Yaqinda “Ona diyor yog‘dusi” nashriyoti tomonidan iste’dodli adib Shoxrux Akbarov qalamiga mansub “Agar dardim bayon etsam...” nomli tarixiy-hujjatli romanning to‘ldirilgan ikkinchi nashri chop etildi. Xalqaro andozalarga mos ravishda yuksak did va yuqori sifat bilan nashr etilgan ushbu kitob bir qarashda kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Uning sarlavhasini o‘qigan inson xayoliga eng avvalo ilohiy ishq kuychisi Boborahim Mashrabning mashhur g‘azali keladi:
“Agar dardim bayon etsam, kuyib jonu jahon o‘rtar”.
“Bir mudhish tuhmat tafsiloti” deya tagsarlavha qo‘yilgan ushbu romanni mutolaa qilar ekansiz, haqiqatdan ham, undagi hayotiy dard olovi adibning mahorat qalami vositasida ruhingizga singib, qalbingizni “o‘rtab borayotganini” his qilasiz.
Ushbu tarixiy-hujjatli romanda 1966 – 1972-yillarda O‘zbekiston Oliy sudi raisi bo‘lib ishlagan, sobiq SSSR prokuraturasi tergov guruhi va boshqalar tomonidan to‘qib chiqarilgan ayblar asosida 10-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm qilingan, mustaqilligimiz sharofati bilan oqlangan zakiy huquqshunos Sa’dulla Po‘latxo‘jayevning boshidan o‘tgan sinovli kunlar, hayotiy voqealar aniq dalillar asosida bayon etilgan.
Roman muallifi Shoxrux Akbarov badiiy adabiyotda ham, publitsistikada ham asosan huquqiy mavzudagi asarlari bilan tanilgan. Uning “Odam qiyofasidagi bo‘rilar”, “Tuzoq”, “Kasbi-korim adolat bo‘ldi”, “Men o‘zbekman”, “Siz bilgan va bilmagan huquqshunoslar” kabi huquq sohasi bilan bog‘liq kitoblari xalqimizga manzur bo‘lgan. Shoxrux Akbarov “Agar dardim bayon etsam...” romanini mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining birinchi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Ubaydulla Mingboyevning tavsiyasi bilan, uning maslahatlari asosida yozgan. Kitobning dastlabki nashri 2009-yilda chop etilgan va adabiy jamoatchilikning yuqori bahosiga sazovor bo‘lgan.
Muallif ortda qolgan yillar davomida ushbu romanni dalillar bilan yanada boyitib va sayqallab borgani tahsinga loyiq. Uning to‘ldirilgan ikkinchi nashri “Inson qadrining ulug‘lanishi” bobi hamda kitob mazmunini boyituvchi yangi tarixiy suratlar bilan boyitilgan. “Dildagi gaplar” bobida esa kitobning birinchi nashriga yozilgan taqrizlar ham taqdim etilgan.
Kitob davlat va jamoat arbobi, taniqli yurist Ubaydulla Mingboyevning so‘zboshisi bilan boshlangani bejiz emas. Sababi sobiq sho‘ro tuzumining qatag‘on siyosati iskanjasida tuhmat va yasama ayblar bilan ozodlikdan mahrum etilib, 1974 – 1981-yillarda nohaq jazo muddatini o‘tagan atoqli yurist Sa’dulla Po‘latxo‘jayevning pok nomi oqlanishida – adolat qaror topishida Ubaydulla akaning ham hissasi katta. Mamlakatimiz davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi etib saylangan Ubaydulla Mingboyev boshchiligida sobiq SSSR Oliy sudida ko‘rilgan va adolatsiz hukm chiqarilgan ko‘plab ishlar qatorida Sa’dulla Po‘latxo‘jayevning ham ishi qayta o‘rganilib, 1994-yilda Oliy sud Plenumida oqlov hukmi chiqariladi.
Kitob so‘zboshisi nihoyatda teran mazmun bilan ravon uslubda yozilgan. Romanning mohiyati, yozilish tarixi va bugungi kundagi ahamiyati so‘zboshida to‘liq ochib berilgan. Muallifning mahorati va romanning muvaffaqiyati xususida, jumladan, shunday deyilgan: “E’tirof etishim joizki, muallif Po‘latxo‘jayevning boshiga tushgan tuhmatlarning ildizlarini, bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsam, anatomiyasini ochib berishning uddasidan chiqqan. Ushbu kitobda qatag‘onlar davrining mudhish siyosati sud va prokuratura organlarining qat’iyatli va fidoyi rahbarlarini ham chetlab o‘tmaganini ko‘rsatishga muyassar bo‘lindi”.
Darhaqiqat, romanni mutolaa qilgan inson sho‘ro tuzumining mudhish qatag‘on siyosati kattayu kichikni ayab o‘tirmaganini, qonun himoyachilarining o‘zini qonunni buzishga majburlab, adolatsizlikka qarshi chiqqan kishilarni, ular xodim yoki rahbar bo‘lishidan qat’i nazar, qattiq jazoga giriftor etganini chuqur qayg‘u bilan o‘qiydi. O‘ttiz ikki yoshida general darajasiga yetgan, prokuratura va sud tizimidagi faoliyatida adolat ustuvorligini ta’minlashga intilgan Sa’dulla Po‘latxo‘jayevning bukilmas irodasi va qat’iyati kitobxonni qoyil qoldiradi.
