Ko‘hna zaminimiz odamlari ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, oliyjanoblik, bag‘rikenglik, mardlik, tantilik kabi ulug‘ xislatlar Konstitutsiyamizdan munosib o‘rin olgan. U umuminsoniy g‘oyalar – tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug‘ g‘oyalarga xizmat qiladi. Uzoq asrlar davomida bashariyat ming-minglab qoidalar va nizomlardan jamiyat uchun asosiylarini va o‘ta muhimlarini tanlab oldi. Aynan ana shu tanlab olingan qoidalar Konstitutsiyamiz yaratilishiga poydevor bo‘ldi. Konstitutsiyada bayon etilgan tushunchalar shu qadar ahamiyatliki, hech bir odam ularsiz yashay olmaydi, negaki insonning har kuni duch keladigan muammolarni hal etishga qaratilgan faoliyati ko‘pincha mamlakat asosiy qonuniga kiritilgan qoidalar va moddalarga bog‘liqdir.
O‘zbekiston o‘z oldiga adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, huquqiy demokratik davlat qurish va xalqni farovon hayot sari olib borish kabi buyuk maqsadlarni qo‘ydi. Bosh qomusimiz muqaddimasida inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqlik tantanali ravishda e’lon qilinib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyat anglangan holda, o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanilib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat namoyon etilib, xalqaro huquqning umume’tirof qilingan qoidalari ustunligi tan olingan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishini ta’minlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish ko‘zlanib, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Shu maqsadlarni ko‘zlab qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bugungi kunda mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati bo‘lib kelmoqda. Bosh qomusimizning yangi tahriri 2023-yilning 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan. U 6 bo‘lim, 27 bob va 155 moddadan iborat bo‘lib, ularda inson hayoti, ish tajribasi, sog‘ligi, umuman, jamiyatning barcha nuqtalarining qonuniy asosi haqida aniq bandlar qayd etib qo‘yilgan. Shuni aytib o‘tish joiz, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ro‘y berayotgan barcha o‘zgarish va yangilanishlar asosi, milliy qonunchiligimiz poydevori bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jahon hamjamiyatida zamonaviy demokratik qonunchilik namunasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda davlatni jamiyatga, xalqqa xizmat qiluvchi institutga aylantirish, uning faoliyatini qonunlarga tayanib qurishga qattiq kirishilgan, desak xato bo‘lmaydi. Fuqaro – jamiyat – davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning oqilona va adolatli huquqiy yechimi Konstitutsiyadir.
Konstitutsiyaning dastlabki moddalarida mamlakatning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat oldida mas’ul ekanligi, o‘zbek tilining Davlat tili ekanligi, davlat ramzlari haqida to‘xtalib o‘tilgan. Bu esa shubhasiz, aniq manzil va aniq yo‘lni belgilab berishi tabiiy. Ular davlatning asosini belgilar ekan, qomusimizning dastlabki moddalarida ham tilga olingan.
Inson o‘z haq va huquqlari haqida Konstitutsiyaning 2-bo‘limi orqali batafsil ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Aynan 19-moddada “O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart” deyilgan. Ya’ni mamlakatda yashaydimi, har bir inson qanday millat va dinga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar qonun oldida teng ekanligi, imtiyozlar esa doimiy ravishda qonunga muvofiq belgilanishi qayd etilgan. Shubhasiz, bu hamma qonun olida bir xil ekanligi va har qanday vaziyatda bir xil javob berishini anglatadi.
Har bir shaxs mamlakat Konstitutsiyasini to‘la anglagan holda, qonunlar va huquqiy me’yorlarda, avvalo mamlakat Konstitutsiyasida shaxs va jamiyatning huquqiy ongi qanchalik to‘la aks ettirilganligini bilsa Konstitutsion Qonunlarimiz shunchalik hayotiy va samarali bo‘ladi.
Darhaqiqat, Konstitutsiya Vatan hayotining poydevori bo‘lsa, Qonunlar uning ustunlaridir. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, Konstitutsiyaga xilof ishlar, Qonunlarning har qanday buzilishi Vatanga qarshi qilingan xurujdir. Konstitutsiyani, Qonunlarni himoya qilish esa, Vatanni himoya qilishdir. Konstitutsiya va Qonunlarni himoya qilish uchun esa, avvalo ularni mukammal bilish kerak. O‘zi bilmagan va tushunmagan narsani qanday himoya qilish mumkin. Shuning uchun ham, hozirgi kunda vatanparvarlikning muhim shartlaridan biri uning Konstitutsiyasi va Qonunlarini sinchiklab o‘rganish, to‘la anglab yetishlidir.
Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, davlatimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrash, asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati juda katta hisoblanadi. Yosh avlod qalbida ona Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘ularini jo‘sh urdirish, Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash esa bizning asosiy burchimizdir.
Sevara ISHMURATOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Umumiy bo‘lim boshlig‘i
"Huquq va Burch" jurnali 2023-yil №12
- Qo'shildi: 22.02.2024
- Ko'rishlar: 2826
- Chop etish