida qayd etish maqsadga muvofiqdir.

Milliy markaz o‘tgan yilda 41 ta qonun, O‘zbekiston Prezidentining 5 ta farmoni va 7 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 14 ta qarori va 1 ta farmoyishi, 2 ta idoralararo buyruq loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazgan. Bu normativ-huquqiy hujjatlarning 36 tasini takomillashtirish bo‘yicha 100 dan ortiq taklif bildirilgan.

Milliy markaz bir qator qonun loyihalarining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro normalarga muvofiqligi yuzasidan xulosalar bergan. Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar ham tayyorlangan hamda tegishli tartibda taqdim etilgan.

Yanada muhimi, 2023 yilda Milliy markaz tashabbusi bilan bir qancha normativ-huquqiy hujjat loyihalari tayyorlandi. Xususan, 3 ta qonun loyihasi, Prezidentning 2 ta farmoni va 1 ta qarori loyihalari shular jumlasidandir.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1841-moddasining O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqligini ko‘rib chiqish yuzasidan murojaat tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga taqdim etildi. Mazkur murojaat Konstitutsiyaviy sud tomonidan o‘rganilgan.

Xulosa qilib aytganda, dunyoning turli mamlakatlarida global inqiroz va doimiy tangliklar oqibatida inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq ahvol keskin yomonlashgan murakkab davrda O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan qator sohalar, xususan, inson huquqlari sohasida amalga oshirilgan shiddatli islohotlar o‘z samaralarini bergani diqqatga sazovor. Bu fikrimizni 2023 yilda global iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, geosiyosiy qarama-qarshilik va harbiy mojarolarning salbiy oqibatlari va iqlim o‘zgarishi tahdidlariga qaramay, O‘zbekistonda inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar ko‘rilgani amalda tasdiqlab turibdi.

 

G‘ulom Mirzo suhbatlashdi

Powered by GSpeech