Sa’dulla Xo‘jayevich Po‘latxo‘jayev 1930-yil 30-mayda Toshkent shahrida tavallud topgan. Uning bolalik va o‘smirlik davri oson kechmagan: uch yoshida otasidan va to‘ng‘ich akasidan ayrilgan. O‘quvchilik yillari esa ikkinchi jahon urushi davriga to‘g‘ri kelgan. Bolaligidanoq hayot mashaqqatlarini yengib, maqsadi sari dadil odimlashga o‘rgangan Sa’dulla aka 1947-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti – hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirgan. 1952-yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlagan.
Sa’dulla aka mehnat faoliyatini 22 yoshida Namangan viloyati Uychi tumani prokurorining yordamchisi lavozimida boshlagan. Adolatparvarligi, shaxsiy fazilatlari, keng bilimi va dunyoqarashi bilan prokuratura tizimida e’tibor qozonib, Respublika prokurorining o‘rinbosari darajasigacha erishgan.
1965-yilda atoqli yurist, akademik Xadicha Sulaymonovaning tavsiyasi bilan mamlakat rahbari Sharof Rashidovning suhbatidan o‘tgach, O‘zSSR Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. 1966 – 1972-yillarda esa O‘zSSR Oliy sudi raisi sifatida samarali va fidokorona mehnat qiladi.
Sa’dulla aka O‘zSSR Oliy sudi raisi sifatida eng avvalo sud mustaqilligini amalda ta’minlashga harakat qilgan. Romanda qayd etilganidek, “Qonunda sudning mustaqilligi belgilangan bo‘lsa-da, amalda bu mustaqillikni ta’minlash qiyin, nafaqat qiyin, balki ba’zan buning mutlaqo iloji bo‘lmay qolardi. Partiya organlari sud ishlariga tap tortmay aralashar, u yoki bu ishning yechimini sud qarori chiqquncha hal qilib qo‘ygan hollar ko‘p edi. Tabiiyki, bu adolatli qaror chiqarishda sudga katta to‘sqinlik qilar edi”.
Sho‘ro tuzumi davrida partiya organlariga qarshi borish oqimga qarshi suzishdek murakkab bo‘lsa ham, Sa’dulla aka qonunga va adolatga tayangan holda, sudlar mustaqilligini ta’minlash, sudyalar obro‘-e’tiborini oshirishda sezilarli natijalarga erisha olgan.
Qat’iyatli, to‘g‘riso‘z, pok iymonli Sa’dulla aka hayotining eng qaltis lahzalarida ham insoniylikni ustun qo‘yib, vijdoniga zid xatti-harakatlarni sodir etmagan. G‘alamis kimsalarning nog‘orasiga o‘ynab, o‘zi hurmat qilgan insonga tuhmat qilmagani uchun birin-ketin og‘ir sinovlarga duch kela boshlagan. Avval lavozimidan ayrilgan, keyin partiyadan chetlatilgan va to‘qima ayblar, tuhmatlar bilan hibsga olingan. Olis Mari avtonom viloyatining Marki shahridagi koloniyada jazo muddatini o‘tagan.
Boshidan tegirmon toshini yurgizishsa ham, vijdonini sotmagan, adolat ertami-kech baribir qaror topishiga ishongan va metin iroda bilan nohaqlikka qarshi kurashgan Sa’dulla aka timsolida muallif odamiylik insonning eng ulug‘ fazilati ekanini ta’kidlagan.
Roman o‘tkir va dramatik voqealarga boy. Eng muhimi, bu voqealar adibning tasavvuri mahsuli emas, balki to‘laligicha hayotdan olingan. Buni sahifalar orasida izohi bilan berilgan hujjatlar, shuningdek, roman qahramonlarining rasmlari ham tasdiqlaydi.
Kitobxon romanni mutolaa qilar ekan, o‘tgan asrning 70-80-yillarida yurtimizning qanchadan-qancha jasur hamda vatanparvar insonlarini domiga tortgan mudhish qatag‘on siyosatini ko‘z oldiga keltiradi. Uni bugungi tinch va farovon turmush bilan solishtirib, istiqlol atalmish oliy ne’matning qadrini yanada teranroq anglaydi.
Nihoyatda katta dard va fojia ifodalangan ushbu roman yakunida ezgulik g‘alaba qozongani, haqiqat va adolat g‘olib bo‘lgani – hayotning azaliy qonunidir. Chunki quyoshni kaft bilan yashirib bo‘lmaganidek haqiqatni ham yolg‘on bilan berkitib bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytganda, “Agar dardim bayon etsam...” tarixiy-hujjatli romani hayot haqiqati ifodalangan, tarixiy voqea-hodisalar xolislik bilan yoritilgan, davlat va jamoat arbobi, atoqli yurist Sa’dulla Po‘latxo‘jayevning ibratli hayoti, matonati va jasorati hikoya qilingan durdona asar sifatida beqiyos ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev ta’kidlaganidek, “Bunday asarlar avlodlar o‘rtasidagi rishtalarning mustahkamlanishiga, odamiylik sifatlarining, kasbiy mahorat sirlarining yoshlarga bezavol yetkazilishiga xizmat qilishi shubhasiz”.
Akmal SAIDOV,
akademik
- Qo'shildi: 19.07.2024
- Ko'rishlar: 1408
- Chop etish