Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi doirasida tashkil etilgan qizg‘in munozaralarga boy uchta yalpi majlis iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilish imkonini berdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Forum ishiga yakun yasar ekan, shu haqda so‘z yuritdi.
Forumda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratildi. Bu boradagi jonli munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o‘zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko‘maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo‘lib xizmat qildi.
Samarqand forumi yakunlari bo‘yicha bir qator muhim natijalar qayd etildi. Xususan, Forum ishtirokchilari o‘rtasida aloqa tarmog‘ini o‘rnatish va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, inson ekologik huquqlari sohasida doimiy axborot almashish va hamkorlik qilish uchun platforma yaratishga kelishib olindi.
Hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati uchun iqlim o‘zgarishining inson huquqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi va qizg‘in muhokama qilindi. Iqlim o‘zgarishi va inson huquqlari o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida jamoatchilik xabardorligini oshirish maqsadida ta’lim va axborot sohasidagi ishlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Forum tavsiyalarini bajarish uchun uning ishtirokchilari, shu jumladan, hukumatlar, tashkilotlar va fuqarolik jamiyatiga oldida aniq majburiyatlar belgilab berildi. Forumdan keyingi davrda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga samarali javob berish uchun tavsiyalarni amalda qo‘llashga qaratilgan strategiya va harakat rejalari tasdiqlandi.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyasi bilan inson huquqlari ta’minlash istiqbollariga doir vazifalarni birlashtirish bo‘yicha innovatsion tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Eng asosiysi, xalqaro anjuman doirasida turli mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini yanada samarali himoya qilish borasida o‘zaro tajriba va bilim almashinuviga ko‘maklashildi.
Forumning yakuniy hujjati – «Iqlim o‘zgarishlari sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak yo‘lidagi majburiyatlar va sa’y-harakatlar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi» loyihasi ishlab chiqildi.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqlarida mazkur Forumni o‘tkazish tashabbusini ilgari surganligi uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi tavsiyalarini BMT Bosh kotibiga va boshqa xalqaro tashkilotlarga taqdim etishga kelishib olindi.
Forum yakunida uning ishtirokchilari qadimiy va navqiron Samarqand zaminiga ezgu niyat bilan nihollar ekdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.06.2024
- Ko'rishlar: 1871
- Chop etish